"Sizdan ilgari ____ soat _____ minutda №______ poezd jo’natilgan bo’lib, uning yetib kelganligi to’g’risida xabar olingani yo’q".
Peregon bo’ylab xo’jalik poezdlarining harakatlanishida ushbu Yo’riqnomaning 219-bandida belgilangan tartibga rioya etilishi shart.
222. Stansiyadan peregonda bir paytda ishlash uchun yagona poezd tarkibida jo’natilgan xo’jalik poezdlari, maxsus o’zi yurar harakat tarkibi ishlar rahbarining ko’rsatmasiga muvofiq peregonda ajratilishi yoki birlashtirilishi mumkin.
Bunday poezdlarda maxsus o’zi yurar harakat tarkibining mumkin bo’lgan tarkibi va joylashtirilish tartibi ishlar rahbari tomonidan yo’l ishlarini bajarishda poezdlar harakati xavfsizligini ta'minlash bo’yicha Yo’riqnomaga muvofiq belgilanadi.
Stansiyadan bir necha xo’jalik poezdlari birlashtirilib, peregonda ishlash uchun jo’natilganda, rahbarning ko’rsatmasiga muvofiq har poezd mashinistiga diagonali bo’ylab qizil tasmali oq blankadagi alohida ruxsatnoma (DU-64 shaklidagi blank) har bir xo’jalik poezdiga alohida nomer berilishi bilan taqdim etilishi lozim.
223. Peregonda yoki stansiyalar hududida ishlar bajarilgan paytda xo’jalik poezdlari, maxsus o’zi yurar harakat tarkibi ishlar rahbari yoki uning vakolatini olgan xodim tomonidan kuzatib borilishi shart.
DATK mintaqaviy temir yo’l uzeli boshlig’ining ko’rsatmasiga binoan zarur hollarda xo’jalik poezdlariga bosh konduktorlar tayinlanishi mumkin.
(223-bandning 2-xatboshisi “O’zdavtemiryo’lnazorat” DI boshlig’ining 2003 yil
27 yanvardan 1/6-7-02-son ko’rsatmasiga muvofiq o’zgartirildi).
224. Ishlar bajarilishi uchun poezdlar harakatida belgilangan tanaffusning tugash vaqtiga kelib ishlar to’liq yakunlanishi, inshoot va qurilmalar poezdlarning bexatar harakatini ta'minlaydigan holatga keltirilishi hamda zarur bo’lsa, tezlikni kamaytirish signallari va tegishli signal belgilari qoldirilib, o’zga to’xtash signallari olinishi lozim.
225. Peregondan xo’jalik poezdlari poezd dispetcheri bilan avvaldan muvofiqlashtirilgan ishlar rahbarining ko’rsatmasiga binoan jo’natiladi.
Xo’jalik poezdlarining peregondan qaytishining rejalashtirilgan tartibini poezd dispetcheri peregonni chegaralovchi stansiyalar navbatchilariga ma'lum qiladi.
Xo’jalik poezdlari, o’zi yurar harakat tarkibining ishi yakunlanganidan so’ng ishlar rahbari shaxsan yoki qo’l ostidagi xodimlardan biri orqali ish uchastkasining butun hududi bo’ylab yo’lni yoki ta'mirlanayotgan qurilmalarni ko’rikdan o’tkazishi, normal harakatga to’sqinlik qiluvchi aniqlangan kamchiliklarni darhol bartaraf etilishini ta'minlashi, shuningdek, yuklar belgilangan gabaritlar chegarasidan chiqmaganligini tekshirib ko’rishi shart.
226. Avtoblokirovka bilan jihozlangan ikki yo’llik peregonlarda xo’jalik poezdlari ishlar yakunlanganidan so’ng stansiyaga to’g’ri yo’ldan jo’natilsa, ularning harakati mashinistlarda diagonali bo’ylab qizil tasmali oq blankdagi ruxsatnoma (DU-64 shaklidagi blank) mavjudligidan qat’iy nazar belgilangan tezlikda avtoblokirovka signallari bo’yicha amalga oshiriladi.
