15-bob. Olloh taoloning «Oq ipni qora ipdan ajratadirgan bo‘lguncha yeb-
ichingizlar, so‘ng ro‘zani tongdan boshlab, to kun botgunga qadar davom
ettiringizlar!», degan oyati kariymasi haqida
Adiy ibn Hotim raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Oq ipni qora ipdan ajratadirgan
bo‘lguncha yeb-ichingizlar!» degan oyati kariyma nozil bo‘lganda, bir qatim oq va bir
qatim qora ipni olib, yostig‘im ostiga qo‘yib, (yostig‘imni qiya qilib ko‘tarib) qaray
boshladim, qancha tikilib qaramay, baribir qaysinisi oq va qaysinisi qora ekanligini sira
ajrata olmadim. So‘ng, kunduzi Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning oldilariga
borib, bo‘lgan voqeani aytib berdim. Janob Rasululloh: «Bundan maqsad, tun
qorong‘usi-yu, kun yorug‘idir»,— dedilar».
Sahl ibn Sa’d rivoyat qiladirlar: «Oq ipni qora ipdan ajratadirgan bo‘lguncha yeb-
ichingizlar!» degan oyat nozil bo‘ldi. Lekin, «Tongdan boshlab...» degan oyat hanuz nozil
bo‘lmagan erdi. Shunda, odamlar ro‘za tutgan paytlarida, oyoqlariga oq va qora ip
bog‘lab olib, to bir-biridan ajratadirgan bo‘lguncha yeb-ichaberdilar. Pirovardida, Olloh
taolo «Tongdan boshlab...» degan oyati kariymasini nozil qildi. Bundan odamlar
bildilarki, oq ip va qora ipdan maqsad, kecha va kunduz erkan».
16-bob. Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning «Bilol aytg‘an azon sizlarni
saharlik qilmoqdan to‘xtatmasin!» degan so‘zlari haqida
Oisha raziyallohu anho: «Bilol kechasi azon aytar erdilar»,— deydilar. Rasululloh
sallallohu alayhi va sallam odamlarga: «Ibn Ummu Maktum azon aytmaguncha yeb-
ichaveringizlar, chunkim ul tong otishi arafasida azon aytg‘aydir»,— deganlar. Qosim ibn
Muhammad bunday deydir: «Bilol birlan Ibn Ummu Maktumning azonlari o‘rtasida hech
qancha vaqt yo‘q erdi, chunkim Bilol mezanadan tushishi birlan o‘rniga Ibn Ummu
Maktum chiqar erdi».
17-bob. Saharlikka ajratilgan vaqtdan to‘la-to‘kis foydalanmoq haqida
Sahl ibn Sa’d raziyallohu anhu rivoyat qiladirlar: «Men o‘z oilam birlan saharlik qilib
bo‘lganimdan keyin, tez yurib borib, bomdodning birinchi rak’atidagi sajdani Rasululloh
sallallohu alayhi va sallam birlan birga qilmoqqa ulgurar erdim».
Dostları ilə paylaş: |