Manyovr ishlarida qo’l signal asboblari bilan signal berishga ruxsat etiladi. Poezd tuzuvchisi olib yuriladigan soz radiostansiyaga ega bo’lishi lozim. Stansiyalarda mavjud radio aloqa va ikki tomonlama park aloqasi qurilmalaridan manyovr ishlarini tashkil etish va harakat xavfsizligini ta'minlash uchun foydalanilishi lozim.
Radio aloqa va ikki tomonlama park aloqasi orqali uzatiladigan ko’rsatma va ma'lumotlar qisqa bo’lishi lozim; ko’rsatma bergan kishi uni manyovr lokomotivining mashinisti va boshqa xodimlar tomonidan to’g’ri tushunilganiga (ko’rsatmaning qisqacha takrorini tinglab, belgilangan tovushli javob signalini olib) ishonch hosil qilishi lozim.
Radio aloqa va ikki tomonlama park aloqasi orqali uzatiladigan, manyovr ishlariga xos bo’lgan ko’p qaytariladigan ko’rsatmalar uchun zarur holatlarda so’zlashuvlarning namunaviy reglamenti o’rnatiladi.
Radio aloqa va ikki tomonlama park aloqasining konkret maqsadi ulardan foydalanish xuquqi berilgan xodimlar ro’yxati va har bir manyovr hududida foydalanish tartibi stansiyaning texnikaviy-boshqaruv aktida belgilanadi.
Stansiyalarda radio aloqa va ikki tomonlama park aloqasidan foydalanish tartibi DATK ning maxsus Yo’riqnomasi bilan belgilanadi.
302. Stansiya navbatchisi manyovr marshrutlarini manyovr ishlari rejasiga muvofiq tayyorlashi lozim.
Harakatlanish yo’nalishi o’zgarmaydigan manyovr marshruti odatda manyovr tarkibining to’liq harakatlanish yo’liga mo’ljallab tuziladi. Bunday marshrutni tayyorlashning imkoni bo’lmaganda stansiya navbatchisi mashinistni (manyovrlar rahbarini) marshrutni qismi qaysi yo’lga yoki qaysi svetoforgacha tayyorligini xabardor qilishi shart.
Marshrut tayyor bo’lsa, taqiq ko’rsatmali yoki chiroqlari o’chgan manyovr svetoforini, stansiya (post) navbatchisi manyovr lokomotivi mashinistiga radio aloqa, ikki tomonlama park aloqasi yoki manyovrlar rahbari orqali uzatadigan ko’rsatmasiga binoan bosib o’tish ruxsat etiladi.
303. Birlashtirish yoki tortish yo’llari bo’ylab tarkiblarni parkdan parkka o’tkazishda xavfsizlikni ta'minlash tartibi va shartlari stansiyaning texnikaviy-boshqaruv aktida ko’rsatiladi, bunda manyovr tarkiblarini vagonlari oldinga qarab harakatlanganda xavfsizlikni ta'minlashga alohida e'tibor berilishi kerak.
Ayrim holatlarda mahalliy sharoitlardan kelib chiqib (parklar ketma-ket joylashganda, machinist kabinasidan turib manyovr lokomotivlarini vagonlardan ajratish qurilmasi bilan jihozlanganda va h.z.), tarkiblar tuzuvchi brigada xodimlarining kuzatuvisiz parkdan parkka o’tkazilishi mumkin.
304. O’ta ehtiyotkorlikni talab etuvchi ayrim toifadagi yuklar ortilgan vagonlar (yuklarni tashish qoidalari, shuningdek, xavfli yuklarni tashish qoidalariga muvofiq), manyovrlar paytida qattiq yonilg’ida ishlaydigan parovozdan kamida bitta tez o’t olmaydigan xavfsiz yuk ortilgan yoki bo’sh vagon bilan to’silishi (ajratilishi) lozim.
Poezdlarda va manyovrlar paytida ayrim toifadagi o’ta xavfli yuk ortilgan vagonlarni to’sish me'yorlari tashish hujjatlarida maxsus shtempel bosish usuli bilan ko’rsatilib, undagi raqamlar to’siladigan vagonlarning eng kam sonini belgilaydi, masalan, me'yorda 3/0-0-3-1 deb qayd etilgan bo’lsa, bunda:
birinchi raqam - poezdning yetakchi lokomotivdan to’silish vagonlari soni (surati - qattiq yonilg’ida ishlaydigan parovozdan, mashraj - neft yonilg’isida ishlaydigan parovozdan, elektrovozdan yoki teplovozdan);
ikkinchi raqam - poezdddagi suruvchi lokomotivdan;
uchinchi raqam - poezddagi odamlar ketayotgan vagonlardan;
to’rtinchi raqam - manyovrlar paytida qattiq yonilg’ida ishlaydigan parovozdan to’silish vagonlari soni;
"0" (nol) belgisi to’sish talab etilmasligini bildiradi.
