517-bob. Musulmonlar va mushriklar aralash bo'lgan jamoatga salom berish haqida
1141. Usoma ibn Zayd (r.a.) aytdilar: "Rasululloh (s.a.v.) eshakning ustiga egar qo'yib,
unga junli ko'rpacha to'shab minib meni orqalariga mingashtirib oldilar, Sa'd ibn
Ubodanikiga ketdik. Abdulloh ibn Ubay ibn Salul (hali unda Islomga kirmagan edi) bor
bo'lgan yig'inning oldidan o'tdik. Bu yig'inda musulmonlar ham, mushriklar ham,
butparastlar ham aralash o'tirgan edilar. Ul zot ularga salom berdilar".
1142. Abdulloh ibn Abbos (r.a.) aytdilar: Rum imperatori Xiraql Abu Sufyon ibn Harbni
chopar yuborib saroyiga oldirib keldi. So'ng Dihyatu-l-Kalbiy Busro hokimiga keltirgan
Rasululloh (s.a.v.)ning maktublarini keltirishni so'radi. U maktubni olib kelib o'qidi.
Unda: "Bismillohi-r-rah-moni-r-rahim. Allohning bandasi va payg'ambari Muhammaddan
Rumning ulug'i Xiraqlga. To'g'ri yo'ldan ketganlarga salom bo'lsin. Bundan keyin men
seni Islomga da'vat etaman. Islomga kirgilki, salomatlikda qolasan. Alloh senga ajrini
ikki qat bersin (ham Iso (a.s.)ga, ham Muhammad (s.a.v.)ga imon keltirganing uchun).
Agar qabul qilmasang, butun xalqning gunohi sening bo'yningdadir. Va "Ayting (ey,
Muhammad ): "Ey, kitob ahli (yahudiylar va nasroniylar), biz bilan sizning (ahamiyati)
barobar bo'lgan bir so'zga kelingiz - yolg'iz Allohgagina ibodat qilaylik, Unga hech
narsani sherik qilmaylik va Allohni qo'yib bir-birovlarimizni iloh qilib olmaylik. Agar (bu
taklifdan) yuz o'girsalar, (sizlar ularga): "Guvoh bo'linglarki, biz musulmonlarmiz", deb
aytib qo'yingiz!" (3:64).
Abu Sufyon u paytda Islom diniga dushman edi. 519-bobdagi 1143-hadis 145-bobdagi 314-hadisning mazmunan takroridir.