www.ziyouz.com kutubxonasi
271
— Qanaqa dog‘?
— Ana. – Edis cho‘zilib, uni ushlab ko‘rdi. – og‘riyaptimi?
— Manavimi? – u talmovsirab dog‘ga qaradi. – Kim bilsin bu nima baloligini... Kana yoki boshqa
biror narsa chaqqandir-da.
— Judayam g‘alati. Semiz bo‘lganingda, kamaringdagi to‘qaning izi deyish mumkin edi. – U
vannaxonaning narigi tomonidagi devor yoniga egildi.
— Sen, aytgan jin urgur kana qani? Uni qaerda ko‘rding? Bu yerda kana yo‘q.
Palmer yelkasini qisdi. Iliq suv qattiq chayqaldi.
— Chekka qishloqlardagi birorta mehmonxonadadir-da.
— U yoqlarga ancha oldin borgansan. Kana chaqsa, bu dog‘ni allaqachon ko‘rgan bo‘larding.
— Kindigimni tomosha qilishga ko‘p vaqt ajratganim yo‘q.
Edis yana nimadir demoqchi bo‘ldi-yu, biroz o‘ylanib, so‘radi:
—
Nima deb o‘ylaysan, toza bo‘ldingmi?
— Ha-ha, albatta. – U o‘zini zo‘rlab suvdan chiqa boshladi. Kutilmaganda muvozanatini yo‘qotib,
chayqalib ketdi va shoshilib, tayanch nuqta qidirdi. Edis qo‘lidan mahkam ushlab, suyab qoldi.
— O’zingni yomon his qilayapsanmi?
— Yaxshiman. U vannadan chiqib, sochiqqa o‘raldi.
— Sen og‘ir mehnat qilding. U badanini sochiq bilan artayotib bosh irg‘ab qo‘ydi. Terisi o‘ta
yumshoq edi. Iliq suvdan keyingi salqin havodan Palmerning badanida titroq turdi.
— Ertaga o‘zimni juda yaxshi his qilaman, - dedi u.
Palmer xotiniga qaradi va Edis o‘ta sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirayotganini sezdi. U “nimaga
bunchalik qarayapsan?” degandek, qoshini chimirdi. Edis sekingina bosh chayqadi.
— Chamamda, — sekin, go‘yo o‘zi bilan gaplashayotgandek so‘zladi u. — O’zing buni kim
tishlaganini bilasan...
Oltmish birinchi bob
Bettern – park Manxetten buxtasidagi boshi berk yarim orolga yorib kirgan va hattoga quyosh
charog‘on peshin chog‘ida ham qandaydir iflos tutunga burkanib olganga o‘xshab ko‘rinardi. Palmer
Bedlouz Aylend tarafdan tinimsiz esib turgan sovuq shamoldan ko‘zlarini arang ochib kulrang-yashil
ustunga o‘rnatilgan Ozodlik haykalini zo‘rg‘a ilg‘adi. Haykal tutun va gaz pardasi ostida arvohga
o‘xshab goh ko‘rinib, goh g‘oyib bo‘lib turardi. Oradan biror soniya o‘tgach, Palmerning mashinasi
ham umumiy oqimga qo‘shilib ketdi.
Vertolyot bekatining kutish maydonida har tomondan sovuq shamol esib turardi. Palmer
mashinadan tushib, sigaret tutatmoqchi bo‘ldi.
Biroq kuchli shamolda yondirgich kuchli alanga olib, qo‘lini kuydirdi. Uni cho‘ntagiga solib, vertolyot
bekati devoriga urilib, chayqalib turgan to‘lqinlarga sigaretani uloqtirdi. U mavj urayotgan suvni
tomosha qilib turganda baland bir to‘lqin zarb bilan kelib urildi-yu, Palmerning yuz-ko‘ziga minglab
suv zarralarini sochdi. To‘lqin bilan birga oyog‘i ostiga turli xil chiqindilar ham kelib tushdi. Palmer
Nyu-Yorkning o‘ziga xos bu “sovg‘a”lariga biroz tikilib turgach, bekatning nariga tomoniga o‘tdi.
Umuman, ishlar yomon ketmayapti, deb o‘yladi u kuchli shamolda turganicha. Birja ochilganda Jet-
Tex aktsiyasi 45 da turar edi. Birjadan ma’lumotlar juda sekin kelar, biroq u o‘n bir yarimda
jadvallarni ko‘zdan kechirish uchun shahardagi dallollar mehmonxonalaridan birida to‘xtab, bitimlar
soni oddiy kunlardagiga nisbatan anchagina ko‘payganligini ko‘rdi: 10 000 aktsiya sotilgan, narxi esa
38 gacha tushgandi.
Palmerning jilmayishi g‘olibona kulgiga aylandi. U mohirlik bilan maqsadiga erishdi. Endi ish u
o‘ylaganchilik to‘s-to‘polonga yetib bormasa, ham, hatto Jo Lumis YuBTKni nazorat qilishdek be’mani
fikridan qaytmasa ham, har qalay Lumis oldida ko‘plab muammolar paydo bo‘ladi.