Kutubxonasi



Yüklə 1,14 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə203/318
tarix10.11.2022
ölçüsü1,14 Mb.
#119254
1   ...   199   200   201   202   203   204   205   206   ...   318
yulduzli tunlar

www.ziyouz.com kutubxonasi 
203
san’atkorlarini o‘z huzuriga chaqirtirdi. San’at ishlarini boshqarayotgan Muhammad Solih 
vositachi bo‘lib, Behzodni xon bilan bir-ikki marta uchrashtirdi. Xonning maslahatgo‘yi 
mulla Abdurahim rasm chizishni shialar va rofiziylarning ishi deb yomon ko‘rsa ham 
Shayboniyxon Behzodning rasmlari Husayn Boyqaroni qanchalik mashhur qilganini bilar, 
endi bu musavvirning iste’dodidan o‘z shuhrati uchun foydalanishni istar edi. 
Behzodga Shayboniyxonning rasmini chizish topshirildi. 
Musavvirning iltimosi bilan xonni qip-qizil kimxob ko‘rpa ustiga o‘tqazdilar, uning 
orqasiga qora baxmal bolish qo‘ydilar, beliga ingichka oltin kamar bog‘latdilar, oldiga 
oltin muqovali kichik daftar, qalam va siyohdon qo‘ydilar. O‘ttiz yildan beri rassomlik 
qilib yurib, ko‘pgina podshohlarni ko‘rgan va ular bilan muomala qilishni yaxshi biladigan 
Behzod Shayboniyxonga ham faqat maqtov yoqishini allaqachon payqagan edi: 
— Hazratimni arg‘umoq ot ustida qilich yalang‘ochlagan paytlarida tasvirlashim mumkin. 
Biroq hozir sizning eng zo‘r lashkarboshi ekanligingiz hammaga ayon. Ammo olam ahli 
sizning ko‘p yil madrasalarda o‘qigan fozil imomi zamon ekanligingizni ham suratda 
ko‘rmog‘i kerak. Shu sababli faqir sizni muqaddas kitobu oltin qalam bilan tasvir 
etmoqchimen! 
— Ma’qul, — deb xon bunga rozilik berdi. 
Surat tayyor bo‘lgandan keyin Shayboniyxon, Muhammad Solih va boshqa bir necha 
mulozimlar Behzod ishlagan xonaga to‘plandilar. Mulla Abdurahim rasmga, so‘ng xonga 
qaradi-yu, hayron bo‘lib: 
— Hazratimning xuddi o‘zlari-ya! — dedi. 
Suratda Shayboniyxonning ko‘pni ko‘rgan tajribali odam ekanligi ko‘zga aniq tashlanib 
turardi. Bo‘yoqlar Behzodga xos ulug‘ bir mahorat bilan xillangan edi. Oddiy odam 
rasmdan hech bir kamchilik topolmas, Behzod xonni izzat-ikrom bilan tasvirlabdi, deb 
o‘ylar edi. Lekin Muhammad Solih xonning tagidagi ko‘rpaning rangi qip-qizil qon 
rangida ekanini sezdi. Xon ko‘rpa ustida emas, go‘yo qon daryosi ustida o‘tirganga 
o‘xshardi. Xonning beliga bog‘langan ingichka oltin kamarning uchi chalmashgan oyoqlar 
tagidan xuddi qoramtir boshli sariq ilonga o‘xshab buralib turar edi. Xon suyangan qora 
bolish ham qora kuchlarning timsoliga o‘xshardi. 
Shayboniyxonning barcha ishlaridan xabardor Behzod bu yashirin ramziy bo‘yoqlar bilan 
nimalar demoqchi bo‘lganini Muhammad Solih payqadi-yu, qo‘rqib ketdi. Agar u sezgan 
ma’noni xon sezib qolsa, Behzod ham omon qolmaydi, orada vositachi bo‘lgan 
Muhammad Solih ham! Shuning uchun u suratga xomush tikilib turgan 
Shayboniyxonning fikrini xatarli ramziy ma’nodan uzoqroq olib ketishga intildi: 
— Muhammad alayhissalom yashil rangni yaxshi ko‘rar ekanlar. Imomi zamon xon 
hazratlari ham yashil rangni suyishlarini musavvir durust payqabdir. Qarang, 
hazratimning ko‘ylaklari yashil rangda. Suyangan devorlari ham yashil. 
— Bunisi ma’qul, — deb xon endi og‘zini ochdi. — Lekin... biz mavlono Behzodning 
boshqa suratlarini ham ko‘rgan edik... 
Shayboniyxon Behzod tasviridagi shertaxlit Husayn Boyqaroni esladi. Husayn 
Boyqaroning safarga chiqqan paytini tasvir etgan boshqa bir rasmda go‘yo bulutlar ham, 
osmon ham, hatto tog‘u toshlar ham podshoning ketidan ergashib, u ketayotgan 
tomonga intilib borayotganday ko‘rsatilgan edi. Temuriylarni bunchalik ulug‘lagan 
Behzod Shayboniyxonni jo‘n bir odam qilib tasvirlaganga o‘xshardi. Xon suratni 
ko‘rganda ko‘nglida qo‘zg‘algan murakkab tuyg‘ularni aytishga munosib so‘z topolmadi-
yu, Behzodga qarab: 
— Mo‘yqalamni menga bering! — dedi. 
Xonning avzoyi yomonligini hamma sezdi. Behzod maxsus qalamdonda turli bo‘yoqlar 
bilan birga turgan mo‘yqalamlarni xonga ta’zim bilan tutdi. Shayboniyxon qoramtir 


Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov 

Yüklə 1,14 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   199   200   201   202   203   204   205   206   ...   318




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin