www.ziyouz.com kutubxonasi
219
nonlarning otini bilmayman, lekin murabboning oti “gulbashakar”.
Farida ishini bitirgandan so‘ng yana o‘sha past kursichaga, Komronning oyoqlari osti-
ginasiga o‘tirdi.
— Endi ayt-chi, Komron, gulbashakar yoqdimi?
Yigit kulib javob qildi:
— Yoqdi.
— Yaxshi ko‘rib qoldingmi?
— Yaxshi ko‘rib qoldim.
— Yana bir marta ayt.
— Yaxshi ko‘rib qoldim.
— Unaqa emas, Komron, “men gulbashakarni yaxshi ko‘raman”, de.
Komron bu bolalarcha nozga tushunmay kuldi-da:
— Ha, men gulbashakarni yaxshi ko‘raman, — deb takrorladi.
Faridaning yuzi loladay qizardi, ko‘zlari parpirab yondi, uyalganidan kipriklari pirpiradi,
yalinayotgan yosh boladek bo‘ynini egib, iltimos qildi.
— Komron, yana bir marta: “Men gulbashakarni juda yaxshi ko‘raman”, degin.
Yigit, xohlagani berilmaganda yig‘lab yuborgan yosh bolaniki singari uning burilib, tit-
ray boshlagan lablariga taajjublanib qarab turdi, keyin sababini o‘zi ham bilmagan ichki
bir hayajon bilan titrab:
— Gulbashakarni juda yaxshi ko‘raman, sen xohlaganingcha yaxshi ko‘raman, — dedi.
Farida yosh bola sevinchi bilan chapak chalib yubordi. Lablari kulib tursa ham, ko‘zla-
riga yosh keldi. Ahamiyatsiz narsa uchun yig‘layotgan boshqa birovni uyat qilayotgandek
o‘z-o‘zidan kulib: “Pazandaligingni maqtagani uchun shunchalik suyunishing qanchalik
esi pastlik-a, qanchalik esi pastlik-a!” — deb kular, masxara qilar, barmoqlari bilan
ko‘zlarini quritishga urinar edi. Lekin yoshlari insofga kelmas, hadeb quyilar, yana quyi-
lardi. Bo‘g‘iq tovush bilan birdan faryod ko‘tardi-yu, yuzini qo‘llari bilan bekitib, yig‘lay-
yig‘lay uyga qochib ketdi.
* * * Bir kuni kechqurun Komron pochchasi bilan bozordan qaytib kelayotgan edi. Bolalar
ularni uzoqdan ko‘rishdi-yu, odatlarini qilib, darvoza oldiga tizilishdi. Bolalar ulardan me-
va, qand-qurs, shokolad kutardilar.
Komron ularga tegishlarini ulashib turganda, oyoqlari ostiga bir siqim mayda tosh ke-
lib tushganini sezdi. Bolalardan bo‘shab, darhol tevaragiga javdirab qaradi. Nariroqda
kattakon bir kashtan daraxti orqasida Choliqushi Komronga qo‘li bilan bir nimalar ishora
qilib turardi.
— Ma’nosiga tushunsangiz kerak, Komronbey? Biz ham bormiz, — dedi.
Farida kesatganda yoki sho‘xlik qilgisi kelganda hamisha bo‘lasini “siz”lay boshlardi.
Hozir ham kulib turib sizlashda davom etdi:
— Meni barvaqt iste’foga chiqarib yuboribsiz. Qani mening tegishim? Eski qilmishlarin-
giz unutilgan deb o‘ylayotgandirsiz, afandim? Yo hozir sukut haqini berasiz, yo bo‘lmasa
o‘sha eski gilos voqeasi bugun kechqurun dasturxon ustida jonlanganini ko‘rasiz.
Farida bundan o‘n yil avval mana shu darvoza oldida qilgandek, hozir ham tilini tishla-
ri orasida qisib, uning pushti uchini chiqarib turib kula boshladi.
Komron paltosining cho‘ntagidan bitta quticha chiqardi, keyin kulib turib:
— Ataganim bor edi, Farida, bu ko‘p yaxshi bo‘ldi,— dedi. — Men ham bugun ichiga
rom solingan bir quti shokoladli konfet olgan edim, xilvat qilib o‘zim yemoqchi edim, na-
chora, modomiki, shunday xavfga uchradik, nima ham deyar edik...
Farida yosh boladek suyunib ketdi.