www.ziyouz.com kutubxonasi
221
— Shunday bo‘layapti-da. — U mayingina kuldi. — Ammo sen, mening ayolmand do‘stim, men
uchun dahshatli muammolarni tug‘dirasan. Agar men munosib erkakni topishni xohlab qolsam,
orqada qolishingga to‘g‘ri keladi.
Palmer hazil bilan javob berdi:
— Orqangda bo‘lish — men uchun nihoyatda yoqimli hodisa.
— Sen meni nihoyatda jiddiy deb o‘ylaysan, shekilli. SHuning uchun tegajoqlik qilayapsanmi?
— Shuning uchun.
— Keragi yo‘q. Loaqal bir daqiqa jiddiy o‘tirgin.
— Harakat qilaman, — va’da berdi u, — ammo bunday taqdirda bu xonadan chiqib ketish va
sendan voz kechishimga to‘g‘ri keladi, chunki har bir ayol erga tegishi shart.
Bir muddat ikkalasi ham jim qolishdi.
— Menga bunday qarama, — iltimos qildi u.
— Qanday?
— O’zing bilasan-ku, Vuds, marhamat qilib, menga rostini ayt. Meni nimamni yoqtirasan?
Jiddiy javob zarurligini his qilgan Palmer ancha o‘ylanib qoldi.
— Seni chiroyli qiz... ayol, deb bilaman, — boshladi u.
— Marhamat!
— Shundan boshlashim kerak. Sen faqat yaxshigina emas, chiroylisan, bu men uchun juda muhim
ahamiyatga ega. Bundan tashqari sen juda aqlli ayolsan, hatto erkaklar bilan bemalol vaqt o‘tkaza
oladigan darajada aqlli ayolsan... Yana yoqadiganlari... nima deyishim mumkin? Obro‘li, iste’dodli
ayolsan, ishda e’tibor qozongansan, yuqori darajada maosh olib ishlashga munosibsan, shunga
qaramay, modomiki yurakdan gaplashayotgan ekanmiz, YuBTKda senga kam to‘lashadi. Xo‘p, mayli.
Senda ko‘p fazilatlarni ko‘raman. Hissiyot borasida hakamlik qilolmayman. Boshqalarni to‘g‘ri
tushunish uchun avval o‘zingni yaxshi bilishing zarur. O’zingda borini boshqalarga baxshida eta
oladigan, yoqimtoy xilqatsan. Qalqon tutib, o‘zingni himoya qilishga qodir emassan, seni himoya
qilishidan oldin uni uloqtirib yuborasan. Bu sen uchun yomon, ammo butun haroratingni
bag‘ishlaydigan erkak uchun bu narsa juda yoqimli. Sen... men o‘ylaymanki... men nimani... — U
gapdan to‘xtadi.
Ayol uning qo‘lini ushladi.
— Agar shu narsalarni yoqtirgan bo‘lsang, ularni men ham yomon deyolmayman. — Issiq
barmoqlar yigitning qo‘li uzra yuqoriga siljidi, Palmer ayolning kaftini siqdi.
— Sen tushunmaysan. O’zim ham zo‘rg‘a anglayman. Mening boshim va yuragim baliqnikidek juda
sovuq. Haqiqiy bankirning yuragi. Sen uni isitasan yoki toptab tashlay olasan. Shunday bo‘lsa, azobda
qolaman. Men buni xohlamayman. Aloqalarimiz mutlaqo jismoniy holatda qolishini istayman. Shunday
davom ettirsak, o‘zing topib aytganingdek, eng og‘ir narsa meni tashlab ketishingdir. Sen dastlab
men ishongan yagona odam eding. Hozir ham shunday. Ammo hammasi jiddiylashib ketyapti. Menga
o‘xshagan tajribasiz odam uchun bu juda xavfli. Bugungi dildan qilingan suhbatimizni hisobga olsak,
munosabatlarimiz har qanday majburiyat doirasidan chiqib ketayotganini ko‘rish qiyin emas.
U ayolning barmoqlari qo‘llarini muloyim silayotganini sezdi. Bir qoshini chimirib, u aytayotgan
gaplarga ishongisi kelmaganday yoki umuman ishonishni xohlamaganday befarq qarab o‘tirardi.
— O’zing haqingda shunchalik ayanchli fikrdamisan-a? — so‘radi u.
— Y-yo‘q. Nahotki.
— Hissiyotlarimiz haqida. O’zingni kamida o‘g‘ri deb hisoblaysanmi?
— Ha. Hamma narsamni senga bag‘ishlab, evaziga hech narsa talab qilmayotganimni aytib o‘tding.
Bu talovchilikka o‘xshab ketadi. Ammo unday emas.
— Menmi? — so‘radi Palmer. — Senga nimaniyam berardim.
— Mendan olgan haroratni yana qaytarib berasan. — Uning qo‘llari siqilib, kaftlarini ohista, ammo
qat’iyat bilan silay boshladi. U kaftlari qizib ketganini his qildi.
— Ajoyib ko‘rgazma, — dedi u. — Odamlar shunday qilib olov yoqishadi.