110. Poezd kelishidan oldin stansiya navbatchisi uni qabul qilish uchun avvaldan marshrut tayyorlaydi va kirish signalini ochadi. Poezd stansiyaga kelganidan so’ng jezl stansiya navbatchisiga topshiriladi. Stansiya navbatchisi poezd to’liq tarkibda kelganligiga ishonch hosil qilib va jezlni bosib o’tilgan peregonga tegishli ekanligini tekshirgandan so’ng, jezl nomerini poezdlar harakati jurnaliga yozib qo’yadi, jezlni jezl apparatiga soladi va poezd yetib kelganligi xaqida jo’natgan stansiyaga telefon orqali xabar qiladi.
Jezl apparatlari strelkali post xonalarida o’rnatilgan stansiyalarda kelgan poezdning jezli strelkali post navbatchisiga beriladi. Strelkali post navbatchisi poezd to’liq tarkibda yetib kelganligiga ishonch hosil qilib, uni apparatga soladi va uning nomerini poezdlar harakati jurnaliga yozilishi uchun stansiya navbatchisiga yetkazadi.
111. Suruvchi lokomotivli poezd yetib kelganidan so’ng stansiya navbatchisi jezlning birinchi qismini poezd lokomotivi mashinistidan, ikkinchi qismini suruvchi lokomotiv mashinistidan olib, ikkala qismini burab biriktirishi va jezlni shundan so’ng jezl apparatiga solib qo’yishi shart.
112. Poezdni jo’natish uchun stansiya navbatchisi poezd jo’nab ketayotgan stansiya navbatchisining roziligini telefon orqali quyidagi shaklda so’raydi:
"№ _____ poezdni jo’natishim mumkinmi?"
Poezdni qabul qilishga to’siq bo’lmasa stansiya navbatchisi telefon orqali o’z roziligini quyidagi shaklda ma'lum qiladi:
"№ ____ poezdni kutyapman", -
va jezlni chiqarishga ruxsat beradi.
Jo’natish stansiyasining navbatchisi jezlni apparatdan chiqarganidan so’ng uning nomerini poezdlar harakati jurnaliga yozib olishi va jo’nab ketayotgan poezd mashinistiga taqdim etishi lozim.
Jezl apparatlari strelkali postlarga chiqarilgan stansiyalarda strelkali postning navbatchisi chiqarilgan jezl nomerini stansiya navbatchisiga yetkazadi.
Agar stansiya navbatchilari yetib kelgan poezdning jezli bilan (jezl apparatidan o’tkazmasdan) qarama-qarshi yo’nalishda ketayotgan poezdni jo’natishga avvaldan kelishib olgan bo’lsalar, har ikki stansiyaning poezdlar harakati jurnalida ushbu poezdning nomeri to’g’risida quyidagi belgi kiritilishi kerak: