Saylanma.
Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
20
Tong chog‘i shabboda ko‘taradi bosh,
Oh, nechog‘ latifu nechog‘lik yovvosh.
Asli qahratonning nabirasi u,
Nash’u namolari hozircha ezgu.
Inson fe’li qiziq, yashagay hurkib,
Shervachchani silab, sherdan-chi, qo‘rqib.
Bahor norasida go‘dakday shirin,
Qo‘ynida ezgulik armon yashirin.
Nashtar bo‘lmasidan g‘unchaning xori
Shirin tuyuladi uning diydori.
Bo‘ronga aylanmay shabboda - go‘dak
Ozurda dillarni yayratar beshak.
Odam
bolasiga doim umid yor,
Shul sabab bahorga tilagi bisyor:
Olamga qabohat zahrin sochmasa,
Mas’um yuraklarda yara ochmasa.
Qoplamasa basdur yeru samoni
Mudhish qirg‘inlarning qora to‘zoni.
1983
* * *
Yashasang dunyoda yorug‘ yuz bilan,
Hurmat ko‘rguzsang va bo‘lsa izzating!
Ketsang, eslasalar shirin so‘z bilan,
Yaxshi
noming qolsa, qolsa xizmating.
G‘anim nafratingga kelolmasa bas,
Kulsang, sidqidildan yayrab kulolsang.
Dilda g‘ashlik bo‘lmay yashasang, xullas,
Baxtli odamlarday baxtli bo‘lolsang.
1983
BOBUR
Men-ku, oddiy odam,
Shundoq bo‘lsa ham
Shukr, bas, degancha g‘animlarim bor.
Shart emas ularga ta’rif
chinakam,
Biri jununsifat, birovi hushyor.