www.ziyouz.com kutubxonasi
230
doktor kitobini stolga qo‘yib, kerishdi, esnadi, keyin:
— Hoy, kelinoyim, yotish kerak, yur, — deb o‘rnidan turdi.
Qo‘llarimdan ignam, yamab o‘tirgan narsam tushib ketdi. O‘rnimdan turib stoldagi
shamdonni oldim-da, darpardani yopish bahonasi bilan deraza yoniga bordim. Kecha
zulmatiga uzoq tikilib turdim. Hozir sen chiq-u, qorong‘i yo‘llarga tushib qoch, degan o‘y
keldi miyamga. Lekin doktor:
— Kelinoyim, juda uzoq o‘ylanib qolding? Bo‘ldi, chiq tepaga. O‘nboshiga tayinlaydi-
gan ishlarim bor, men ham orqangdan chiqaman, — deb qoldi.
Doktorning qari enagasi bilan bir qo‘shni xotin menga kelinlik libosini kiydirishdi. Key-
in qo‘limga yana shamdonni tutqazishib, meni kuyovimning hujrasiga olib kirishdi. Xay-
rullobey pastdan chiqmagan ekan. Men javon yoniga kelib to‘xtadim, ko‘kragimni so-
vuqdan saqlayotganday, qo‘llarimni qovushtirib oldim. Shu qadar titrardimki, qo‘limdagi
shamdon tinmay tebranar, goho sochlarimning uchini kuydirardi.
Nihoyat, zinada, keyin dahlizda oyoq tovushi eshitildi. Xayrullobey ashulani ming‘illab,
yo‘l-yo‘lakay smokingini yechib kirdi. Kirdi-yu, meni ko‘rib hang-mang bo‘lib qoldi.
— Hoy qiz, hali yotganing yo‘qmi? — dedi.
Javob bergani og‘zimni ochgan edim, tishlarim takillab yo‘l qo‘ymadi.
Doktor yonimga kelib, yuzimga ajablanib qaradi.
— Hoy qiz, nima bo‘ldi? Hujramda nima qilib yuribsan?
Birdan hujrani guldiros qahqaha larzaga keltirdi.
— Voy sho‘rim, hali sen...
Doktor qahqahadan bo‘g‘ilib, so‘zini tugatolmadi. Keyin shapaloqlarini tizzalariga sha-
pillatib urdi-yu, barmoqlari bilan og‘zini yopib turib:
— Demak, sen bu yerga... Voy, sharmanda! Chindan ham eru xotin bo‘ldik, deb
o‘ylabsan-da! Tuf, uyatsiz, beor!— dedi. — Xudo jazongni bersin!.. Otang tengi bir
odamni...
Qahqaha zo‘ridan devorlar qimirlab, shift boshimga ag‘darilgandek bo‘ldi.
— Voy, qora yurakli hayosiz-e! Qiz boshing bilan mening hujramga tungi ko‘ylakda ki-
rishga uyalmadingmi?
O‘sha paytdagi ahvolimni ko‘rishni istardim, kim bilsin, qanday rangga kirib, qanday
rangdan chiqdim ekan.
— Doktorbey, xudo haqi, bilganim yo‘q, o‘zlari shunday deyishdi-da...
— Xo‘p, ular-ku shunday noma’qul o‘ylashibdi, sen-chi?! Dunyoda har narsa bo‘lishi
mumkin, bunga aqlim yetadi, lekin shu yoshimda hurmatimga, iffatimga bir yuzsiz qiz-
ning hujum qilishi mumkinligini hech aqlimga keltirmagan edim.
Voy xudo, bu qanday qiynoq azobi! Yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadim. Lablarim-
ni qonatar darajada tishlar edim. Qimirladim deguncha, u yolg‘ondan lo‘lilik qilar, dera-
zaning oldiga kelib ko‘ylagining yoqasidan bo‘ynini cho‘zib, qichqirardi:
— Hoy, qiz, yaqin kelma, qo‘rqaman! Hozir derazani ochaman-u dod solaman! “Xa-
loyiq, qutqazinglar!” deyman! Shu yoshimda menga...
Gapining oxirini eshitmay, hujradan qochib chiqib ketdim. Lekin bilmayman, menga
nima bo‘ldi, yana qaytib kirdim. Qalbimning hamisha itoat qilishga majbur etuvchi amri
bilan:
— Ota! Otajon! — deb faryod qildim, yig‘lab turib o‘zimni quchog‘iga otdim.
U ham quchog‘iga oldi, qalbdan chiqqan ayni faryod bilan:
— Qizim! Bolam! — deb peshonamdan o‘pdi.
Otalik bo‘sasining lazzatini, titrab turgan u lablarni o‘lgunimcha esimdan chiqarmay-
man!