Demagogiya Demagog atamasi (gr. demagogos) so‘zma-so‘z tarjima qilinganda “xalq yo‘lboshchisi”, “xalq
yetakchisi” degan ma’nolarni anglatadi. So‘z Afina demokratiyasi zamonlarida paydo bo‘lgan. Bu davrda
siyosat oshkora yuritilar – siyosiy masalalar xalq majlislarida ommaviy muhokama qilinar edi. Shuning
uchun Afinada siyosatchi (demagog)lar notiqlik san’atini puxta egallagan, ommaviy yig‘inlarda qizg‘in nutq
so‘zlaydigan kishilar bo‘lishar edi. Afinada og‘ir sharoit, siyosiy inqiroz hukm surgan paytlarda demagoglar
o‘zlarining so‘z qo‘llash mahoratlarini ishga solib, jazavaga tushgan olomonni, garchi bu davlat manfaatlariga
butkul zid bo‘lsa ham, o‘z fikrlariga ishontirib, orqalaridan ergashtirishar edi. Omma demagoglarning
qutqusiga uchib, hatto mamalakatni inqiroz holatidan chiqarishga qodir buyuk mutafakkirlari bo‘lmish
Protagor, Suqrot, kichik Perikl kabi daholarini ham qatl qilishgan edi. Bunday voqealardan keyin odamlar o‘z
manfaatlari yo‘lida hatto davlatga ziyon yetkazishdan ham toymaydigan notiqlarni demagoglar deb atay
boshlashdi. Shu tariqa demagogiya atamasi “tuturuqsiz siyosatdon”, “shuhratparast” degan ma’nolarga ega
bo‘lib qoldi.
Demagogiya – vaziyat va sharoit nuqtai nazaridan o‘rinsiz bo‘lsa-da, xuddi to‘g‘ridek tuyuldigan
fikrlarni ko‘tarinki, balandparvoz, obrazli ifodalarni qo‘llash bilan bayon etishdir. Demagogiya bugungi kunda
masalaning oqilona yechimi yo‘lidan bormay, tinglovchilarning hissiyotlarini junbushga keltirish (ko‘proq
qo‘rquv va nafrat uyg‘otish) mazmunida tushuniladi. Demagogiya – noo‘rin, balandparvoz va havoyi notiqlik.
U ommaning sog‘lom fikrini chalg‘itishning eng eski va keng tarqalgan usuli.