www.ziyouz.com kutubxonasi
90
engashdi va ayni daqiqada hammaning e’tibori Feytlbaumga jam bo‘lganiga ishonch hosil qilib, bir
zum ko‘zlarini yumdi. U xotirasida notiqlar ro‘yxatini tiklashga harakat qildi va ulardan har biri
so‘zlashi uchun qancha vaqt ketishini xomcho‘t qilib chiqdi. Nutqlarga kamida bir soat ketardi. Palmer
xo‘rsinib o‘zini o‘rindiq suyanchig‘iga tashladi va go‘yo hamon yumuq ko‘zlarini panalamoqchi
bo‘lganday, sigareta tutgan qo‘lini ko‘tardi.
— ... So‘nmas nuring bilan hozirgi va istiqboldagi ishlarimizni o‘zing munavvar et, — gapirishda
davom etardi Feytlbaum. — Sening muruvvating va ilhoming ila bajarishimiz lozim bo‘lgan
a’mollarimiz baroridan kelgay.
Palmer ko‘zlarini ochdi va notiqqa o‘girildi. U Kalxeynga engashib, qulog‘iga allanimalarni
shivirlagan kishining och sariq quyuq sochiga e’tibor qildi. Faqat birgina odamda mana shu rangdagi
soch bo‘lishi mumkin edi — u ham bo‘lsa Berns.
— ... aynan meni, — davom etdi Feytlbaum, — qadimgi din xizmatkorini mana shunday buyuk
ishni deb yelkama-elka turib o‘z burchini ado etish uchun bugun bu yerga chorlaganimiz nechog‘li joiz
va haqqoniy bo‘lsa, bizning a’mollarimiz ham shunchalik joiz va haqqoniydir.
Ravvinning boshidagi karjsiz qora taqyasi uning nutqiga monand bir tekisda chayqalib, Bernsning
boshini goh to‘sar, goh ochar edi. Kalxeynning o‘zi xotirjam tusda sukunat saqlardi. U ko‘zlarini bir
nuqtaga qadab, qimir etmay o‘tirardi, Berns esa hamon gapni qalashtirib, nutqini davom ettirardi.
Shunga qaramay, Kalxeyn kabi uning ham lablari deyarli qimirlamayotgandi.
Ravvin nutqini tugatishiga Bernsning toqati chidamasa, u yog‘i qandoq bo‘ladi, deb o‘zidan-o‘zi
so‘rardi Palmer. Biroq yalt etib miyasiga bir fikr keldi. U Bernsni haddan tashqari yaxshi bilardi.
Bunday vaziyatda har qanday mayda yangi g‘iybatlar ham nishonga urishi hech gap emasdi.
Bernsning nimalar deyayotganining ahamiyati yo‘q, dalilning o‘zi muhim: u necha minglab
tomoshabinlar ko‘zi oldida va mana bunday dabdabayu as’asali bir damda Katta Vik bilan
suhbatlashayapti.
Tashqi ta’sirotlar — bu siyosatdagi buyuk ish, o‘yladi Palmer. Busiz ham Berns Kalxeynning
ishongan odami ekani besh qo‘lday ma’lum. Biroq Kalxeynning unga yaqin bo‘lgan boshqa odamlari
ham bor edi. Shu bois Berns boshqa birov emas, aynan u Katta Vikning ana shunday ishonchini
qozongan odam ekanini ahamiyatli deb bilganlarga muttasil eslatib turishi kerak bo‘lardi. Berns
boshqa yig‘inlarda ham shunday tomoshalar ko‘rsatganini Palmer ilgari ham ko‘rgandi. Manzara har
doim bir xil bo‘lar edi — nigohini zalga tikkancha haykalday qotib o‘tirgan Kalxeyn. Uning orqasida —
Berns. Uning bir qo‘li Kalxeynning yelkasini qisadi, ikkinchi qo‘li bilan ishoralar qiladi: goh
allaqayoqnidir ko‘rsatadi, bir nimani tekislaganday bo‘ladi, goh sochib, o‘zidan nari itarsa, goh o‘zi
tomon chorlaydi. Balerina tanasi kabi hayot va hissiyotga to‘la bu qo‘l notiqdan diqqatni chalg‘itib,
butun zalning nigohini muqarrar ravishda o‘ziga jalb etib oladi-da, natijada o‘z maqsadiga erishadi —
hammani bu uncha katta bo‘lmagan, ammo jo‘shqinlikka to‘la sahnani kiprik qoqmay kuzatishga
majbur qilardi.
— ... bizlar beadad ravishda ishonamiz, ey parvardigor, — der edi bu orada Feytlbaum, — sening
qo‘llaring qudratli va bizlarni taqvo yo‘liga boshlovchi hikmating barhaqdir.
Zaldagi odamlardan bir nechtasi ravvinning ortidan qadimgi yahudiy tilida qiroat etilgan
yakunlovchi duo so‘zlarini takrorladi, biroq zalda ko‘tarilgan shovqin ularning ovozini bosib ketdi:
mehmonlar yo‘tala boshladi, stullar surila boshladi, suhbat-guruhlar yangilandi.
— Tashakkur sizga, rabbi Ben Heym Feytlbaum, — dedi Grork. U boshini mikrofonga juda chuqur
egib oldi va ovozi mikrofonda shovqin va qasirlash keltirib chiqardi. U o‘sha zahoti bir necha qadam
ortga tisarildi. — Chet tilida siz o‘qigan duo uchun ham tashakkurimizni qabul aylang, — qo‘shib
qo‘ydi u tanobiydagilarga ko‘z qisib qo‘yarkan.
Kulgi tinishini kutib Grork maktabning moliyaviy ahvoli haqidagi rasmiy hisobotlarga o‘tdi, uning
yigirma besh yil avvalgi salmoqsizgina byudjetini shu maktabning gullab-yashnashida guvohlik
beruvchi hozirgisi bilan taqqosladi. Bu orada Palmer endigina Kalxeyn bilan suhbatini tugatgan
Bernsni kuzatardi. Aslida bu suhbat ham emasdi, balki Bernsning monologi edi. Bu odamning hatto