www.ziyouz.com kutubxonasi
62
qaysi biri kamroq ekanini aniqlash ham qiyin.
U ofitsiantga yana bir qadah viski keltirishini buyurdi va xayolan Berkxardt bilan bo‘lib o‘tgan
suhbatga qaytdi. Uning birinchi vitse-prezidenti xotini bilan ajrashmoqchi yoki uni tashlab ketmoqchi
ekanidan ham xavfsirayotgan qariyani xotirjam qilishga erishdimi yoki yo‘qmi, shuni aniqlashga urinib
ko‘rdi. Berkxardt Palmerning oilaviy kelishmovchiliklari bankdagi ishiga ta’sir qilishidan qo‘rqardi.
Boshlig‘ining ta’nalari ahamiyat berishga arziydimi o‘zi, deya o‘zidan so‘rardi Palmer. Qariyaga bergan
javoblari yetarli darajada ishonchli chiqdimikin? Qari qirchang‘ini ishontira oldimi? Ehtimol.
Ofitsiant unga viski tutdi. Palmer maydalab ichishga kirishdi. Xayolan yana tanlov muammosiga
qaytdi. Holbuki, tanlaydigan narsaning o‘zi tayinsiz edi va u nimani tanlashni ham bilmasdi.
Hal qilinmagan muammolar, umuman olganda mayda-chuyda narsalar edi. Biroq hozir nimadir
qilish kerak. U o‘rnidan turdi va qo‘lida qadah bilan telefonga qarab yurdi.
U telefonchi qizga uy telefoni raqamini aytib, uni ulab berishga buyurdi. Ichganidan so‘ng fikri
tiniqlashib, u hozir nima qilmoqchi bo‘layotganin yaxshi anglab turibdi. Palmer ichgan paytida ongida
nimadir oydinlashganday bo‘lardi. Bu, odatda, uchinchi qadah bilan to‘rtinchi qadah o‘rtasida yuz
berardi. Shunda u xolisonilla mulohaza yuritardi. Ayni shunday damlarda u o‘z qobig‘idan ajralib
chiqib, bir chekkaga borib, yuz berayotgan voqealarni diqqat bilan kuzatib turganini his qilardi.
Telefonchi qiz uyini ulab berishini kutarkan, hozir faqat bir chekkadagina emas, hatto o‘zimdan ham
balandroqda turibman degan qarorga keldi.
Shunday ajoyib daqiqalarda barcha ziddiyatli harakatlarida va eng murakkab vaziyatlarda ham
masalani to‘g‘ri hal qilishga qodir edi. Masalan, uning hozirgi vaziyatda o‘zini tutishini olaylik. U
telefon orqali uyi bilan bog‘lanib, qat’iy qarorga kelishi lozim bo‘lgan odam rolini o‘ynayapti. U dadil
odam. Qarorning yechimi yetilayapti.
Yo‘q. Bularning hammasi mug‘ambirlik, xolos.
U qo‘ng‘iroqni eshitdi: uning uyida telefon jiringladi. Palmer — chetdan kuzatuvchi — ushbu
qo‘ng‘iroqning haqiqiy maqsadini mutlaqo aniq ko‘rib turibdi. Go‘shakni qo‘lida ushlab turgan
Palmerga bahona kerak, u butun mas’uliyatni xotiniga ag‘darish uchun shunday qilayapti. Xotini esa
bundan hatto shubha ham qilmayotir. Biroq tanlovni aynan u, faqat xotinining o‘zi hal qilishi lozim.
— Allo?
— Jerri, oyingni telefonga chaqir.
— O’sha oyining o‘zi menman. Nima gap, azizim?
— Iy-e, bu senmisan, Edis? — Palmer bir zumga jimib qoldi va tili bilan lablarini yaladi. — Men
klubdan telefon qilayapman.
— Bilaman, u yerda Leyn bilan birgasizlar.
— Qaerdan sim qoqayapsan? Voy, ha. Xo‘p, mayli.
— Ishlar cho‘zilib ketdimi?
— Battar bo‘ldi, — javob berdi Palmer, yolg‘on gapirmaslik uchun javobdan qochib. — Men
keyinroq Berns bilan yana uchrashuvim kerak.
— Keyinroq degani qachon?
— Qachonligini hali aniq bilmayman, — dedi yana yolg‘on gapirishdan qochib, lekin haqiqatni
gapirishni ham ep ko‘rmay. — Bugun bizda biror ish belgilanganmidi?
— Biror rejamiz yo‘q edi.
— Nahotki hech narsa?
— Men faqat bolalarni ertaroq ovqatlantirmoqchi edim, keyin ikkalamiz bemalol ovqatlanardik.
— Hech qanaqa kechalarga, tomoshalarga takliflar-chi? Hech qanaqa qabullar yo‘qmi? — so‘radi u.
— Yo‘q.
Edisning bir bo‘g‘inli javobi juda keskin eshitildi. Gapning ohangidan Palmer uning dilini og‘ritganini
tushundi.
— Ey, xudo, juda afsusdaman, — ingradi Palmer. — Shuncha vaqt mobaynida ikkalamiz birga
o‘tkazadigan yagona oqshom. Shuni ham men buzsam-a!