2
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
www.ziyouz.com kutubxonasi
81
Cho‘qmor zarbidan jarohatlangan bilagi qattiq og‘riyotganini mavlono Fazliddin qorong‘i
bir hibsxonada yolg‘iz o‘zi qolganda sezdi. Uni Andijonning Chaqaridagi tosh istehkom
ichiga, o‘lim jazosini kutadigan mahbuslar hujrasiga qamab, eshigini tashqaridan qulflab
oldilar. Bu bilan ham qanoat qilmay eshik oldiga ikkita soqchi qo‘yib qo‘ydilar. Boya ark
darvozasi oldida Ahmad Tanbal bilan Jahongir mirzoning o‘zaro gaplaridan mavlono
Fazliddin shuni aniq sezdiki, uni shoh qiziga tama qilishda va oliy zotlarga beadabona
munosabatda bo‘lishda ayblab, ertaga toshbo‘ron qilib o‘ldirtirmoqchilar. Shu bilan
Ahmad Tanbal Xonzoda begimni ham badnom qilib, bir alamdan chiqsa kerak. Bobur va
uning tarafdorlari xalq orasida yomonotliq bo‘lishlaridan Jahongir mirzo va uning onasi
Fotima Sulton begim ham manfaatdor edilar, bu bilan ular Andijon taxtini narigilardan
tortib olib to‘g‘ri ish qilganlarini isbotlaganday bo‘lardilar.
Rutubatli zax hujrada qorong‘ilikka tikilib o‘tirgan mavlono Fazliddin orqasiga bog‘langan
qo‘llarini beliga bosib, bilagining og‘rig‘ini to‘xtatmoqchi bo‘lar, lekin og‘riq pasayish
o‘rniga tobora zo‘rayar edi. Bu hali birgina cho‘qmorning zarbi... Ertaga uning ustiga
do‘lday yog‘iladigan toshlarning og‘rig‘i qanchalik dahshatli bo‘larkin? Mavlono buni ko‘z
oldiga keltirganda eti junjikib, o‘rnidan turib ketdi. Go‘yo u hozir hibsxonada emas, bir-
biriga qarab qulayotgan ikki tog‘ning oralig‘ida turibdi-yu, endi har ikki tomondan uchib
tushgan qoyatoshlar uni ezib majaqlashi kerak. Mavlono bu balodan qutulmoqchi
bo‘lganday eshikka tomon intildi. Yelkasini yopiq eshikka urib, jon-jahdi bilan qichqirdi:
— Oching! Oching deyman! Oching!
Kutilmagan bu qichqiriqdan cho‘chib tushgan bir soqchi qahr bilan so‘radi:
— Jin urdimi? Ne gap?
— Ilkimni yechinglar! Jonim kerak bo‘lsa ertaga olursiz! Ilkim jarohatlangan! Yechib
qo‘yinglar!
Soqchilar bu yerda poyloqchi bo‘lib o‘tirganlaridan juda asabiy edilar. Chunki hozir
boshqa g‘oliblar Bobur tarafdorlarining molu mulklarini talon-toroj qilib boyimoqda edi.
Tun yarmidan oqqan bo‘lsa ham Andijonning ko‘chalari va hovlilaridan otlarning du-puri,
itlarning vangillashi, ayollarning dod-voyi, bemahal qo‘zg‘atilgan sigir va qo‘ylarning
ma’rashi eshitilmoqda edi. Bu yerda qolgan soqchilar qanchalik ko‘p o‘ljalardan mahrum
bo‘layotganlarini mana shu tovushlardan payqab, ich-etlarini yeb o‘tirar edilar. Buning
ustiga mahbusning asabiy gaplari qo‘shilib, ularning jahlini chiqardi. Xirillagan ovozga
qaraganda yoshi anchaga borib qolgan bir soqchi:
— Ilki jarohatlangan emish-a! — dedi. — Ertaga asfalasofilinga ketadigan haromi, bugun
ilkingni o‘ylab nima qilasen?
Eshik ortidagi mahbusning nafrat bilan:
— Jallodlar! — degani eshitildi.
Xirilloq soqchi o‘rnidan sapchib turib do‘q qildi:
— Jim yot, o‘laksa! Hozir kirib, bir jarohatingni o‘nga yetkazamen!
«Qanday kunlarga qoldim? — dedi mavlono o‘ziga-o‘zi. — Odamzod shunchalik
shafqatsizmi?» O‘lim shunchalik naqd ekan, bugun mana bu maxluqlardan gap eshitib,
ertaga tosh-bo‘ronda xor bo‘lib o‘lgandan ko‘ra, Tanbal bilan olishib, qo‘lida qilichi bilan
jon bergani yaxshi emasmidi? Boya Xonzoda begimning oldida mavlono shunga qodir
edi-ku! Nega taqdir uni shundan ham mahrum qildi?
Tashqarida ot taqasining hovli toshlariga urilib qarsillagani eshitildi.
— Kim keldi? To‘xta!
Hovliga kirib kelgan uch otliqdan biri:
— Xo‘ja Abdulla, mavlono qozi yosh podshohning farmoyishi bilan keldilar! — dedi.
Kelganlar birin-ketin otdan tushdilar. Ikki soqchi uzun nayzalarini ularga to‘g‘riladilar:
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Dostları ilə paylaş: |