Boshqa holatlarda peregondan ishlab qaytayotgan xo’jalik poezdlarining (birinchisidan mustasno) tezligi 20 km/soat dan oshmasligi, ular orasidagi masofa esa kamida 1 km bo’lishi lozim.
227. Peregon (yo’l) poezd dispetcherining buyrug’iga ko’ra, ishlarni qaysi tashkilot bajarganidan qat’iy nazar, yo’l distansiyasi boshlig’i yoki uning vakolatini olgan (lavozimi yo’l ustasidan past bo’lmagan) xodimdan (yozma shaklda, telefon yoki radio aloqa orqali), yo’l yoki sun'iy inshootlarda ishlar yakunlanganligi, peregonda xo’jalik poezdlari, maxsus o’zi yurar harakat tarkibining yo’qligi (yoki ular ikki yo’llik peregonni to’g’ri yo’lidan jo’natilganligi), shuningdek, poezdlarning xavfsiz harakatiga boshqa to’siqlar yo’qligi to’g’risida xabarnoma olinganidan so’ng ochiladi. Xabarnoma poezd dispetcheriga bevosita yoki yaqin stansiyaning navbatchisi orqali yetkaziladi. Telefon yoki radio aloqa orqali olingan xabarnomani poezd dispetcheri dispetcherlik farmoyishlari jurnaliga yozib qo’yadi.
Mavjud signalizatsiya va aloqa yoki elektr ta'minoti (agar ularning ishi buzilgan bo’lsa) qurilmalarining ishi SSB va aloqa katta elektrmexanigi yoki energodispetcherdan tegishli xabarnoma olinganidan so’ng tiklanadi.
228. Avtoblokirovka bilan jihozlangan ikki yo’llik peregonlarda ta'mir va qurilish ishlari yakunlanganligi, poezdlar harakatiga to’siq yo’qligi, avtoblokirovkaning sozligi va ish joyidan barcha xo’jalik poezdlari (maxsus o’zi yurar harakat tarkibi) to’g’ri yo’ldan jo’natilganligi xaqida xabar olinganidan so’ng, barcha xo’jalik poezdlari (maxsus o’zi yurar harakat tarkibi) qo’shni stansiyaga yetib kelishini kutmasdan, poezd dispetcheriga peregonni avtoblokirovka bo’yicha poezdlar harakati uchun ochishga ruxsat etiladi.
229. Peregonda ishni yakunlab ketma-ket qaytayotgan xo’jalik poezdlari va o’zi yurar harakat tarkibini stansiyaning bitta yo’liga yoki harakat tarkibi egallagan boshqa yo’lning bo’sh uchastkasiga qabul qilishga ruxsat etiladi. Bunda peregondan qaytayotgan poezdlar stansiya yo’lining bo’sh uchastkasiga kirish svetoforining taqiq ko’rsatmasida ushbu Yo’riqnomaning 265-bandida belgilangan tartibda kiritiladi.
Poezdni stansiyaga kiritishda mashinist o’ta ehtiyotkor bo’lishi va harakatga to’siq uchragan holda darhol to’xtashga tayyor bo’lishi lozim.
230. Ikki va ko’p yo’llik peregonlarda yo’llardan biri ta'mir ishlari uchun yopilganda qolgan bitta yo’l bo’ylab, o’tkazish qobiliyati samaraliroq foydalanish uchun zarur choralarni (birlashtirilgan poezdlarni o’tkazish, poezdlarni vaqtni taqsimlash usuli bilan harakatlanishi, vaqtinchalik avtoblokirovka qurilmalarini qo’llash, vaqtinchalik postlarni ochish va h.z.) amalga oshirishni hisobga olgan holda poezdlarning harakatlanish tartibi DATK boshqaruvi raisi tomonidan belgilanadi.
231. Xususiyatlariga ko’ra yo’lni yopilishini talab etmaydigan yo’l, inshoot va qurilmalarni ta'mirlash ishlari, odatda, poezdlar o’tadigan vaqt oraliqlarida bajariladi. Bunday ishlar paytida xavfsizlikni ta'minlash tartibi DATK ning yo’riqnomalarida belgilanadi.
