Bankir (roman). Lesli Uoller
www.ziyouz.com kutubxonasi
56
Palmer «Yigirma bir» restoranidan Ist Rivergacha piyoda yurdi va Birlashgan
Millatlar Tashkiloti
binosidan shimolroqdagi mo‘‘jazgina sayribog‘da bir oz o‘tirib dam oldi. Shundagina u oyoqlari
og‘riyotganini his qildi.
Uning Mak Berns bilan tushlik qilishi hali boshlanmasdan turib, to‘satdan uzilib qoldi. Ofitsiant
buyurilgan ovqatlarni keltirib, endi likopchalarga qo‘yayotganda telefon jiringlab qoldi. Bernsni
qaergadir shoshilinch chaqirib qolishdi.
U Palmerga taassuf bildirdi-da, kechirim so‘rab jo‘nab qoldi.
— Yarim soatdan oshmay qaytaman, — deya ishontirdi u Palmerni.
Yigirma daqiqa davomida Palmer dasturxonga tortilgan ovqatlarni tanovul qildi, keyin restorandan
chiqib, daryogacha sayr qilib, olti mahallani kesib o‘tdi. Kuz bo‘lishiga qaramay, havo iliqqina edi,
shaharni qoplab turgan bulut quyosh nurini ancha yumshatgandi. Esayotgan
yengil shamol daryo
yuzasini jimirlatardi. Shatakchi kema ko‘pikli iz qoldirib suzib o‘tdi. Palmer uni nigohi bilan kuzatib
qoldi.
Toza shamol uning chekkasidagi sochlarini silab o‘tdi. U birdan o‘zini yengil, erkin his qildi. U
o‘ng‘ayroq o‘tirib olib, BMT Kotibiyati binosi sahnida bir-birini suratga olayotgan sayyohlarni tomosha
qila boshladi.
Oilasi Nyu-Yorkka ko‘chib kelganidan beri u birinchi marta o‘zi xohlagan narsani qildi. Odatda,
uning ish kuni kimdir tomonidan belgilangan bitmas-tuganmas konferentsiyalar, tushliklar, ziyofatlar,
turli qo‘mitalarning majlislari, amaliy strategiya masalalari bo‘yicha
uchrashuvlar, ma’ruzalar,
reportyorlar bilan muloqotlar, qo‘l qisib ko‘rishishlar va suhbatlardan iborat bo‘lardi. Bunday suhbatlar
uning hiqildog‘iga kelgandi.
Uning ishdan tashqarigi hayoti ertalablari oilasi davrasida nonushta qilayotib, teatrlarga borish,
dam olish kunlarini Edisning qarindoshi Jeyning Roklendkountidagi uyida qanday o‘tkazishi haqida
borardi. Qolgan vaqti turli-tuman marosim tadbirlarida o‘tardi.
Ana shunday tadbirlarni, turli
ko‘ngilochar o‘yinlarda bolalari, xotini bilan o‘tgan shirin onlarini eslab ketdi...
Palmer Ozodlik haykalini miriqib tomosha qilish, Fulton baliq bozorida aylanish, Empayr steyt
bilding tomiga chiqib atrofni
kuzatish ham xalaqit bermasdi, degan qarorga keldi. Lekin gap bunda
emasdi. Uning o‘zi uchun yangi bo‘lgan bu shaharda aylangisi kelardi...
— ... bir marhamat qilolmaysizmi? — jarangladi uning tepasida ayol ovozi.
Palmer seskanib, boshini ko‘tardi-da, ko‘zlarini tepasida nimalardir deyayotgan ayolga tikdi.
— Kechirasiz, nima dedingiz? — so‘radi Palmer.
— E-e, bu juda oson. Siz mana bu yerga qaraysiz, keyin mana bu tugmachani bosasiz, — dedi
ayol.
U o‘zidan nima istashayotganini
nihoyat tushunib, asta o‘rnidan turdi. Oldida turgan ayol undan eri
va qizchasi bilan birga suratga tushirishni so‘rayotgandi. Palmer «mayli» deganday bosh irg‘ab, uning
qo‘lidan fotoapparatni oldi.
— Biz suratda BMT binosi ham ko‘rinib turishini xohlaymiz, — dedi ayol va sochlarini
to‘g‘rilaganicha eri bilan qizi yoniga shoshildi.
Palmer fotoapparatni to‘g‘rilab, endi tugmachani bosaman deganda:
— To‘xtang, — deb baqirdi ayol va qizchasining yelkasiga turtdi. — Jilmayib tur, qaddingni rostla
va jilmayib tur.
Palmer kutib turdi. U bu narsa qizchaning joniga tekkanini payqadi. Otasi uyalinqirab turardi. O’zini
tutishidan, «meni tajovuzkor xotinimga o‘xshatma» degani sezilib turardi. Qizcha nihoyat o‘zini
bosib
oldi, tabassum qildi va Palmer «shirq» etib tugmachani bosdi.
— Tashakkur! — qichqirdi ayol. Qizchasini qo‘liga ko‘tarib olgan eri yuzini xotinining orqasiga
yashirib, minnatdorchilik bildirdi. Ayol fotoapparatni olarkan, Palmerga shunday iliq tabassum hadya
etdiki, u o‘zini juda noqulay sezdi.
— Arzimaydi, marhamat, — dedi ming‘irlab va o‘zini yengil his etib o‘rindiqqa cho‘kdi.
Palmer ularning Birinchi avenyu tomon yurishayotganini ko‘rib turardi, lekin ayol zo‘r
berib chapga,