51-bob. Ilm o‘rganishdan uyalmoq Mujohid aytganlar: «Uyalgan kishi ilm. ololmaydi. Uyalgan kishi va mutakabbir kishi ilm
ololmaydi».
Oisha onamiz aytganlar: «Ayollarning yaxshisi ansoriya ayollar. Dinni teran
o‘rganmoqlari uchun ularga hayo mone’lik qilmadi».
Ummu Salama bunday deydi: «Ummu Sulaym Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning
huzurlariga kelib: «Yo Rasulalloh, Alloh taolo haqiqatni aytmoqdan uyalmaydi
(shuningdek, men ham uyalmasman). Ayol kishi agar ihtilom bo‘lib (bulg‘anib) qolsa,
g‘usl vojib bo‘ladimi?»—deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Agar nam
(maniy) chiqqanini ko‘rsa»,— dedilar. Ayol yuzini (uyalib) berkitdi-da: «Yo Rasulalloh,
ayol kishi ham ihtilom bo‘ladimi?»—dedi. Rasululloh: «Xa, bo‘ladi (ayolda ham maniy
bor), nechun bola onasiga o‘xshaydi!» — dedilar».
Abdulloh ibn Umardan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Daraxtlar orasida bir
daraxt bordir, bargini tashlamaydi, u musulmonga o‘xshaydi, aytingiz-chi, bu qaysi
daraxt?» —dedilar. Odamlar qishloqlaridagi bor daraxtlarni sanab chiqdilar. Mening
ko‘nglimdan «xurmo daraxti» degan fikr o‘tdi. Lekin (aytishga) uyaldim. Odamlar: «Yo
Rasulalloh, o‘zingiz aytib bering!»—dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «U
xurmo daraxtidir»,— dedilar. Men ko‘nglimga kelgan boyagi fikrni otam Umarga aytdim.
Shunda otam (Umar): «O’shanda aytganingda-ku, menga falondaqa-pistondaqa ishlar
nasib bo‘lib, yaxshi bo‘lar edi»,— dedilar».
52-bob. So‘rashdan o‘zi uyalsa, birov orqali so‘rashning joizligi to‘g‘risida Hazrat Ali raziyallohu anhu bunday rivoyat qiladilar: «Men maniyi ko‘p (shahvati tez)
odam edim. Al-Miqdodga: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan shahvati tezlikning
hukmini so‘ragin»,— deb buyurdim. U kirib so‘radi. Rasululloh: «Maniy kelganda tahorat
olmoq lozim bo‘ladi»,— deb aytdilar».