www.ziyouz.com kutubxonasi
266
— Sen nechtasini bilasan, Eddi?
— Xudoyim-e, otang vafot etganini unutibman. Qattiq achindim, Vudi.
— Bu gapga ancha bo‘ldi. Men hozir Nyu-Yorkdaman.
— Bilaman. Men shaharda bir necha marta bo‘ldim. Yoningga kiray dedimu, sen halol odamlarning
pulini shilish bilan o‘ta banddirsan, keksa omadsiz bilan uchrashishga vaqting yo‘qdir deb o‘yladim.
Palmer istehzoli jilmaydi. Qarshi taklif u kutganidan ham past edi.
— Bo‘lmag‘ur gap. Qirq ming. Hech qanaqa aktsiyasiz.
Oradan o‘n daqiqa o‘tgach, ellik mingga kelishilgan holda suhbat tugadi. Palmer rejasini yana bir
solishtirib ko‘rdi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqam terdi.
— Tim, bu — Vuds Palmer.
— Jin ursin, Paskoda nima qilib yuribsan?
— Men Nyu-Yorkdaman. Men...
— Sen Nyu-Yorkdan qo‘ng‘iroq qilyapsanmi? — hayron bo‘ldi Tim.
— Uyg‘otib yuborgan bo‘lsam, uzr.
— Bir necha soat oldin uyg‘onganman, — gapini bo‘ldi Tim. — Juda bo‘lmaganda, bir necha daqiqa
oldin. Eshityapsanmi? Jeynga biror narsa bo‘ldimi? Nima gap?
— Hech narsa bo‘lgani yo‘q. Men yaqinda u bilan suhbatlashdim. Seni qaerdan topishni tushuntirib
berdi. Hammasi joyida. Bilasanmi, menga ba’zi bir ma’lumotlar kerak, mening tanishlarim orasida bu
ishni biladigan odam faqat sensan. Bu... Nimadan boshlasam ekan? Erkak kishi, olim. Sobiq dushman
taraf fuqarosi edi, hozir AQSh fuqarosi. Yirik hukumat shartnomasi bilan xususiy tartibda firmaga
yollangan. U hukumat shartnomasiga ega bo‘lgan boshqa bir firmaning taklifini qabul qilmoqchi. Unga
o‘z shartnomasi bo‘yicha majburiyatlaridan boshqa biror narsa to‘sqinlik qilishi mumkinmi?
Simning ikkinchi tomonida biroz jimlik cho‘kdi. Keyin:
— Buni senga qanday dahli bor?
— Ikkala firma ham biz bilan ishlaydi.
— Bu sabab bo‘lolmaydi, qariya.
— Tim, meni qiziqtirayotgan narsa maxfiy hisoblanadimi? — sabrsizlik bilan so‘radi Palmer.
— Unday emas. Lekin men har gal tadqiqot rahbari boshqa joyga sakrab o‘tganda xushyor
tortaman.
— Sakrab o‘tmaydi. U bitta joyda deyarli o‘n besh yildan buyon ishlayapti.
— Boshqa ishga o‘tishiga sabab nima?
— Puli, erkinligi ko‘p.
— Men o‘ylamaymanki, u...
— Tim, meni u AQSh fuqarolari kabi barcha huquqlarga ega bo‘ladimi-yo‘qmi — mana shu
qiziqtiradi, xolos. Yoki bunday holda uni ishlab turgan joyiga mixlab qo‘yuvchi bema’ni qonun
moddalari ham topilib qoladimi?
— Bizning mamlakatimiz erkin mamlakat, qariya. Hatto uning uchun ham. Biroq aytib qo‘yishim
kerak: yuqori darajadagi har qanday harakat Pentagon va hukumat doiralarida qiziqish uyg‘otadi. U
qandaydir mashinachi yoki chilangar emas-ku?
Palmer salgina jilmaydi.
— Men umuman, kimningdir oyog‘idan chalmoqchi emasman, — yolg‘on gapirdi u, — biroq u
bunchalik ahamiyatga molik odam deb ham o‘ylamayman.
U soatga qaradi. Telefon raqamini qidirishga ketgan vaqtlarni ham hisoblaganda muloqot deyarli
soat o‘n birgacha cho‘zilibdi. U go‘shakni ko‘tardi va Geynts Gausssning telefon raqamini terdi.
— Allo?
— Gauss, Yana Palmerman.
— Qo‘ng‘iroq qilganingizdan xursandman. Juda ko‘p gaplar aytilmay qolib ketdi.
— Boshqa hech narsa qolmadi. Jet-Tex bilan shartnomangizni buzganingizdan keyin siz ellik ming
aktsiya bilan birga besh yilga Yangi shartnoma olasiz.