www.ziyouz.com kutubxonasi
69
«Aka-uka orasida nima gap o‘tgan? Nima uchun Jahongir xorijga ketmagan?
Ulgurmaganmi, qo‘lga tushib qolganmi? Olamgir uning xotinini olib qochganmi? Nima sir
bor ularning orasida? Yo‘lchivoy voqeadan bexabardir. Lekin onasi biladi, bila turib
nimaga yashiradi? Balki opalari bilishar? Ular tirikmikin?»
Safarqulning izidan borayotgan mayor Solihov ana shu savollarga xayolan javob
izlardi.
Solihov Safarqul bilan ko‘l bo‘yida suhbatlashayotganida kapitan Ramziddin
Ramazonov poezd vagonining yuqori o‘rindig‘ida chalqancha yotib Samarqanddagi
uchrashuvni, suhbatni o‘zicha tahlil qilar edi.
Ular «Abram bulvari» deb nomlangan joyda uchrashdilar. Xiyobonda odam kam.
Ahyon-ahyonda qo‘zg‘ab qoladigan achchiq shamol xazonlar orasidan birnimani
izlaganday titib — to‘zitadi, hech nima topolmagach, tinchiydi.
Boshiga kepka kiyib olgan, qaddi sal bukilgan, biroq g‘ayrat tark etmagan Sergey
Komlev o‘tirib suhbatlashishga unamadi.
— Azizim, meni afv eting, har bir daqiqam sanoqli mening, — dedi u. — Harholda o‘n
yetti yilni boy berdim. Mantiqan olib qarasak, siz bilan gaplashmasligim kerak edi.
Chunki o‘n yetti yilning gunohi siz kabi odamlarning bo‘ynida. Lekin men gina
saqlamayman, bu birinchi, siz qamamagansiz — bu ikkinchi, zarur ish bilan atayin
kelibsiz — bu uchinchi. Zarur ishingizni ayting.
(Ramazonov Komlevning sof o‘zbek tilida gaplashishidan lol edi. Muhtaram
o‘quvchining yodida bo‘lsa, Komlev 1922 yilda Jahongir bilan uchrashganida o‘zbekchani
buzibroq so‘zlardi. Oradan yillar o‘tib, tarix ilmi bilan shug‘ullanish jarayonida u tilni
binoyi o‘zlashtirib olgandi).
— Siz Jahongir Muhammadrizaevni bilasizmi?
— Bilaman, u tirikmi?
— Tirik.
— Tirikligi yaxshi, lekin sizning surishtirib qolganingiz chatoq. Nima gap o‘zi? Men uni
oxirgi marta o‘ttiz yettinchi yilda ko‘rganman.
— Sizdan keyin u ham ketgan. So‘ng partizanlar otryadida bo‘lgan. Keyin yana...
Xullas, hozir qotillikda ayblanyapti. Ochiqrog‘i — o‘zi bo‘yniga olib turibdi.
Komlev unga qattiq tikildi.
— Bo‘lishi mumkin emas! — u shunday deb qo‘lini orqasiga qildi-da, tez-tez yurib
ketdi. Keyin birdan to‘xtab, orqasiga o‘girildi. — Men ishonmayman! Bo‘lishi mumkin
emas! Bir odamni shuncha qiynash mumkinmi? Ayting, insof bormi, sizlarda!
— Sergey Vasilevich, axir...
— Jim bo‘ling, iltimos, jim bo‘ling. Siz «savolni men beraman», deyishni yaxshi
ko‘rasiz, ma’zur tuting, azizim, endi savol berish navbati bizga ham yetdi. Shu savolni
berish uchun o‘n bir yil u yoqda, olti yil bu yoqda ma’dan qazidim. Balki shu savolni
berish uchun o‘lmay qolgandirman: men o‘zimni aytmay, uning aybi nima? Qishlog‘iga
birovlar o‘t qo‘ydi, jabrini u tortdi. E’tiqodli odam qishlog‘iga o‘t qo‘ymaydi, bilib oling.
O‘ttiz yettinchi yilda men bilan uchrashgani uchun qamabsizlar. Men Temur davri
madaniyatini o‘rganganim uchun xalqqa dushman ekanman. U-chi? U o‘rganishni
istamagan edi. Jahongir balki katta olim bo‘lardi. Lekin uning hayotda boshqa bir
maqsadi bor edi, afsuski, bu maqsadni birovga aytmasdi. U shu maqsadining qurboni
bo‘ldimi yo yo‘l topolmay gangib jarga quladimi? Jar yoqasiga o‘zi bordimi yo sizlar
majburladinglarmi?
— Sergey Vasilevich, u gaplarni menga aytganingiz chakki. Men to‘rt yil urushda jang
qildim, endi jinoyat qidiruv bo‘limidaman. Ahvolingizni tushunib turibman.