www.ziyouz.com kutubxonasi
107
Ular holdan toyguncha yurdilar. Professor oyog‘idan yaralangani boisidan uni ikki
qo‘ltig‘iga kirib deyarli ko‘tarib borishdi. Kambag‘alning hovlisidek keladigan yalanglikka
chiqib to‘xtashdi.
— Endi qayoqqa boramiz? — dedi Tolibjon Jahongirga qarab. Professor o‘zbekchani
bilmasa ham, gap ohangidan savol mazmunini uqdi.
— Agar nemislar bostirib kelishayotgan bo‘lsa, sharqqa qarab boraverish kerak, u
yoqda o‘zimiznikilar, — dedi u.
— O‘zimiznikilar? — dedi Tolibjon o‘ylanib. — O‘zimiznikilar yana qamoqqa
tiqishmaydimi?
— Harholda shu yoqqa qarab boraverish kerak, — dedi Jahongir. — Balki uyimizga
yetib olarmiz?
Qo‘lbola yasalgan zambilga professorni yotqizib, yo‘lni tusmollab yuraverishdi.
Ertasiga kunbotarda bir qishloqdan chiqishdi. Jahongir Tolibjon bilan professorni
butazorda qoldirib, o‘zi qishloq tomon yurdi. Ko‘p o‘tmay qo‘lida yarimta non, uchta
tuxum ko‘tarib qaytdi.
— Urush boshlanganiga yarim oy bo‘libdi, — dedi u, — nemislar yaqinmish. Kecha bu
yerdan chekinayotgan qizil askarlar o‘tishibdi. Professorni olib qolishga ko‘nishmadi.
Qamoqdan chiqqanimizga qo‘rqishyapti. Lekin, bu yerdan yigirma chaqirim yursak, bir
qishloq bor. Qamalgunimga qadar men o‘sha yerda yashaganman.
«Qaerda, nima uchun yashagansan», deb surishtirib o‘tirishmadi. Non bilan tuxumni
bo‘lishib yeb, qorong‘i tushguncha yo‘l bosishdi. Jahongir yashagan qishloqqa ertasi kuni
peshinga yaqin yetib borishdi.
Ostonada o‘tirgan Grigorich bilan kampirni Jahongir uzoqdan ko‘rib «xayriyat», deb
quvondi. Grigorich ularni avvaliga chekinayotgan askarlardir, deb o‘yladi. Keyin
Jahongirni tanib, hayratdan yoqasini ushladi.
— Seni uzoq kutdik, xavotir oldik, — dedi chol professorni uyga yotqizib chiqqach, —
uch kun oldin kizimkani katta yo‘lga kuzatib qo‘ydim. Chekinayotgan askarlar,
odamlarga qo‘shilib ketdi. Shu bahonada uyiga yetib oladi. Kelishingni yuragi sezgan
ekan, senga bir gap aytib ketuvdi. Opangning omonatini olibdi, rozi bo‘larmishsan. Xudo
xohlasa omonatingga xiyonat qilmas emish.
Jahongir Oynisaning maqsadini tushundi. Boshini changallab, indamay o‘tirdi.
— Grigorich, professorni siznikiga tashlab ketamiz. Yaxshi odam u. Tuhmatga uchrab
qamalgan, — dedi u uzoq davom etgan sukutdan so‘ng.
— Yaxshimi-yomonmi, u ham bir odam, — dedi chol. — Qaraymiz, umri uzoq bo‘lsa,
tuzalib ketadi. Nasibasi qirqilgan bo‘lsa, chorasizmiz. Sen o‘zing nima qilmoqchisan?
Jahongir javob o‘rniga bosh qimirlatdi.
— Ketolmaysan. Katta yo‘llarga nemislar yetib kelgandir. Shu yerda kut. Nemislar
kelsa ham senga tegishmas. Bolshevik emassan. Quvg‘in qilingan odamsan. Sheriging
ham qolaversin.
Cholning maslahati Tolibjonga ma’qul kelmadi.
— Bu yerda qolsak, sotqin degan tamg‘adan umrbod qutulamaymiz, ketamiz, — dedi.
Qorinni to‘qlab, kiyimlarni almashtirib, yo‘lga tushishdi. O‘rmonni panalab yurib,
nemislarga duch kelishdi. Ulardan berkinamiz deb, o‘rmonga ichkarilab, yo‘ldan adashib,
ochlikdan o‘lar holga tushganlarida qurshovdan chiqishga urinayotgan askarlarga duch
kelishdi. O‘zlarini O‘zbekistondan Belorussiyaga tajriba o‘rganish uchun kelgan
chorvadorlar deb tanishtirishdi. Komandir peshonasida yozuvi bor Jahongirga
ishonqiramay qarab qo‘ydi, ammo indamadi. Ular qurshovdan chiqolmay, o‘rmon
ichkarisiga qarorgoh qurishdi. Shu zaylda partizanlik hayoti boshlandi. Jahongirning