www.ziyouz.com kutubxonasi
85
omonatini! Bu mushtiparni navbatdagi qiynoqdan ozod qilmaydimi? Xonadon xojasini
Daydidaraga haydab borguncha, shu jabrdiyda jonni bu dunyo azoblaridan
qutqarmaydimi?
Yo‘lchivoy onasining o‘limga rozi turganidan bexabar. U ham shu choqda onasiga
ro‘baro‘ kelishni istamaydi. Yuragi tuzoqdagi qushmisol potirlaydi. Safarqulning gapi dam
uzoqdan eshitilib, dam qulog‘i ostida jaranglab, vujudini ikkiga ajratib yuborguday
bo‘ladi. Shu topgacha kulfat nima, g‘am nima, nochorlik nima, och yashash, yupun
yashash nima — bilmagan yigit avval suyanadigan tog‘idan ajrab, endi sinoatlar chohiga
tushib qolgan edi.
Erining hovli o‘rtasida to‘xtab qolganini ko‘rgan Nozima qoziqdagi to‘nni olib,
shoshilgancha tashqariga chiqdi. Yo‘lchivoy to‘n ko‘tarib kelayotgan xotiniga ko‘zi tushib,
xayolini jamladi. Xotinining «Nima bo‘ldi, dadasi?» degan savolini javobsiz qoldirib, onasi
o‘tirgan uyga qarab yurdi.
Xadicha o‘g‘lini «jonimni qiynama, bolam», degan ma’noni anglatuvchi iztirobli qarash
bilan qarshi oldi. Yo‘lchivoy ichkari kirib, derazaga orqa qilib o‘tirdi. Onasiga qarashga
botinmadi, so‘z boshlashga ham jur’at etmadi. Ayni paytda indamay o‘tira olmas edi.
Shu bois:
— Safarqul aka ketdilar, — dedi past ovozda, — xijolat bo‘luvdilar, biz sizdan
domangir emasmiz, dedim.
— Yaxshi aytibsan, u bechorada gunoh yo‘q.
Ona-bola bir-biriga aytadigan boshqa gapi yo‘qday, jim qolishdi. Ona o‘g‘lidan bir
savol kutardi, nazarida bu savol qiyomatni boshlab berishi lozim edi. O‘g‘il esa
beriladigan savol onasining qalbini poralashi mumkinligini bilib, shu istihola bilan
o‘tirardi. Uzoq sukut saqlash joiz emas, Yo‘lchivoy nimadir deyishga majburiyat sezdi:
— Safarqul aka bilan anavi milisa ham keluvdi, — dedi u.
— Nimaga kelibdi?
— Ertaga borishimiz kerak ekan.
— Yo‘q, jon bolam, meni olib borma o‘sha yerga!
— Bormasak... milisa yuborib, zo‘rlab olib ketadi.
— Voy xudoyim, bu ko‘rguliklaring ham bormidi... Yana nimani so‘raydi?
— Aslimizni, nasl-nasabimizni surishtiradi. Dadam... bu yerdan ketishlarida... ayb ish
qilmagan edilarmi?
— Dadang farishtadek pokiza, o‘g‘lim, qilg‘iliqni boshqalar qilishgan. Biz uydan chiqib
ketganimizdan so‘ng kimdir qishloqqa o‘t qo‘ygan.
— O‘ttiz yil naryog‘idagi gaplarni surishtirish nima uchun kerak unga? — Yo‘lchivoy
shunday deb onasiga qarab oldi. Xadichaning ro‘moli sirg‘alib yelkasiga tushgan,
oqargan sochlari parishon qolgan edi.
— Faqat u emas... sen ham bilging kelyapti... Ziyrak zehningdan biron nimani
yashirishim qiyin. — Xadicha chuqur uf tortib, sukutga berildi. Yo‘lchivoy gap qo‘shmay
uning tilga kirishini kutdi. — Sen bilmaganingni o‘sha milisa bilarkan. Surishtirishi
bejizmas. O‘sha suratdagi odam bizga begona emas. U kishi... dadangning ukalari...
Bu yangilikdan lol qolgan Yo‘lchivoy onasiga tikildi. Xadicha o‘g‘lining qarashiga dosh
berolmay ko‘zini olib qochdi.
— U kishi... qishloqdan ketolmay qolgan edilar. «Qizillar urib o‘ldirishdi», deb bizga
xabar yetkazishgan edi.
— Kim?.. Kim aytgan edi?
— Biz bilan birga ketganlar. Ular dovonda kelib qo‘shilishuvdi. Darrov aytishmadi.
«Bormayman, izimga qaytaman», deyaverganimdan keyin bildirishdi. Yo‘lda aza ochdim,
qora kiydim.