Bo‘yoqdor leksika. Bunday leksemaning kishi hissiy munosabatini
ifodalovchi ifoda semasi bo‘rtib turadi: ulkan, badnafs, qiltiriq, oniy, tashrif,
oraz, yovqur, mahliqo, badbashara va h.
Bo‘yoqdor leksemaning ifodaviyligi ijobiy yoki salbiy bo‘lishi mumkin.
Shunga ko‘ra bo‘yoqdor leksemalar ijobiy bo‘yoqdor leksema va salbiy bo‘yoqdor leksemaga bo‘linadi.
Ijobiy bo‘yoqdor leksema so‘zlovchining borliq hodisasiga ijobiy
munosabatini ifodalaydi va ular sememalarida tegishli ifoda semalari ijobiy
bo‘ladi. Misollar: 1.Onam deganimda, oqsoch, jafokash munis va mehribon chehrang bo‘lar namoyon (G‘.G‘ul.). 2. U hamisha kulib, jilmayib turadigan mehribon chehrani ko‘rmadi (M.Ism.). 3. Orazin yopqoch, ko‘zimdan sochilur har lahza yosh (Nav.)
Salbiy bo‘yoqdor leksema borliq hodisasiga so‘zlovchining salbiy
munosabatini ifodalaydi va ular sememasida salbiy munosabatni ifodalovchi
sema bo‘rtib turadi. Misollar: 1. So‘ngra yakkam-dukkam iflos tishlarini yashirgan og‘zini katta ochib esnadi, go‘yo uning butun badburush yuzini og‘iz qopladi (Oyb.) 2. U bir ko‘ngli borib, muttaham qozining tumshug‘iga tushirgisi, yo iflosbasharasiga tupurgisi keldi. (M.Ism.)
Ijobiy bo‘yoqdor leksema nutqda salbiy bo‘yoqdor leksema o‘rnida
voqelanishi mumkin. 1. Jamolingizni (“basharangizni”ma’nosida) boshqa ko‘rmay! 2. Rosaxursand qildingiz (“xafa qildingiz” ma’nosida).
Leksemaning ijobiy va salbiy bo‘yog‘ini ijobiy va salbiy ma’nodan farqlash
kerak. Masalan, yaxshi leksemasi ijobiy ma’noga ega, ammo uning ifoda semasi
bo‘yoqdorlikni ko‘rsatmaydi, ya’ni u bo‘yoqsizdir. xunuk salbiy ma’noga ega
bo‘yoqsiz leksema.