21-bob. Etagi bukilgan yoki bukilmagan ko‘ylakka kafanlamoq Ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Abdulloh ibn Ubay vafot etganda o‘g‘li
Rasululloh sallallohu alayhi va sallamga kelib: «Yo Rasululloh. otamni kafanlamak uchun
menga ko‘ylagingizni bersangiz, otamga janoza o‘qib, Olloh taolodan unga talabi
mag‘firat qilsangiz!» — dedi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam ko‘ylaklarini
berib: «Menga xabar qilg‘il, janoza o‘qig‘aydirman»,— dedilar. U Janob Rasululloh
sallallohu alayhi va sallamga xabar qildi. Janob Rasululloh janoza o‘qimoq uchun jamoat
oldiga o‘tmoqchi bo‘lganlarida Hazrat Umar kiyimlaridan tortib: «Olloh taolo sizga
munofiqlarga janoza o‘qimoqni man’ etmaganmi?» - dedilar. Shunda Rasululloh
sallallohu alayhi va sallam: «Menga ikki yaxshilikdan birini tanlamak ixtiyori berilgandir.
Olloh taolo: «Ular haqqiga ista, talabi mag‘firat qilg‘il, ista, talabi mag‘firat qilmag‘il!
Agar ularga yetmish karra talabi mag‘firat qilsang ham, Olloh taolo ularni mag‘firat
qilmag‘aydir, degan»,- dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abdulloh ibn
Ubayga janoza o‘qidilar. Shunda: «Bulardan biror kishi o‘lsa, sira ham janoza
o‘qimag‘il!» - degan oyat nozil.bo‘ldi»,
Amr ibn Dinor rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Abdulloh ibn
Ubay dafn qilingandan keyin keldilar. Shunda qabrdan ul kishini chiqarmakni buyurdilar.
Mayyit qabrdan chiqarilgandan so‘ng, Janob Rasululloh uning badaniga tupuklarini
surtib, egniga o‘zlarining ko‘ylaklarini kiydirib qo‘ydilar».
22-bob. Ko‘ylak kiydirmay kafanlamoq Oisha onamiz: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni sallasiz va ko‘ylaksiz holda uch
qavat qilib kafanladilar»,- deydilar.
23-bob. Salla kiydirmay kafanlamoq Oisha onamiz rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamni uch qavat
yamaniy surp birlan kafanladilar. Kafan ichida salla ham, ko‘ylak ham yo‘q erdi».