Odamlari bilan vagonlar, shuningdek, yuklarni kuzatib borish uchun maxsus ajratilgan xodimlari, kuzatuvchilari, qorovullari, qo’riqlash naryadlari bilan vagonlar, jonivorlar bilan vagonlar, 1 klassli xavfli yuk (VM) li vagonlarning oldi tomonidan ham, orqa tomonidan ham qo’yillishi mumkin, lekin tashish hujjatlarida quyidagi shtamplar mavjud bo’lgan: "Zaharli" va "To’siq ...." (bir paytning o’zida ikki shtamp) xavfli yuklar ortilgan vagonlarning doimo oldida qo’yiladi.
Tez alangalanuvchi suyuqliklar ortilgan vagonlar tuzish stansiyalarida poezdlarga VM vagonli poezdlarning orqasidan (poezd boshidan hisoblaganda) qo’yillishi kerak.
305. Vagon va lokomotiv depolarining ta'mir yo’llarida manyovr harakatlar DATK ning tegishli tarkibiy bo’linmasi mas'ul xodimining kuzatuvi ostida va shaxsiy ko’rsatmalariga asosan amalga oshiriladi.
(305-band “O’zdavtemiryo’lnazorat” DI boshlig’ining 2003 yil 27 yanvardan 1/6-7-02-son ko’rsatmasiga muvofiq o’zgartirildi).
306. Texnikaviy yoki yuk operatsiyalari amalga oshirilayotgan vagonlar mavjud yo’llarda turtish usuli bilan manyovrlar bajarishga yo’l qo’yilmaydi.
Ob-havoning noqulay sharoitlarida (kuchli shamol, tuman, bo’ron), shuningdek, yoritilmaydigan yo’llarda manyovr ishlari o’ta ehtiyotkorlik bilan, zarur holatlarda esa, tezlikni pasaytirib amalga oshiriladi.
307. Xo’jalik poezdlari va yo’l mashinalarini stansiya yo’llaridagi ishi DATK ning tegishli tarkibiy bo’linmasi (yo’l, signalizatsiya va aloqa va h.z. xo’jaliklari) mas'ul xodimining rahbarligida amalga oshiriladi.
(307-bandning 1-xatboshisi “O’zdavtemiryo’lnazorat” DI boshlig’ining 2003 yil
27 yanvardan 1/6-7-02-son ko’rsatmasiga muvofiq o’zgartirildi). Ko’rsatilgan poezd va mashinalarning bir yo’ldan ikkinchisiga yoki stansiyaning boshqa hududiga harakati faqat manyovrlarga rahbarlik qilayotgan shaxs yoki stansiya rahbarining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Zarur holatlarda bunday poezdlar va yo’l mashinalari harakatiga rahbarlik qilish uchun stansiya boshlig’ining ko’rsatmasiga binoan stansiyaning tegishli xodimi tayinlanishi mumkin.
308. Stansiyalarda tormoz yenglarini ajratish va qo’shish vagonlarga texnikaviy xizmat ko’rsatish punkti xodimlari yoki mahalliy sharoitlardan kelib chiqib, texnologik jarayon yoki stansiya texnikaviy-boshqaruv akti bilan belgilangan boshqa xodimlar tomonidan amalga oshiriladi.
Manyovrlarni amalga oshirish paytida tormoz yenglarini ajratish va qo’shish tuzish brigadasi yoki konduktorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Tarkibga tirkash va undan uzishda tormoz yenglarini lokomotiv brigadasi ajratadi va qo’shadi, lokomotivga bir mashinist xizmat ko’rsatganda esa bu operatsiyalarni vagon ko’ruvchisi amalga oshiradi.
309. Ayrim vagonlarni favqulodda holatlarda va faqat gorizontal sathli yo’llarda qo’l bilan surishga ruxsat etiladi.
Stansiyaning asosiy, qabul qilish-jo’natish va saralash yo’llarida vagonlarni qo’l bilan surish taqiqlanadi.
Faqat tegishli yo’l bo’linmasi boshlig’i tomonidan belgilangan mas'ul xodimning rahbarligida, ko’pi bilan bitta yuk ortilgan yoki ikkita bo’sh vagonni qo’l bilan surishga ruxsat etiladi.
Vagonlarni qo’l bilan surganda quyidagilarga yo’l qo’yilmaydi:
ularni 3 km/soat dan ortiq tezlik bilan surish, bunda vagonlar albatta tirkalgan bo’lishi shart;
asosiy va qabul qilish-jo’natish yo’llari yo’nalishida chegara ustunchasidan chetga surib chiqarish;
tormoz boshmoqlari yo’q bo’lsa, harakatni boshlash;
tormozlash maqsadida g’ildiraklar tagiga shpal, tosh, lom va boshqa buyumlarni qo’yish.
Odamlari bor va xavfli yuk ortilgan vagonlarni qo’l bilan surish taqiqlanadi.
Vagonlarni kabestan, elektr shpil va boshqa mexanik vositalar bilan surish tartibi mahalliy sharoitlardan kelib chiqib, DATK mintaqaviy temir yo’l uzeli boshlig’i tomonidan tasdiqlangan maxsus yo’riqnomalar bilan belgilanadi.
(309-bandning 10-xatboshisi “O’zdavtemiryo’lnazorat” DI boshlig’ining 2003 yil
27 yanvardan 1/6-7-02-son ko’rsatmasiga muvofiq o’zgartirildi).