16-bob. Ayolning hayzdan keyin g‘usl qilayotganda sochini tarashi Oisha onamiz Urva ibn Zubayrga bunday deb aytgan ekanlar: «Men va Rasululloh
sallallohu alayhi va sallam Hajjat ul-Vido’da ehrom bog‘ladik. Men umraga niyat aylab,
ehrom bog‘laganlardan edim, qurbonlik uchun qo‘y olmagan edim. Hayz ko‘rib qoldim.
Arafa kechasi bo‘lgan esa hamki, hanuz hayzdan forig‘ bo‘lmaganligimdan: «Yo
Rasulalloh, shu arafa kechasi umraga ehrom bog‘lagandim»,— dedim. Janob Rasululloh:
«Sochingni yoygin, taragin (g‘usl qilgin), umrani qo‘ya turgin, hajga talbiya aytgin!» —
deb buyurdilar. Men shunday qildim. Hajni (katta hajni) tugatganimda Rasululloh
(ukam) Abdurrahmon ibn Abu Bakrga buyurdilar, Hasba (haj tugagan) kechasi men
bilan Tan’imga (joy nomi) bordi, men boshqa umraga talbiya aytdim».
17-bob. Hayz ko‘rgan ayolning g‘usl qilishdan oldin sochini yoymog‘i to‘g‘risida Urva ibn Zubayrga Oisha onamiz bunday deb aytgan ekanlar: «Zulhijja oyi kelishi bilan
Madinadan (hajga) chiqdik. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kim umraga (kichik
hajga) niyat qilmoqchi bo‘lsa, niyat qilsin, agar men qurbonlik olib kelmasam edi,
umraga niyat qilar edim»,— dedilar. Shunda ba’zilar umraga, ba’zilar esa hajga (katta
hajga) niyat qildi. Men umraga niyat qilganlardan edim. Arafa kuni keldi hamki, men
hayzdan forig‘ bo‘lmadim. Rasulullohga ahvolimni aytdim. «Umrani qo‘ya turgin,
sochingni yozib, taragin (g‘usl qilgin) va hajga niyat qilgin!»—dedilar. Men shunday
qildim. Hasba (haj tugagan kecha) ham keldi. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam
ukam Abdurrahmonni menga qo‘shib yubordilar. Tan’im degan joyga borib, qaytadan
umraga niyat qildim». Hoshim ibn Urva: «Oisha onamiz qurbonlik ham qilmadilar, ro‘za
ham tutmadilar, sadaqa ham bermadilar»,— deydilar.
18-bob. Oy-kuni yetib tug‘ilgan bola va chala tug‘ilgan bola Anas ibn Molikka Janob Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: «Alloh
taolo bachadonga bir farishtani vakil etadi. Farishta aytadi: «Yo rabbiy, bu nutfaga
aylandi, yo rabbiy, bu quyuq qonga aylandi, yo rabbiy, bu bir parcha etga aylandi».
Alloh taolo: «Bola oy-kuni yetib dunyoga kelsin!» deydi, farishta: «O’g‘ilmi-qizmi,
baxtlimi-baxtsizmi, rizqi qancha, yashash muddati qancha?» deb so‘raydi. Bularning
barchasi bola onaning qornida ekanligida manglayiga yoziladi».