www.ziyouz.com kutubxonasi
106
Berns Palmerning qo‘liga zalvorli qadahni zo‘r berib ushlatmoqchi bo‘lardi:
— Menga qara, men hali ichishdan bosh tortadigan bankirni ko‘rmaganman.
— Ehtimol, — ma’qulladi Palmer.
— ... va ko‘radiganini ko‘rdi qizgina, — davom etdi Ougi Prins. — Hammasi miridan-sirigacha
hisob-kitob qilib qo‘yilgandi. O’qishga unga 40 soniya vaqt qolgandi, shunda... Uh! Byulletenning
so‘nggi satrlarini u qanday o‘qiganini bir eshitganingda bormi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga! Azbaroyi
kishnaganimizdan eshittirish tugaganini bilmay qolayozibmiz. Shunda biz qizaloqni olib oldik-da,
keyingi reportaj boshlanishidan oldin ko‘z ochib-yumguncha studiyadan chiqib ketdik... Kulaverib
ichagimiz uzildi! — Kulgidan Kalxeynning o‘pkasi uning bosqonday ko‘ksini badtar shishirib yubordi.
Biroq arslon o‘kirigi o‘rniga Palmer, vo ajabo, nima desa bo‘ladi, mushukning miyovlashiga o‘xshagan
ingichka ovozni eshitdi, xolos.
— Menga qara, Ougi, — dedi Kalxeyn, — balki banket vaqtida notiqlarning birontasi bilan shunaqa
bir tomosha ko‘rsatsam bo‘lar?
Prinsning quloqteshar qag‘illashi Palmerning eshitishiga yo‘l qo‘ymadi.
— Bilasanmi, men bunga tavakkal qilolmasdim, Vik, — javob berdi u, yelpinib. — Yigitcha men
bilan shunaqangi o‘chakishib qolganki, bir haftadan beri undan qochib yuribman.
— Nima, u sening ta’ziringni berib qo‘ymoqchimi?
— He-yo‘q, u haligi qizning ismini bilmoqchi, xolos, — dedi Prins, — men esa unga aytmayman.
Palmer devorlarni zirillatib yuborgan qah-qah kulgi ovozidan yuzini burishtirdi. Uning yonida turgan
Berns zavqlanganidan nuqul “qoyil-qoyil” derdi. Konnning keskin va chiyilloq kulgilari mittigina, ammo
gajir laychaning akillashini eslatardi va Prinsning hayajonli chiyillashini panalab turardi. Kalxeynning
ko‘s nog‘ora gumburini eslatuvchi bir maromdagi qahqahasi ushbu ilhombaxsh ansambl uchun
tagzamin bo‘lib xizmat qilardi.
— Ougi, — deb gap boshladi El Konn, — agar sen faqat...
— He-yo‘q, sen ham, do‘stim, uning nomini bilmaysan! — asta qichqirdi Prins.
Palmer yangi qahqahalarning bir daqiqalik to‘lqinidan foydalanib, xonani kesib o‘tdi va to‘g‘ri
Kalxeynning ro‘parasidagi o‘rindiqqa borib cho‘kdi. Xonaga bamisoli voiz yoki bo‘lmasa shu yerda
hozir bo‘lganlardan birontasining xotini kirib kelganday bo‘ldi. Oraga chuqur sukunat cho‘kdi va birdan
Palmerning miyasiga senga uncha tanish bo‘lmagan tor davraga tushib qolganingda ma’lum
qulaylikka ega bo‘lasan va qarshi ovoz berishga o‘xshagan huquqni qo‘lga kiritasan degan gap kelib
qoldi.
To‘rttalalari xavotir bilan Palmerga tikilib qolishdi. Ularning durustgina tajribasiga qaramay, yuzaga
kelgan keskinlikni qanday yumshatish yo‘lini darrov topa olishadi. Nihoyat Konn yana kulib yubordi,
faqat bu gal boshqacha, go‘yo zavqli, ammo Palmerning jirkanch voqeaga hech qanday aloqasi
bo‘lmagan voqeani eslagandek kuldi.
— Bilasizmi, nima demoqchiman, — nasihatomuz gapirdi u, — modomiki biz hali kuchli
qobiliyatimizdan mahrum bo‘lmagan ekanmiz, bu yorug‘ dunyoda yashasa bo‘larkan! Endi uyning
egasi sifatida Berns tomoshaning birdan keskin rivojlanishiga rahbarlik qilish tashabbusini o‘z qo‘liga
oldi va bu spektaklning ikkinchi ko‘rinishiga o‘tdi.
— Shunday qilib, sho‘x bolalar, — dedi u, — shuni sizlarga eslatib qo‘yayki, Olbanida qonun
chiqaruvi yig‘ilishning navbatdagi sessiyasi ochilishigacha rosa bir yarim oy qoldi.
— Voy-voy, o‘ldik! — oh tortdi Kalxeyn, kulgili tarzdagi nochorlik bilan o‘zining shotiday qo‘llarini
osmonga ko‘tarib.
— Mak haq, — teran ma’noli qilib dedi Konn. — Olishuv bo‘lishi muqarrar, bir balo qilib bu tugunni
yechmasa bo‘lmaydi: yo ostidan, yo ustidan!
Palmer ko‘zlari ochko‘z bu odamga qiziqish bilan qarab qo‘ydi. Bir jumlada bir emas, bir necha
ma’no anglatadigan tashbeh ishlatish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi.
— Menga ma’lum bo‘lishicha, — gap boshladi Palmer, — birinchidan...