www.ziyouz.com kutubxonasi
288
«Kishvar» so‘zi vaznga tushmay saktalik berganini sezdi-da, ikkinchi satrni boshqacha
qilib takrorladi:
Berdi senga Sindu Hindu mulki bisyor. Issiqlig‘iga gar senda yo‘qdur toqat. Sovuq yuzin ko‘ray desang G‘azni bor. Mushoiraning nozik qoidalariga moslab birpasda yaratilgan bu badiha Hindubekning
zavqini keltirdi. U devorga sovuq gap yozib ketgan Xo‘ja Kalonbekning basharasi ham
Boburga nechog‘liq sovuq ko‘ringanini o‘zicha tasavvur etib, beixtiyor kulib yubordi.
Bobur ot-gan o‘qining nishonga tekkanini shu zavqli kulgidan sezdi-yu, yengil bir so‘lish
olib, munshiga buyurdi.
— Badihani uch nusxa ko‘chiring. Bir nusxasini Xo‘ja Kalonbekning ketidan jo‘natsinlar.
Hindubek, bir nusxasini siz olib, Kalonbekning baytini o‘qigan beku navkarlarga bering.
Ko‘rsinlar-chi, mushoirada kim g‘olib?
Bu badihani o‘qigan ko‘pchilik bek va mulozimlar Xo‘ja Kalonbekni kulgi qilishib, «Sovuq
yuzin ko‘ray desang G‘azni bor!» deydigan bo‘lishdi. Issiqdan toqatsizlanib
noliydiganlarga ham: «Sovuq yuzin ko‘ray desang G‘azni bor!» deb istehzo qilish rasm
bo‘ldi.
________________
* L i m u — limon.
* Q u r u r — yuz lak, ya’ni o‘n million.
* A r b — milliard.
* N i l — trillion.
* P a d a m — kvardillion.
* Aslida odam odamdan kam emas, chunki hamma ham Odam Ato farzandidir.
* Q a d a g‘ a — chaqiriq xat.
* Yaxshilik va salomatlik bilan Sind daryosidan o‘tib olganimdan keyin agar yana Hindni havas qilsam yuzim qaro bo‘lsin.
3 Panipatda og‘ir yarador bo‘lgan Tohir uch oygacha o‘rnidan turolmay yotdi. Saroydan
yuborilgan tabib uning etidagi yaralarni durust muolaja qildi-yu, lekin qovurg‘a va qo‘l
suyaklarining mayda-mayda bo‘lib singan joylarini epaqaga keltirolmadi. Singan
suyaklarning og‘rig‘i tunu kun tinchlik bermas edi. Tohir Agrada o‘sha eski qadrdoni
Mamat bilan kichik bir hovlichada turar, «endi bu yerdan o‘ligim chiqsa kerak», deb
o‘ylar edi.
Shuning ustiga Kobuldan mavlono Fazliddin Tohirning muhandis o‘g‘li Safarbekni
boshlab kelib qoldi. Ular qurilishda birga ishlaydigan hind sangtaroshlaridan so‘rab-
surishtirib, agralik bir jarrohni topib keldilar. Jarroh kambag‘alparvar odam ekanini
eshitgan mavlono Fazliddin jiyanini unga tanishtirar ekan:
— Sohib Bayju, — dedi. — Tohir ham aslida zahmatkash bir dehqon edi. Men buning
navkar bo‘lishiga qarshi edim...
— O‘shda siz haq gapni aytgan ekansiz, mulla tog‘a,— dedi Tohir. — Men berahmlar
orasida yurib berahm bo‘lib ketgan ekanmen... Bo‘lmasa, yigirma yillik qadrdonim
Mamatga shunchalik shafqatsizlik qilarmidim? Mana, hammasining qasosi qaytdi. Hali
ham Mamat odamgarchilik qildi. Bo‘lmasa otlarning oyog‘i tagida qolib majaqlanib
ketardim!
Mavlono Fazliddin Mamatning bu yaxshiligini kelgan kunlari eshitgan va uni bog‘