www.ziyouz.com kutubxonasi
55
narsalar yuz bermoqdaki, bularni inson ongi qamrab olishga qodir emas!
— Ha, anchagina jo‘shqin joy, — rozi bo‘ldi Berns. — Men o‘z umrimning o‘n yilini Gollivud deb
ataluvchi yanada quvnoqroq shaharga sarfladim, lekin hozir dadil aytishim mumkinki, ular hozir
qilinayotganlarga nisbatan bolalar o‘yinchoqlari edi. — Berns o‘girilib qaradi, barmog‘ini shaqillatib,
boshini irg‘ab, yonidan o‘tayotgan ofitsiantga dedi:
— Biror yaxshi narsa bormi, Genri?
— Qaynatilgan ajoyib mol go‘shti bor, mister Berns!
— Juda soz. Faqat yerqalampir qaylasi bilan. Siz-chi, nima xohlaysiz, Vudi?
— Yasmiq sho‘rva, — dedi Palmer. — yana haligi, nima edi...
— Rostbifli sendvich, — dedi Berns.
— Ha, shu yaxshi bo‘lardi.
— Javdar nonli sendvich, Genri, — buyurtma berdi Berns ofitsiantga. — martinidan yana olib
keling.
Berns istagan narsasi — hokimiyat, pul, xotinlar bilan maqtanishi mumkin edi. Hayotda bulardan
boshqa yana biror narsa bormidi o‘zi? E, ha, aytmoqchi, xudo ham bor edi.
Kutilmaganda Palmer Bernsdan so‘rab qoldi:
— Ayting-chi, hayotdagi barcha quvonchlar uchun hali hisob-kitob qilinishiga ishonasizmi?
Berns o‘girilib, Palmerga tik qaradi. Uning ko‘zlari ehtiyotkorlik bilan Palmerga nazar soldi.
— Hisob-kitob qilish? — qayta so‘radi u. — Nima demoqchisiz, men uncha tushunmayapman.
— E, shunchaki, bir gap kelib qoldi-da.
— O’ylaganingizni ayting, endi!
O’ylamasdan aytgan gaplari uchun Palmerning o‘zidan jahli chiqib, qo‘lini siltab qo‘ya qoldi.
— Oddiy gap. Agar hayotda biror yaxshi narsaga erishsang, buning uchun odatda, keyin tovon
to‘lashingga to‘g‘ri keladi, deb o‘yladim.
— Meni kechirasiz-u, Vudi, — dedi Berns qo‘lini Palmerga tekkizib, — lekin hozir siz mening
otamga o‘xshab gapirayapsiz...
— Qiziq. Mening otam ham nuqul shuni uqtirardilar.
— Mohiyati jihatidan bu musulmonlar tamoyili: Olloh — Qahrli ilohdir.
— Kalvinchilar xudosi ham shunday.
Berns g‘alati ishshshaydi, go‘yo ular ikkalasi ham hozir bir-biri haqida ko‘ngilsiz biror narsani bilib
olganday bo‘ldilar.
— Aftidan, xudo ikkalamizda ham bittaga o‘xshaydi, — dedi u kulimsirab.
— Biroq siz mening savolimga javob bermadingiz? — eslatdi Palmer.
— Men unga qanday javob berishni bilmayman. Siyosatda ish qandayligini yaxshi bilaman. U yerda
olayotgan har bir narsang uchun to‘lashing kerak, Vudi. Bu katta bozorga o‘xshaydi. Unda hamma
savdo qiladi va ayirboshlaydi. Biror narsa olmoqchimisan? Boshqasi istayotgan narsani unga topib
ber.
Palmer Bernsning ingliz sigaretasini olib, darhol gugurt chaqdi, Bernsga o‘z chaqmoq toshini
yoqishga imkon bermadi.
— Agar bu shunday bo‘lsa, men tushunmay turibman, nima uchun siz hozir Vik Kalxeynga tazyiq
o‘tkazmayapsiz, toki u buni yirik kelishuv deb baholasin. — Palmer sigaretani zo‘r berib so‘rdi va
muncha bo‘sh bo‘lmasa bu, deb o‘yladi, xuddi ichingga qizitilgan havoni tortayotganga o‘xshaysan.
— Men bu kelishuvni asrayapman, do‘stim.
— Nima uchun?
— Siz uchun, azizim, — javob berdi Berns va uning lablari alam bilan qisildi. — Faqat siz uchun.