84-modda. Soliq hisobotini saqlash muddati Soliq to‘lovchilar va soliq agentlari soliq organlariga soliq hisobotini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, ushbu hisobot taqdim etilgan yildan keyin kamida besh yil saqlashi shart.
Oldingi tahrirga qarang. Agar soliq to‘g‘risidagi qonunchilik soliq stavkasini qo‘llashni, to‘lanadigan soliq miqdorini, soliq imtiyozini yoki soliq chegirmasini qo‘llashni va (yoki) soliqni to‘lash muddatini o‘zgartirishni soliq to‘lovchining muayyan shartlarga rioya etishi bilan bog‘lasa, ushbu soliq to‘lovchi barcha tasdiqlovchi hujjatlarni mazkur shartlarning amal qilishi tugaydigan yildan keyin kamida besh yil saqlashi kerak. Bunday tasdiqlovchi hujjatlar jumlasiga, xususan, ushbu soliq bo‘yicha soliq hisoboti, unga ilova qilinadigan hujjatlar, shuningdek ko‘rsatilgan shartlarga yoki majburiyatlarga rioya etilganligini tasdiqlovchi hujjatlar kiradi. Ushbu qismning qoidalari, agar ko‘rsatilgan shartlar yoki majburiyatlar vaqtinchalik tusga ega bo‘lsa va ularga rioya etilishini hujjatlar bilan tasdiqlashni talab qilsa, qo‘llaniladi.
(84-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) III BO‘LIM.
SOLIQ MAJBURIYATINI BAJARISh 9-bob. Soliq majburiyatini bajarishning umumiy qoidalari Oldingi tahrirga qarang. 85-modda. Soliq majburiyati Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik bilan soliq to‘lovchilar zimmasiga yuklatilgan soliqlarni va yig‘imlarni to‘g‘ri hisoblab chiqarish hamda o‘z vaqtida to‘lash majburiyati ularning soliq majburiyatidir.
Soliq to‘g‘risidagi qonunchilik bilan soliq agentlarining zimmasiga yuklatilgan, o‘ziga nisbatan ushbu shaxslar soliq agentlari deb e’tirof etiladigan munosabatlar doirasida soliqlarni to‘g‘ri hisoblab chiqarish, ushlab qolish va o‘z vaqtida o‘tkazish majburiyati soliq majburiyatiga tenglashtiriladi.
Soliq majburiyati ushbu Kodeks yoki boshqa soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan asoslar mavjud bo‘lganda yuzaga keladi, o‘zgartiriladi va tugatiladi.
Har bir soliqqa nisbatan soliq majburiyati soliq to‘lovchiga soliq to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan ushbu soliqni to‘lashni nazarda tutuvchi holatlar yuzaga kelgan paytdan e’tiboran yuklatiladi.
(85-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 8, 86 — 88-moddalari.