www.ziyouz.com kutubxonasi
32
— Uslubingizga tushunmayapman, o‘rtoq mayor. Rizaev bo‘yniga oldi, etigining izi
tasdiqlab turibdi. Bu tasdiq ham yetmasa, ana, oshnasi ham aytyapti. Borgan.
Sarosimada qaytgan. Nima uchun sarosimada qaytgan? O‘likni ko‘rib qo‘rqib ketganmi?
Be, bunaqalar o‘likdan qo‘rqmaydi. Otishga otib qo‘yib esxonasi chiqib ketgan. Balki
Xudo oldida gunoh qilib qo‘yganidan qo‘rqqandir?
— Bu sizning uslubingiz, o‘rtoq kapitan. Siz arqonni kalta tashlar ekansiz. Men uzun
tashlayman. Sizning taxminlaringizni ham hisobga olaman, rahmat.
— Harholda Daminni nazardan qochirmang. Gaplariga e’tibor berdingizmi? U bizni
haqorat qildi. Lekin siz indamadingiz?
— O‘zingizni uning o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Bizning hamkasblarimiz uning umriga zomin
bo‘lishgan. Endi bizdan nafratlanishga haqqi bor.
Bu gap tutab turgan o‘t ustiga moy sepdi — Jabborov yonib ketdi.
— Haqqi yo‘q, bildingizmi, haqqi yo‘q davlat organi odamlarini haqoratlashga, — dedi
u ovozini balandlatib. — Uni bizning hamkasblarimiz qamagani yo‘q. Biz uning kimligini
qaydan bilib o‘tiribmiz? O‘z odamlari, o‘zining yaqinlari bo‘yniga sirtmoq tashlab bizga
ro‘para qilishdi. Biz ularning gaplariga ishonib turmaning eshigini ochib berdik. Mening
o‘rnimda siz bo‘lganingizda siz ham ochib berar edingiz. Siz hozir bizni ayblayapsiz.
Hozir xo‘p deyishdan o‘zga choram yo‘q. Lekin vaqti kelib biz qaddimizni ko‘taramiz.
Avlodlar vaziyatni to‘g‘ri tahlil qilib, to‘g‘ri xulosa chiqaradilar. Jamiyatning taqdiri o‘sha
yillari qil ustida ekanini tushunib yetadilar. Haqiqiy unsurlar bilan birga tuhmatga
uchraganlar ham ketdi. Xo‘sh, nima bo‘pti? Jamiyat unsurlardan tozalandi-ku?!
— Faqat unsurlardan emas, oqillardan ham.
— Ha, oqillardan ham. Lekin jamiyat tirik! Sizning fikrlaringiz meni ajablantiryapti,
o‘rtoq mayor. Siz kommunistsiz-ku axir?
— Ha, kommunistman, shuning uchun ham partiyaga dog‘ tushirgan ishlarga befarq
qaray olmayman.
— Siz Daminga o‘xshaganlarni butunlay oqlab yanglishasiz. Gapiga
tushunmadingizmi? Jamiyatimiz emas, «jamiyatingiz» dedi. U o‘zini bizning jamiyatga
mansub deb bilmaydi.
— Faqat ugina emas, ko‘pchilik shunday fikrlaydi. Chunki jamiyat tizgini uzoq vaqt
bizga o‘xshaganlar qo‘lida edi. Bu, birinchidan. Ikkinchidan, jamiyatni o‘zgartirishdan
avval odamlar ichki dunyosini, ruhiyatini o‘zgartirish, ong darajasini ko‘tarish lozim edi.
Avval jamiyatni o‘zgartirib olib, so‘ng odamlarni shunga mos ravishda o‘zgartirish
mumkin emas. Biz ana shu mumkin bo‘lmagan ishni amalga oshirish uchun tish-
tirnog‘imiz bilan kurashdik. Damin akaga o‘xshaganlar xavfli emas. Aksincha
«jamiyatimiz!» deb ko‘krakka urib, jar soladiganlar xavfli.
— Men bu masalada siz bilan murosa qila olmayman.
— Shuning uchun bahslashib yurmasdan, qotilni topishni o‘ylaylik. Haq-nohaqni
ajratadigan eng odil hakam — vaqt.
Loy yo‘ldan borayotgan bu ikki odamning fikri, dunyoqarashi oyoqlaridagi poyabzallari
kabi xilma-xil edi.