Muntazam (proporsional) ziddiyat. Muntazam (proporsional)
ziddiyatda bir belgi juftlangan turli birliklar uchun ziddiyat ko‘rsatkichi bo‘lib
xizmat qiladi. Masalan, “jins” belgisi ota-ona, aka-opa, singil-uka, tog‘a-xola lug‘aviy zidlanishlari uchun umumiy. Lekin ular bu belgini o‘z-o‘zicha “bo‘lib
olishadi”. “jins” belgisini [aka] leksemasi “erkak”, [opa] leksemasi “ayol”
ko‘rinishida xususiylashtiradi.
Darajali ziddiyat. Darajali ziddiyat a’zolari kamida uchta bo‘lib, ziddiyat
belgisining o‘sib borishiga ko‘ra a’zolar qator hosil qiladi. Masalan, tilning
ko‘tarilishiga ko‘ra unli fonemalar darajalanishi quyidagicha: [a] – [e] – [i]yoki
[o] – [o‘] – [u]. Bunda belgi birinchi a’zoda kuchsiz, ikkinchi a’zoda o‘rtacha va
keyingi a’zoda kuchli yoki aksincha bo‘lishi mumkin.
Darajali ziddiyat ham barcha sath birliklarida uchraydi. Masalan,
leksikada [ninni] – [chaqaloq] – [go‘dak] – [bola]...,[turq] – [bashara] – [bet] – [yuz] – [chehra]..., morfologiyada harakat nomi-sifatdosh- ravishdosh (“fe’lni o‘zgalash darajasiga ko‘ra” belgisi asosida) kabi.
А’zolari miqdoriga ko‘ra ziddiyat ikki a’zoli (binar) va ko‘p a’zoli
ziddiyatga bo‘linadi. Masalan, noto‘liq ziddiyat ikki a’zoli (binar), darajali
ziddiyat esa ko‘p a’zoli (ternar) ziddiyatdir.
Lisoniy birliklar orasidagi ziddiyatlarni to‘g‘ri anglash va idrok etish ular
mohiyatini aniq tushunish va talqin qilishning asosidir.