www.ziyouz.com kutubxonasi
102
yetilmaysan?» Boshoqdagi don javob beribdi: «Tez yetilsam tegirmon toshlari orasida
tezroq yanchilaman-da»... «Bu yigitlar tegirmon toshlari kutayotganini bilmay tez
yetilishdi. Endi bu toshlar orasidan omon chiqisharmikin?» deb ko‘p o‘yladi. «Nurga o‘lim
yo‘q, deydilar. Bu yigitlar nurmisol, Xudo xohlasa, omon chiqishadi», deb o‘ziga o‘zi
tasalli berdi.
G‘amga saxiy, shodlikka xasis bu dunyo nolalarga parvo qilmay tegirmon toshlarini
ayovsiz yurgizardi. Dastlab Tolibjon javob oldi — hukm qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q
ekan. Shunda u peshonasiga bir shapaloq urdi.
— Professor Gerxard shu yerda qol, deganda men ahmoq ko‘nmabman. Vatanga
xizmat qilaman, debman!
Bu gapni eshitib, Islomxon uning og‘zini kafti bilan yopdi.
Islomxonga javob keyinroq, bahor borliqni erkalay boshlaganda keldi.
Oftob issig‘i tanalariga o‘tib, daraxtlar uyg‘ondi. Uyg‘ondi-yu, yalang‘och badanlaridan
uyalib, shoshqich ravishda qush tiliday yaproqlardan iborat harir pardaga o‘rala
boshladilar. Bu yashil harir parda orqasida ularning oq, toza badanlari yanada go‘zal
ko‘rindi. Endigina yaproq chiqargan daraxtlar Islomxonning ko‘ziga bu go‘zalalikda
emas, balki kasaldan turgan bemorday za’faron ko‘rinar edilar. U daraxtlarni o‘zi kabi
o‘limga mahkum deb bilardi. O‘zining o‘nglanmasligiga ishonib qolgan Islomxon har qon
tupurganida:
— Bu dard ilaki o‘larman, maraz chu zohir emas, Tabiblar bu balog‘a ne chora qilg‘aylar, — deb qo‘yardi.
Jahongirning «Bahorga yetib olsak, bu dardlardan forig‘ bo‘lib ketasiz», degan
daldasini eshitib, miyig‘ida kulardi.
Islomxonni qamoq boshlig‘i ayni bahor kuchga kirgan pallada chaqirdi.
— O‘rtoq Stalinga yozgan xating yurtingga yuborilgan. O‘zingning yozuvchilaringdan
iborat komissiya «millatchiligi to‘g‘ri», deb xulosa chiqarib bergan. Shunga qaramay,
kasalliging inobatga olingan. Seni janubga, issiqroq yerlarga ko‘chiramiz. Hoziroq yo‘lga
chiqasan.
Islomxon xayrlashar mahali turar joyini yana eslatib, Jahongir bilan Tolibjonga bir
o‘tinchini aytdi:
— Onamga aytinglar, bergan oq sutlariga rozi bo‘lsinlar. Men hech kimga xiyonat
qilmadim.
Jahongir bu shoirni boshqa ko‘rmadi. Urushdan keyin yurtiga qaytib, uni so‘roqladi.
Onasi o‘g‘li hajrida kuyib ado bo‘libdi. Singillari akaning na tirigini, na o‘ligini bilishardi.
Islomxonning, u sig‘ingan allomalarning nomlari tilga olinmayotganidan bildiki, ularga
hali ham omonlik berilmabdi. Shunda Islomxon ulug‘lardan misol qilib aytgan bir baytini
esladi:
Ba nomi neko‘ gar bimiram ravost, Maro nom boyad ki tan margrost. «Yaxshi nom bilan o‘lsam, shu yetadi, menga yaxshi nom kerak, tana esa o‘lim
uchundir», der edi, bechoraning nomini ham o‘chirishibdi», deb achindi.