232. Inshoot va qurilmalarni ta'mirlash ishlari olib borilmayotgan yoki ishlarning xususiyati peregon (yo’l)ni yopilishini talab etmaydigan peregonlar (peregonlarning yo’llari)ga xo’jalik poezdlari poezd dispetcherining og’zaki ko’rsatmasiga binoan jo’natiladi.
Ushbu poezdlar peregonga tegishli signalizatsiya va aloqa vositalari uchun ko’zda tutilgan ruxsatnomalar bo’yicha jo’natiladi.
Ishlar rahbari va mashinistga poezdning stansiyaga kelish (qaytish) vaqti to’g’risida ogohlantirish taqdim etiladi. Peregonni ogohlantirishda qayd etilgan vaqtdan ortiq muddatga band etish taqiqlanadi.
Xo’jalik poezdi peregondan chiqishidan avval ishlar rahbari poezdlarning normal harakati uchun to’siq yo’qligiga ishonch hosil qilishi lozim.
233. Ikki yoki ko’p yo’llik peregonlarning yo’llaridan birida, shuningdek, stansiyaning qabul qilish-jo’natish yoki asosiy yo’llarida maxsus o’zi yurar harakat tarkibi ishlaganda qo’shni yo’l, yo’l ishlarini bajarishda poezdlar harakati xavfsizligini ta'minlash bo’yicha Yo’riqnomada ko’rsatilgan holat va tartibda to’siladi. Ushbu yo’ldan harakatlanadigan poezdlarga ishlar rahbarining talabnomasiga muvofiq ogohlantirishlar taqdim etiladi.
234. Ikki yoki ko’p yo’llik uchastkalarda, shuningdek, stansiyaning qabul qilish-jo’natish yoki asosiy yo’llarida vagon turidagi qor tozalagich yoki struglar, ballaster, puteukladchik, ko’tarma kran, shag’al tozalovchi va boshqa mashinalar ishlaganda qo’shni yo’ldan o’tadigan poezd mashinistlariga quyidagi mazmunda ogohlantirishlar taqdim etiladi:
"________ peregonning ______ yo’lida strug (qor tozalagich) ishlamoqda. Peregonda (stansiyada) o’ta ehtiyotkorlik bilan harakatlanilsin; ko’rish darajasi yomon joylar oldidan ogoshlantiruvchi cho’ziq hushtak chalinsin".
Ushbu ogohlantirishlar poezd dispetcherining ko’rsatmasiga binoan stansiya navbatchilari tomonidan beriladi.
235. Stansiya yo’llarida ishlar Texnikaviy foydalanish qoidalarining 137-bandi va signallashtirish bo’yicha Yo’riqnomaning 39, 40-bandlari talablariga rioya etilib amalga oshiriladi.
Ishlar rahbarining ko’rik jurnalidagi yozuvi mazmuni bilan tanishib chiqqan stansiya navbatchisi post navbatchilariga, signalchilarga, strelkali post navbatchilariga, tuzuvchilarga, ular orqali esa stansiyada ishlayotgan lokomotivlarning mashinistlariga u yoki bu yo’llar yohud yo’llarning uchastkalariga kirish mumkin emasligini, ishlar bajarilayotgan yo’llardan harakatlanish tezligini kamaytirish yoki o’ta ehtiyotkor bo’lish to’g’risida ko’rsatmalar beradi, poezdlarning kelgusida o’tishi va manyovr harakatlari xaqida esa park aloqasi orqali stansiya yo’llaridagi xodimlarni oldindan xabardor qiladi yoki so’zlashuv informatorini yoqadi.
Bunday ishlar bajarilayotgan yo’llarga poezdlar qabul qilinganda, zarur holatlarda mashinistlarga tezlikni kamaytirish yoki boshqa ehtiyot choralarini ko’rish to’g’risida ogohlantirish taqdim etiladi.
Kontakt tarmog’ida ishlar bajarilgan holatlarda ko’rik jurnalida qaysi yo’llar, strelkalar yoki kontakt tarmog’ining seksiyalari barcha turdagi poezdlar yoki faqat elektr bilan harakatlanuvchi tarkiblar uchun yopilishi ko’rsatilishi shart.