www.ziyouz.com kutubxonasi
47
136-bob. Ko’z to’qligi haqida 279. Abu Hurayra (r.a.) Rasululloh (s.a.v.)dan rivoyat qildilar. "Rasululloh (s.a.v.):
"Boylik molning ko’pligi bilan emas, balki (chin) boylik nafsning boyligidir", deganlar".
Nafsning boyligi topgan moliga qanoat qilish, uning barakotini Alloh taolodan so’rash, odamlarning qo’lidagi boyligidan tama' qilib, rabbil olamindan haram bo’lishdan panoh so’rashdan iborat. 280-hadis mazmuni 164-hadisda bor. 281. Anas ibn Molik (r.a.) aytdilar: "Rasululloh (s.a.v.) marhamatlik kishi edilar. U
zotdan kim nima so’rab kelsa, darhol berar edilar, u narsa qo’llarida bo’lmasa, (falon
kuni beraman deb) va'da qilardilar. Bir kun xufton namozini o’qish uchun muazzin takbir
aytdi, shu vaqtda bir a'robiy keldida, Rasululloh (s.a.v.)ning kiyimlaridan ushlab: "Sizga
aytadigan hojatimdan ozginasi qoldi, uni hozir aytmasam, unutib qo’yaman, deb
qo’rqaman", dedi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) u bilan chiqib, hojatini bitirib keldilarda,
keyin namozga shuru' qildilar, deb xabar qiladilar".
282. Jobir ibn Abdulloh (r.a.) aytdilar: "Rasululloh (s.a.v.) har bir ishga "Xayr!" deguvchi
edilar".
283. Abdulloh ibn Zubayr (r.a.) aytdilar: "Men Abu Bakr Siddiq (r.a.)ning ikkala qizlari
Hz. Oyisha (r.a.) va Hz. Asmo' (r.a.)dan ko’ra saxiyroq xotinlarni ko’rmadim. Lekin
bularning saxovati ikki xil edi. Hz. Oyisha (r.a.) ehson qilish uchun narsalarni yig’ib-
yig’ib borardilarda, ular ko’paygandan keyin bir yo’la hammasini faqir miskinlarga
ulashar edilar. Ammo As-mo (r.a.) esa qo’llariga nima kelsa, ertasini kutmay, shu
kunning o’zidayoq tarqatib yuboraverar edilar".Hz. Oyisha (r.a.) narsa ko’payganda
sadaqa qilsam hammaga bemalol kifoya qiladi, degan fikrda bo’lsalar, Asmo' (r.a.)
Rasululloh (sa.v.)ning "Ehson qiladigan narsangni to’plab yurma!" degan hadislariga
amal qilgan edilar.