46-bob. Janob Rasululloh sollallohu alayhi sallam tahorat qilgan suvlarini hushidak ketgan odam ustidan quyganlari Muhammad ibn al-Munqadirga Jobir bunday degan ekan: «Rasululloh sollallohu alayhi va
sallam, betob bo‘lib o‘zimni bilmay yotganimda, meni ko‘rgani kelib, tahorat oldilar va
tahorat suvini ustimdan quydilar. O’zimga keldim. Keyin: «Yo Rasulalloh, uzoq
qarindoshlarimdan boshqa merosxo‘rim yo‘qdir, merosimni kimga qoldiraman?»—dedim.
Shunda meros oyati (faroiz oyati) nozil bo‘ldi».
47-bob. Tosh yoki yog‘ochdan qilingan idishlardagi suvga tahorat va g‘usl qilmoq Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Namoz (asr) vaqti bo‘ldi. Hovlisi yaqinlar
tahorat olgani turdilar, qolgan kishilar Janob Rasululloh huzurlarida qoldilar. Rasululloh
sollallohu alayhi va sallamga bir tosh idishda suv keltirdilar. Idishning kichikligidan unga
qo‘l sig‘masdi, qavmning hammasi shu idishdan tahorat oldi». Abdulloh ibn Munir
«Necha kishi edingiz?» deb Anasdan so‘raganida, sakson nafardan ortiq, deb aytgan.
Abu Muso raziyallohu anhudan: «Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallam suv
keltirishni buyurdilar, so‘ng qo‘llari va yuzlarini yuvib, og‘iz chayqadilar».
Abdulloh ibn Zayddan: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam biznikiga keldilar. Idishda
suv olib chiqdik. Tahorat oldilar. Yuzlarini 3 marta, qo‘llarini 2 marta yuvdilar, ikki
kaftlarini peshonalaridan ensalari tomon va ensalaridan peshonalari tomon bir marta
yurgizib, mash tortdilar, keyin oyoqlarini yuvdilar».
Oisha onamiz aytdilar: «Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dardlari
og‘irlashganda, to tuzalgunlaricha mening uyimda yotajaklari to‘g‘risida boshqa
xotinlaridan ijozat so‘radilar, xotinlar ijozat berishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va
sallam Ibn Abbos bilan yana bir kishi yordamida oyoqlarini arang bosib, mening uyimga
chiqdilar». Ubaydulloh bunday dedi: «Bu xususda Abdulloh ibn Abbosga aytuvdim, u:
«O’sha ikki kishidan birining kim ekanligini bilasanmi?» — dedi. Men: «Yo‘q», — dedim.
U: «Ali raziyallohu anhu edilar»,— dedi. Oisha onamiz bunday der edilar: «Janob
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam mening uyimga kirganlaridan keyin kasalliklari
yanada yanada og‘irlashdi. Shunda: «Ustimdan 7 ta qopqoqliq idishda suv quyingiz,
shoyadki, odamlar oldiga chiqib vasiyat qilsam!» dedilar. Xotinlari Janob Rasululloh
sallallohu alayhi va sallamni Hafsaning mis tog‘orasiga o‘tqazdilar. Keyin, Rasululloh
sollallohu alayhi va sallam «bo‘ldi» deb ishora qilmagunlaricha ustilaridan suv quya
boshladik. Keyin, «bajardingiz» deb odamlar oldiga chiqdilar».