DIYONAT
Diyonat alloh huzurina yaqin qiladurgan muqaddas e’tiqoddurki, olamda mundan suyukli narsa
yo’qdur Din va e’tiqodi salomat bo’lmagan kishilar haqni botildan, foydani zarardan, oqni qoradan,
yaxshini yomondan ayira olmas, munday kishilardan na o’ziga va na boshqa kishilarga, va na millatga
tariqcha foyda yo’qdur. Din janobi Haq tarafidan bandalari uchun qurilmish to’g’ri yo’ldurki, banda
dunyo va oxiratda bu yo’l ila sohili salomatga chiqar. Din ulamolari diniy kitoblarda Alloh taologa
ibodat qilishning yo’l va qoidalarini bayon qilmishlar. Ibodat ikki turli bo’ladur: Biri tan ibodati,
ikkinchisi ruh ibodati. Tan ibodati tahorat, namoz, ro’za, zakot, haj kabi amallardurki, bularning har
birini o’z vaqtida shariatga muvofiq ravishda minnat qilmasdan, riyo qilmasdan dilni poklab, niyatni
xolis qilub, shavq va zavq ila ado qilmoq lozimdur. Ruh ibodati qalb ila ado qilinadurgan ibodatdurki,
e’tiqodni mahkam, dilni pok qilub, Qur’on, Hadis, fiqh kabi diniy kitoblar oqilganda jon qulog’i ila
tinglab asarlanmakdur. Bir kishi tan ibodatini qilub, ruh ibodatini qilmasa, yo ruh ibodatini qilib, tan
ibodatini qilmasa o’z vazifasini ado qilmagan bo’ladur. Aql din ila, din amal ila, amal taqvo ila kamol
topar. Din insonlarning dilidan saxovat, marhamat, shafqat, ulfat, muruvvat eshiklarini ochub, saodat
va salomat bo’stoniga olib borur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam
afandimiz: «Allohni ko’z oldingda ko’rub turgandek ibodat qil, zeroki, san oni ko’rmasang ham,
albatta, Ul sani ko’radur, nafsingni o’lgan hisob et», – demishlar.
Dostları ilə paylaş: |