72-bob. Ikki yoki uch mayyitni bir qilib dafn etmoq haqida Jobir ibn Abdullox rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Uhud jangida
shahid bo‘lgan kishilarning har ikkitasini bir qilib qabrga qo‘ydirar erdilar».
73-bob. «Shahidlarni yuvmoq lozim ermas»,- degan kishilar haqida Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Shahidlarni
(yuvmay) qonlari birlan dafn qilaveringizlar!» - dedilar. O’shal kuni shahidlarni hech kim
yuvmadi».
74-bob. Lahadga (birdaniga bir necha o‘lik qo‘yiladirgan bo‘lsa) kim avval qo‘yilg‘aydir? Imom Buxoriy «lahad» so‘zining ma’nosi haqida bunday deydilar: «Lahad qabrga
nisbatan nishabroq bo‘lgani uchun ham lahad deyilg‘aydir, har bir jabr qilg‘uvchi odam
ersa, mulhid deyilg‘aydir. Qur’oni Kariymdagi «multahidan» so‘zi ham «bir tekis nishab»
degan ma’noni anglatg‘aydir. Agar lahad (qabr) nishab bo‘lmaganda erdi, zarih
(sog‘ona) bo‘lgan bo‘lar erdi».
Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Uhud jangida
halok bo‘lganlarning har ikkitasini bir qabrga qo‘ydirar erdilar. Qabrga qo‘yishdan avval:
«Qaysi biri Qur’onni ko‘p yodlagandir?» - deb so‘rar erdilar. «Qur’onni ko‘p yodlagan
mana shuldir»,- deb ko‘rsatishgan mayyitni oldin lahadga qo‘ydirar erdilar. So‘ng: «Men
bularning (Olloh yo‘lida shahid bo‘lganlig‘iga) guvohdirman!»-deb ularning
jarohatlaridagi qonni yuvdirmay va janoza ham o‘qitmay dafn qildirar erdilar».
Jobir ibn Abdulloh rivoyat qiladirlar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Uhud jangida
halok bo‘lgan har ikki shahiddan birini ko‘rsatib: «Bularning qaysi biri Qur’onni ko‘p
yodlagandir?»-deb so‘rar erdilar. So‘ng, qaysi birini ko‘rsatishsa, o‘shani sherigidan
avval qabrga qo‘ydirar erdilar. Mening otam birlan amakim ham bir jangda halok bo‘lib,
ikkalalari bitta kafanga kafanlangandirlar»(?).