18-modda. Maxsus soliq rejimlari Oldingi tahrirga qarang. Soliq to‘lovchilarning ayrim toifalari uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida quyidagi maxsus soliq rejimlari belgilanadi:
1) aylanmadan olinadigan soliq;
2) mahsulot taqsimotiga oid bitimlar ishtirokchilariga soliq solishning alohida tartibi;
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 69-bobi. 3) maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga soliq solishning alohida tartibi;
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning XXI bo‘limi. 4) O‘zbekiston Respublikasining ayrim hududlarida soliq solishning alohida tartibi.
(18-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-714-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 15.09.2021-y., 03/21/714/0874-son) Oldingi tahrirga qarang. Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga va ayrim toifadagi soliq to‘lovchilarga soliq solishning alohida tartibi qonunchilikda yoki investitsiya bitimlarida nazarda tutilgan investitsiyalarni amalga oshirish hamda boshqa shartlarni bajarish bilan bog‘liq holda muayyan muddat uchun belgilanadi.
(18-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Maxsus soliq rejimlari ayrim soliqlarni to‘lashdan ozod etishni, pasaytirilgan soliq stavkalarini va boshqa soliq imtiyozlarini qo‘llashni nazarda tutishi mumkin.
3-bob. Soliq munosabatlarining subyektlari, ularning huquqlari va majburiyatlari 19-modda. Soliq munosabatlarining subyektlari va hujjatlar almashish tartibi Soliq to‘lovchilar, soliq agentlari va vakolatli organlar soliq munosabatlarining subyektlaridir.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 20, 23 va 25-moddalari. Soliq organlari, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, hujjatlarni elektron hujjat tarzida soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga yuboradi. Yuborilgan hujjatlar soliq to‘lovchi tomonidan o‘qib chiqilganidan keyin, lekin ushbu hujjat jo‘natilgan sanadan e’tiboran uch kundan kechiktirmay olingan deb hisoblanadi.
Agar soliq to‘lovchida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti mavjud bo‘lmasa, hujjatlar buyurtma xat qilib pochta orqali yuboriladi va ular jo‘natilganidan so‘ng besh kundan keyin olingan deb hisoblanadi.
Hujjatlar soliq to‘lovchiga yoki uning vakiliga shaxsan mazkur hujjatlar olingan sana ko‘rsatilgan holda imzo qo‘ydirib topshirilishi mumkin.
Soliq to‘lovchilar, ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda, soliq organlariga hujjatlarni mazkur moddaning ikkinchi — to‘rtinchi qismlarida ko‘rsatilganiga o‘xshash tartibda yuboradi. Bunda ushbu hujjatlar soliq organlariga soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuborilganda — jo‘natilgan kun, pochta orqali yuborilganda besh kundan keyin olingan deb hisoblanadi.
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hujjatlarning, elektron hujjat aylanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan hujjatlarning shakllari, mazkur hujjatlarning shakllarini to‘ldirish tartibi, bunday hujjatlarni qog‘ozda yoki telekommunikatsiya kanallari orqali elektron shaklda yoxud soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali yuborish hamda olish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
LexUZ sharhi Qarang: Davlat soliq qo‘mitasining 2016-yil 12-iyuldagi 2808-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Moliyaviy va soliq hisobotlarini aloqaning telekommunikatsiya kanallari vositasida davlat soliq xizmati organlariga taqdim etish tartibi to‘g‘risida”gi nizom.