Saylanma. Abdulla Oripov
www.ziyouz.com kutubxonasi
126
Toychoq kishnab deydi: - Mana shu ko‘
Sig‘may qoldingizmi siz ham u yoqqa.
Akangning holidan xabardor bo‘l, deb,
Jo‘natib yubordi yangam bu yoqqa...
1998
JAHONGASHTA
Bir kun so‘radilar jahongashtadan:
- Aytgil, bir yurakka olam siqqaymi
Yoki yo‘qmi senda turar joy, vatan,
Sang‘ib yurmoqlikdan shoxing chiqqaymi?
U dedi: toqatim yo‘qdir firoqqa,
Men asli muhabbat uchun yarayman.
Faqat gohi-gohi ketib yiroqqa
Yurtni dast ko‘tarib, to‘yib qarayman
1998
FIDOYI
Sochilib yotadi oltin va gavhar
Tog‘larning qa’rida yo qumloq soyda.
Kimdir zahmat chekib yig‘masa agar,
U pinhon boylikdan, ayting, ne foyda.
Bedov ot kezadi cho‘llarda yaydoq,
Falakka yetgudek shaxdi, shiddati.
Yovqur bir chavandoz bo‘lmasa biroq
Ayting, chiqarmidi dong‘i, shuhrati.
Asriy jumboqni ham bir fozil yechgay,
Darg‘asiz kemaning suzmog‘i gumon.
Kimdir halovatu uyqudan kechgay.
Shundan Vatani tinch, xalqi ham omon.
Fidoyi Insonlar: balki rahnamo,
Balki oddiy zotdir - har qayda bordir.
Ular unutgaylar o‘zin doimo,
Chunki qo‘llovchisi Parvardigordir.
Bor bo‘l, ezgulikka baxshida hayot,
Zahmating tufayli yetding niyatga.
Shohmisan, fuqaro - endi umrbod
Daxldor bo‘lding sen abadiyatga.
1998 yil, yanvar
Dostları ilə paylaş: