400-modda. O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarning daromadlariga soliq solish to‘lov manbaida to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasining ichkarisida yoki tashqarisida qilinganligidan qat’i nazar amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘lgan jismoniy shaxslarning daromadlariga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini hisobga olgan holda soliq solinadi, bundan soliqni undirish o‘zarolik prinsipi bo‘yicha tugatilishi yoki cheklanishi mumkin bo‘lgan hollar mustasno.
O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘lgan jismoniy shaxsga daromadlarni to‘lash to‘lov manbaida soliqni ushlab qolmasdan yoki ushbu Kodeksning 6-moddasiga muvofiq ikkiyoqlama soliq solishga yo‘l qo‘ymaslik masalalarini tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalariga va xalqaro shartnomalar bo‘yicha soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlashning oldini olishga doir maxsus qoidalarga muvofiq pasaytirilgan stavkani qo‘llagan holda amalga oshiriladi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 6-moddasi. Oldingi tahrirga qarang. Soliq summasi ushlab qolinmaganligi yoki O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining qoidalari g‘ayriqonuniy tarzda qo‘llanilishi mazkur soliq ushlab qolinmasligiga yoki to‘liq ushlab qolinmasligiga sabab bo‘lgan taqdirda, Kodeksning ushbu bo‘limiga muvofiq soliq agenti deb e’tirof etilgan shaxslar tomonidan ushlab qolinmagan soliq summasini va u bilan bog‘liq penya summasini qonunchilikka muvofiq budjetga kiritilishi shart.
(400-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Ushbu Kodeksning qoidalariga muvofiq soliq agenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasining norezidenti daromadlaridan hisoblab chiqarilgan soliq summasi undan ushlanmasdan o‘z mablag‘lari hisobidan to‘langanda, soliq agentining soliqni to‘lov manbaidan ushlab qolish va ko‘chirib berish majburiyati bajarilgan hisoblanadi.