Davlat tuzilmalarining shakllanish shart-sharoitlari va omillari. Davlat, davlatchilik o‗z mohiyati bilan insonlarning dolzarb talablarini, tub ehtiyojlarini
amalga oshirishga, ularning huquqlarini himoya qilishga, jamiyatda barqarorlik o‗rnatish va uni saqlashga mo‗ljallangan dargoh, u muayyan jamoa, elat, xalq tomonidan tashkil etilgan maxsus
guruh bo‗lib, uning ma'lum huquqlarga ega bo‗lgan vakillar mavjud. Davlat jamiyatga
tashqaridan, zo‗rlab kiritilgan emas, balki ishlab chiqarish munosabatlarining rivojlanishi va
taraqqiy etishi natijasida jamiyatnig o‗zida vujudga kelgan. Davlat siyosiy tashkilot sifatida
jamiyatni uyushtiradi, hokimiyat bilan xalqni uyg‗unlashtirishga harakat qiladi. Bir faylasuf
«davlatni barpo qilishdan maqsad odamlarga jannat yaratish emas, balki jamiyatda do‗zax
bo‗lishiga yo‗l qo‗ymaslikdir», degan ekan. Alloma xaqdir. Chunki, jamiyatda barqarorlik
bo‗lsa, odamlar farovon hayotni o‗z mehnatlari bilan yaratadilar.
Davlatlar kelib chiqishiga ko‗ra, birlamchi yoki ikkilamchi davlatlarga bo‗linadi. Birlamchi
davlatlar deb, o‗zga davlatlarning ta'sirisiz, mustaqil tarzda yuzaga kelgan davlatlarga aytiladi.
Ikkilamchi davlatlar o‗zga davlatlarning ta'siri ostida yuzaga kelgan davlatlar hisoblanadi.
O‗zbek xalqi ajdodlarining ilk davlatchilik tizimiga o‗tish jarayoni mil. avv. 2 ming
yillikning o‗rtalarida boshlandi. Ilk davlatlar paydo bo‗lishining asosiy omillari sifatida
quyidagilarni aytish mumkin:
Kishilik jamiyatining ishlab chiqarish munosabatlarida mehnatning dastlabki yirik taqsimoti,
buning natijasida ijtimoiy – iqtisodiy hayotdagi siljishlar va o‗zgarishlar. Ma'lumki, so‗nggi
bronza davrida (mil. avv. 2 ming yillik) mehnatning dastlabki yirik taqsimoti ro‗y beradi.
Chorvachilik dehqonchilikdan ajralib chiqadi. Iqtisodiy hayotdagi siljishlar tufayli ortiqcha
mahsulot paydo bo‗lib, bu mahsulot ma'lum shaxslar qo‗lida to‗plana boshlaydi. Odamlar
orasida mulkiy tengsizlik holatlari yuzaga kela boshladi.
Jamiyat va davlatning bosh yacheykasi hisoblangan oilaning yuzaga kelishi. Ota urug‗i –
patriarxat davridan (miloddan avvalgi 3 ming yillik) boshlab urug‗chilik munosabatlari ham
o‗zgarib boradi. Ikki urug‗ a'zolaridan tashkil topgan er – xotin – juft oilalar vujudga keladi.
Buning natijasida mulkchilikda ham o‗zgarishlar sodir bo‗la boshladi. Katta patriarxal oilalar
urug‗ jamoalaridan ajralib chiqadi, ularga urug‗ jamoalariga qarashli yerlardan chek yerlari
ajratib beriladi. Shu tariqa urug‗ jamoasining umumiy xo‗jaligi oilalar jamoasiga bo‗linadi.
Bunday oilalar jamoasi ishlab chiqarish jamoalari deb ham ataladi. Xo‗jalikning ishlab
chiqaruvchi shakllari bo‗lgan dehqonchilik va chorvachilik, shuningdek, hunarmandchilik va
mol ayirboshlashning rivojlanishi urug‗ va qabilalar ichida ayrim to‗q oilalarning vujudga
kelishiga olib keldi. Mulkiy tabaqalanish kengayib bordi.
«Avesto» ma'lumotlariga ko‗ra, O‗rta Osiyoda jamiyatning asosini katta patriarxal oilasi
tashkil etgan. Bu «nmana» deb atalgan. Shunday oilaning bir nechtasi urug‗ jamoasini — «vis»ni
tashkil etgan. Hududiy qo‗shnichilik jamoasi «varzana» deb atalgan. Bunday jamoalar birlashib
qabilani — «zantu» ni tashkil etgan. Qabilalar o‗rtasida muntazam kelishmovchiliklar bo‗lib
turgan. O‗z hududlarini himoya qilish maqsadida bir necha yirik qabilalar muayyan hudud
(viloyat) da birgalashib yashaganlar. Bu birlashma dahyo(yu) degan nom olgan. Bu viloyatlarni
boshliq («qavi») boshqargan. Ushbu viloyatlar dastavval harbiy – siyosiy birlashma sifatida
paydo bo‗lgan. Ular o‗zi yashagan hududni mudofaa qilgan. Sug‗orish ishlarini uyushtirgan va
boshqarib borgan. Qabila boshliqlari vaqti – vaqtida to‗planib, kengashib turishgan. Bular
dastlabki davlatchilikning alomatlari edi. Iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot jarayonida jamiyatning
siyosiy tuzilmasi davlat va uni boshqaruv tizimi muttasil takomillashib borgan.
