www.ziyouz.com kutubxonasi
28
ko‘ziga tushdi. — Ko‘k yoqut — bu odam, o‘ziga xoslikdir. Olmoslar unga manguga qadalgan. Bu
baxtning to‘rt unsuri — sog‘liq, boylik, do‘stlar va sarmoya demakdir.
— Sog‘liq, boylik, do‘stlar va sarmoya? — qayta so‘radi Palmer. U to‘g‘ri eshitganiga ishonch yo‘q
edi.
Berns unga biroz tikilib turdi, uning sarg‘ishroq ko‘zlari qoraygandek bo‘ldi.
— Xuddi shunday, — dedi Berns. Uning lablari bir zumga qisildi. So‘ng u so‘zida davom etdi: —
O’ylashimcha, moliyachiga boylik bilan pul o‘rtasidagi farqni tushuntirishning hojati bo‘lmasa kerak.
Shu payt ofitsiant Palmerga viski olib keldi. Palmer o‘rindiqqa suyandi.
Berns qadahiga lab ham tekkizmadi.
— Pul — sen ega bo‘lgan sarmoyadir, agar u yetarli miqdorda bo‘lsa-yu, uzoq vaqt mobaynida
qo‘lingda ushlab turolsang, u boylikka aylanadi, — dedi Palmer.
Berns boshini chayqadi.
— Menga sizning moliyaviy maslahatchingiz bo‘lishimga ruxsat eting, — dedi u. — Pul bu menda
bor narsa. Boylik — bu men o‘lganimda bolalarimga qoldiradigan narsadir.
— Yoki, — deya davom etdi birdan xushchaqchaq bo‘lib qolgan Palmer, — pul biz sarflayotgan
narsadir, boylik esa asraganimiz.
— Yo‘q. Pul — o‘g‘it, xolos. Boylik bo‘lsa — yig‘ishtirilgan hosil.
Berns stol uzra engashdi, uning ignatugmasidagi olmoslar yaltirab ketdi.
— Ayt-chi, Vudi, nega men Leyn Berkxardt bilan mana shu tarzda gaplasha olmayman? — so‘radi
u.
Palmer ko‘zlarini qisdi, so‘ng suhbatdoshining nigohiga tikildi:
— Sizda bu narsa chindan ham qovushmayaptimi?
— Bo‘lmasam-chi. Biz hech qachon kelisha olmaganmiz. Buning boisi nimada?
— Buni siz yaxshi bilishingiz kerak, axir, u bilan mendan ko‘ra ko‘proq ishlagansizlar.
— Siz esa uni bolaligingizdan bilasiz, — dedi Berns. — Xo‘sh, javob qanaqa bo‘ladi endi?
— Agar bilgan taqdirimda ham meni aytadi, deb o‘ylayapsizmi? — savolga savol bilan javob berdi
Palmer. — Axir, o‘zingiz ham tegishli ma’lumotni to‘plashingiz kerak bo‘lgan odam aynan shu kimsa
ekanini menga hech qachon aytmagan bo‘lardingiz. Bu kasb-korlik siriga oid soha.
Berns bir oz jim qoldi.
— Bordi-yu, agar men sizga bor gapni aytib bersam, unda bu haqda hech kim eshitmaydi, deb
va’da berishingiz kerak.
— Va’da berolmayman, — dedi Palmer. — O’zingiz tushunasiz-ku.
— Ha, tushunaman, — dedi bazo‘r Berns. — Shuningdek, biz Leyn bilan nega chiqisha
olmayotganimizni ham bilaman. — U gapidan to‘xtab, yelkasini qisdi. Keyin kutilmagan kuch bilan
qo‘shib qo‘ydi: — Lekin, mayli, oramizda boshqa hech qanaqa sir bo‘lmasin, Vudi. Men jiddiy
gapirayapman.
Yosh bola go‘lligi o‘rnini bunday shafqatsizlik egallashi Palmerni hayratga soldi. Chunki hozir ular
muhokama qilayotgan narsaning bunga sira daxli yo‘q edi. Albatta, Bernsning gapirganlarini u boshqa
talqin qilmaganda...
— Men bankirman, — javob berdi Palmer. — Men qadriyatning ikki toifasiga egaman, xolos. Men
taklif qila oladigan toifa: bu pul va omonatchi sirini saqlay bilish. Sirlarni ko‘rgani ko‘zim yo‘q, lekin
umrim bo‘yi ikki kishiga bemalol yetib ortadiganidan ham ko‘proq sirni saqlashimga to‘g‘ri keldi.
— Ammo ularni mendan yashirmang, Vudi, — turib oldi Berns. — Biz o‘zimizga bunchalik
dabdabani ep ko‘rolmaymiz, ayniqsa, hozir. — U nafasini rostlab oldi. — Birovning ixtiyori bilan
qanday ahvolga tushib qolganingiz haqida hech bo‘lmasa sal-pal tasavvurga egamisiz? Yoki hech
bo‘lmasa vaziyat naqadar tanglashishini sezmayapsizmi?
— Aftidan, vaziyat allaqachon tanglashib bo‘ldi. Berkxardtni tashvishga solish uchun shuning o‘zi
yetarli.
— Bo‘lmasam-chi! — cho‘rt kesdi Berns. — Berkxardt tashvishlana boshladimi, demak ikki marta