www.ziyouz.com kutubxonasi
84
525. Jobir ibn Abdulloh (r.a.) aytdilar: "Rasululloh (s.a, v.) xastalikning zo'ridan butun
vujudi titrayotgan Ummu Soibning ziyoratiga bordilar. "Senga nima bo'ldi? - deb ahvol
so'radilar xotindan. "Isitma vujudimni kuydiryapti, yo Rasulalloh! Alloh uni daf' etsin",
dedi xotin. "Jim, xastalik haqida yomon so'z qilma. Bosqonning dami temirning zangini
ketkazgandek, xastalik ham mo'minning xatolarini o'chiradi", dedilar Rasululloh (s.a.v.).
526. Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilindi, u kishi: "Rasululloh (s.a.v.) aytdilar: "Alloh
taolo qiyomat kuni bir bandaga men sendan taom so'raganimda ber-magan eding",
dedi. U banda: "Ey, Parvardigori olam! Sen mendan qanday qilib taom so'rabsan? O'zing
butun jahonning rizqlantiruvchisisanku axir", dedi. Alloh taolo: "Sen bilmadingmi?
Falonchi bandam sendan taom so'raganda bermagan eding. Agar o'shanga taom bergan
bo'lganingda, uni albatta mening oldimda topar eding", dedi. Yana Alloh taolo: "Ey,
odam bolasi! Men sendan suv so'raganimda suv bermagan eding", dedi. U kishi: "Ey,
Rabbim! O'zing rabbil olamiynsan, men senga qanday suv beraman?" - dedi. Alloh taolo:
"Bilmadingmi? Falon bandam sendan suv so'raganda bermagan eding, unga suv
berganingda, albatta uni mening oldimda topgan bo'lar eding", dedi. Alloh taolo yana:
"Ey, Odam farzandi! Betob bo'ldim, sen meni kelib ko'rmading", dedi. U kishi: "Ey, Alloh!
Sen betob bo'lmaysan, o'zing rabbil olamiynsan, men Sening betobligingni qanday
so'rayman", dedi. Alloh: "Sen bilmadingmi? Falonchi bandam betob bo'lganda borib
so'ramading. Agar borib so'ragan bo'lganingda, albatta, uni mening oldimda topar
eding", dedi".
527. Abu Said Xudriy (r.a.)dan rivoyat qilindi: "Rasululloh (s.a.v.): "Bemor kishini borib
ko'ringlar, janozalar orqasidan qabristongacha yoki masjidgacha boringlar. Chunki bu ish
sizga oxirat kunini eslatadi", dedilar".
528. Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilindi: "Rasululloh (s.a.v.): "Uch narsa bor, ularning
hammasini bajarish har bir musulmon kishining vazifasidir. Bemor kishini borib ko'rish,
vafot etgan kishining janozasiga borish va aksa urgan kishi: "Alhamdulilloh" desa, unga
"Yarhamakalloh" ("Senga Alloh taolo rahm qilsin"), deb javob qaytarish", dedilar".
235-bob "Bemorga shifo tilamak haqida" bo'lib, unda (529-hadis) 227-bobdagi 507- hadis mazmuni takrorlangan, ammo bu hadis Sa'd ibn Abi Vaqqosning uch o'g'lidan rivoyat qilingan.