Davlatlar paydo bo‗lishining navbatdagi omili – osiyocha ishlab chiqarish usuliga
asoslangan «Sharq yo‗li» bo‗lib, unda iqtisodiyotning asosini sug‗orma dehqonchilik tashkil
etgan. Ishlab chiqarishning osiyocha usuli mil.avv. V ming yillikdan milodiy I asrgacha daryolar
vodiylarida joylashgan Misr, Bobil,
Xitoy, Hindiston, O‗rta Osiyo kabi
hududlarda
yoyilgan.
Davlat
tuzilmasining «evropacha yo‗li»
yevropa
hududida
mil.avv.
V
asrdan boshlab milodiy III asrgacha
qadimgi yunon polislarida mavjud
bo‗lgan. Ularda xususiy mulkchilik
shakllanishi tufayli kelib chiqqan
jamiyatning
ijtimoiy
mulkiy
tabaqalanishuvi jarayoni (tabaqalar
shakllanish jarayoni) asosiy omil
bo‗ldi. Milloddan avvalgi IV ming
yillik eneolit davridayoq O‗rta
Osiyoning janubida sug‗orma dehqonchilik vujudga keldi, anhorlar va ariqlar ochildi, unumdor
yerdan keng foydalanib, turli o‗simliklar (arpa, bug‗doy, javdar) ekildi, mevachilik ham
rivojlandi. Bronza davrida esa sun'iy sug‗orishga asoslangan dehqonchilik O‗rta Osiyo
xo‗jaligining asosini tashkil etdi. Sug‗orma dehqonchilikning yuqori unumdor shakllari
jamiyatda hal qiluvchi o‗zgarishlarga olib keldi. Xususan, dehqonchilik rivoji natijasida
qo‗shimcha mahsulot va xususiy mulk ko‗rinishlari paydo bo‗ldi. Tadqiqotchilarning fikrlariga
qaraganda, sun'iy sug‗orishga asoslangan dehqonchilik O‗rta Osiyo xo‗jaligining asosi
hisoblanib, bu jarayon janubiy Turkmaniston, Tojikiston va O‗zbekistonning janubida bronza
davrida, Toshkent vohasi, Farg‗ona vodiysi hududlarida esa ilk temir davrida shakllanib
rivojlandi. O‗rta Osiyoda ilk davlat uyushmalari sun'iy sug‗orish birmuncha qulay bo‗lgan
Amudaryo (yuqori, o‗rta, quyi) oqimlari bo‗ylarida, Murg‗ob vohasida, Zarafshon va
Qashqadaryo vohalarida shakllanib rivojlanadi. Bunday holatni dunyo tarixidagi dastlabki
davlatlar – Misr (Nil) va Mesopotamiya (Dajla va Frot) misolida ham kuzatish mumkin.
Ilk davlatlarning paydo bo‗lishida suniy sug‗orishga asoslangan dehqonchilik xo‗jaligi bilan
bir qatorda hunurmandchilik, o‗zaro ayirboshlash, savdo – sotiq va madaniy aloqalarning ham
ahamiyati nihoyatda katta bo‗lgan. Dastavval shuni aytish joizki, O‗rta Osiyo hududlarida
yashagan aholi qadimgi davrlardan boshlab o‗zaro munosabatlarni rivojlantirib kelganlar.
Bronza davriga kelib shimoldagi ko‗chmanchi chorvador qabilalar va janubdagi o‗troq
dehqonchilik aholisi o‗rtasida o‗zaro mol ayirboshlash va madaniy aloqalar yanada jadallashadi.
Bu o‗rinda o‗sha davrda shakllanib keyinchalik ancha rivojlangan qadimgi yo‗llarning ahamiyati
beqiyos bo‗ldi. O‗rta Osiyo qadimgi aholisi mintaqadan tashqari qo‗shni davlatlar bilan ham
o‗zaro aloqalarni rivojlantirganlar. Bu o‗rinda shuni ta'kidlash joizki, qimmatbaho Badaxshon
(Tojikiston) lojuvard toshlari mil avv. III ming yillikdayoq Mesopotamiya va Misr shaharlarida
nihoyatda qadrlangan va bu hududlar bilan o‗zaro mol ayirboshlash munosabatlari o‗rnatilgan.
Undan tashqari, Mesopotamiya, Misr, Hindiston, Eron, O‗rta Osiyo yodgorliklaridagi so‗nggi
bronza va ilk temir davri topilmalaridagi juda ko‗pgina o‗xshashliklar bu hududlar o‗rtasidagi
o‗zaro iqtisodiy va madaniy aloqalardan dalolat beradiki, bu jarayon ham ilk davlatchilikning
asosiy omillaridan biri hisoblanadi.