Boshqarish tizimining ishlashi. Boshqarish tizimining ishlashi axborot
bazasida, oldiga qo‘yilgan maqsadga muvofiq holda boshqariladigan obyekt,
uning kirish va chiqishlari holati bo‘yicha amalga oshiriladi. Obyektni
boshqarish boshqaruvchi ta’sirni uzatish yo‘li bilan amalga oshiriladi . Tashqi
muhit bilan aloqa tizimi strelka bilan ko‘rsatilgan . Boshqarishning asosiy
tamoyili — teskari aloqa tamoyilidir (yopiq sikl bo‘yicha boshqarish).
Boshqarish jarayoni muayyan maqsadga erishishga yo‘naltirilgan. Shundan
kelib chiqib boshqarish jarayonini boshqariladigan obyektdagi jarayonga
muvofiq keluvchi maqsad va hajm o‘rtasidagi farqni kamaytirishga intilish
sifatida ko‘rib chiqish mumkin.
Boshqarish tizimining ishlashi tasodifiy yoki muttasil ta’sirlar manbai
bo‘lgan tashqi muhit bilan o‘zaro ta’sir sharoitlarida ro‘y beradi, ular boshqarish
obyekti chiqishida ham, boshqaruv jarayoni kechishida ham kamchilik
chiqarishi mumkin. Boshqarish jarayonida to‘g‘ri va teskari aloqa kanallari
bo‘yicha tizimning boshqaruvchi va boshqariluvchi qismlari o‘rtasida axborot
almashinuvi kechadi. Oldiga qo‘yilgan maqsadlarni bajarish uchun tizimning
boshqaruvchi qismi boshqariluvchi obyektga axborot uzatishning to‘g‘ri kanali
bo‘yicha boshqaruvchi ta’sirlar jo‘natadi. Teskari aloqa kanali bo‘yicha
boshqariluvchi obyektdan boshqarish jarayoni holati va boshqaruvchi ta’sir
bajarilishi natijalari haqida axborot kelib tushadi.
Tizimning boshqaruvchi qismi kirishida keladigan axborot ta’sir ko‘rsatadi.
U boshqarish obyektidan (masalan, xom-ashyo, materiallar keltirilganligi
haqidagi ma’lumotlar) tashqaridan hamda ichkaridan olingan ma’lumotlarni
o‘z ichiga oladi.
Ko‘rilganlardan kelib chiqilsa, boshqarish mohiyatini boshqariluvchi
obyektga boshqaruvchi ta’sir ko‘rinishida yetkaziluvchi qarorlar qabul qilish
uchun barcha kelib tushuvchi axborotni tizimning boshqariluvchi qismida qayta
ishlash, deb izohlash mumkin.