www.ziyouz.com kutubxonasi
44
— Savdoyi Oxun akani yoqasidan ushlab olgan ekan. Bir nimalar deyayotgan ekan,
eshitmadim. Urushyapti, desam, sekin gapiryapti, tinchlik bilan turibdi, desam, yoqasini
bo‘g‘ib olgan.
— Aniqroq ayting: bo‘g‘ib olganmi yo ushlab olganmi?
Yigit o‘ylandi.
— Aniqroq aytsam: Oxun akam choponda edilar. Oyoqlarida maxsi edi shekilli. Yo
ishga ketayotgan mahallari bo‘lgan yo bomdoddan qaytgan mahallari. Savdoyi shu
to‘nning kalta yoqasini changallab turgan bo‘ladi-da.
Solihov bulardan boshqa tayinli gap ololmadi. Yo‘lchivoyning qachon qaytishi
noma’lum edi. Shu bois idoraga yo‘l oldi.
«Siddiq Sharipov oqsaydi... Siddiq Sharipov oqsaydi... Muhammadrizaevning akasi
ham oqsagan, — deb o‘yladi mayor Solihov, — Jahongir tongda Sharipovning yoqasidan
olgan... Ular Daydidaraga nima uchun borishgan? Muhammadrizaevning bosgan izlari
bizga ma’lum. Sharipov-chi? Ota makonini tashlab ketgan. O‘ttiz yildan ko‘proq
musofirlikda yashadi. Nima uchun ketgan edi? Nima uchun qaytib keldi? Ko‘ngliga g‘azab
toshlarini yig‘ib ketgani aniq, bu toshlar erib, mehr suviga aylangani rostmi? Balki uni
zo‘rlab olib ketishgandir? Yo‘lchivoy... Yo‘lda tug‘ilgani uchun shunday nom qo‘yilganmi?
Qaysi yo‘lda tug‘ilgan? U ota yurtiga qanday ko‘ngilda keldi? Ishlarimiz xo‘b ajoyib. Dam
otamizni ham tanimaymiz, dam ko‘nglimiz darvozalarini lang ochib yuboramiz. Bular
og‘ir kunlarda yurtlarini tashlab ketishdi. Xalq bu yerda, o‘ttiz yil badalida ocharchilikni
ko‘rdi — odamlar ochlikdan shishib o‘ldilar. Mozorlarga o‘liklar sig‘may ketdi. Xalq
urushni ko‘rdi — dev yigitlar qirildi. Bir burda qora non uchun tongni tunga, tunni tongga
uladi. Xalqning dasturxoniga endigina non chiqqan edi. Qozoniga endigina et tushgan edi
— bular yetib kelishdi. To‘kis-tugal mol-mulklari bilan qaytishdi. O‘z yerlariga qaytishdi,
o‘z xalqi bag‘riga qaytdi ular. Ular begonalar emas. Lekin shu dasturxondagi nonga
haqlari bormi? Endi o‘zlarini hotamtoy ko‘rsatib mahallaga osh tortishga haqlari bormi?
Aqalli birontasi xalq oldida tiz cho‘kib tavba-tazarru qildimi? Yo‘q! Ana shularning birini
otib ketishdi. Men uning qotilini topishim kerak... Topaman ham. Jabrlanuvchi kim
bo‘lishidan qat’i nazar, jinoyatchini topish — burchim. Lekin... jinoyatchi ham men
o‘ylaganday fikr qilgan bo‘lsa-chi? Muhammadrizaevni so‘roqqa chaqirganimda u menga
shu savolni bersa-chi? Nima deb javob qaytaraman? Oqlaymanmi?.. «Bular aldovga
uchraganlar, musofirlikda dardlar chekishdi», deymanmi? «Olib qaytgan mulklariga
qaraganda dardlar chekishganga o‘xshamaydi», desa-chi? «Bular orasida kambag‘alini
ko‘rmadim», desa-chi?»
Solihov bora-borguncha shu zaylda o‘zi bilan o‘zi bahslashdi. Xorijga ketib qolgan
o‘zbeklar qayta boshlaganida Ramazonov bilan ham bahslashgan edi. O‘shanda
Ramazonov «Ularni Vatan mehri tortib kelyapti. Ular Vatanni sotganlari yo‘q.
Tinchliklarini ko‘zlab boshpana izlab ketishdi. Tarixda bunday voqealar ko‘p bo‘lgan.
Butun-butun el-elat ko‘chgan. Shuharlarni, qishloqlarni huvillatib ko‘chib ketishgan. Biz
ularni xoin, sotqin hisoblamaymiz-ku», degan edi. Solihov uning fikriga qo‘shilgan edi
o‘shanda. Biroq ongida dastlab uyg‘ongan fikr bugungiga o‘xshab qo‘zg‘alib qo‘yardi.
Ertasiga belgilangan vaqtga Jahongirni ham so‘roqqa chaqirtirdi. Uning niyati
Yo‘lchivoy bilan Jahongirni uchrashtirish edi. Biroq Yo‘lchivoy kechikdi. Solihov
navbatchiga «Yo‘lchivoy Sharipov kelishi bilan meni ogohlantiring», deb so‘roqni
boshladi:
— Bu yerdagi turish-turmushingizdan shikoyatingiz yo‘qmi? — dedi Solihov vazmin
o‘tirgan Jahongirga zimdan tikilib.
— Turish-turmushim... — Jahongir hazin jilmaydi. — Avvallariga solishtirsam —
shohona yashayapman. Harholda oyoq uzatib yotadigan o‘rnim bor. Endi sal eslaringiz