www.ziyouz.com kutubxonasi
225
— Tushungin axir, iloji bo‘lganda edi, men bunday tisarilib turmas edim. Nima qilay-
lik, qo‘limizdan hech narsa kelmaydi. Axir Farida boshqa odamning xotini, bechoraning
boshi bog‘liq. Ko‘rib turibman, sen ham juda baxtsizsan. Ilgarigiday sendan xafa emas-
man. Lekin, nima qilaylik, nochormiz...
* * * Faridaning ertaga ketishi hammaning qulog‘iga yetgan bo‘lsa ham, uydagilarning hech
bittasi bundan og‘iz ochmadi. Kechki ovqat chuqur jimlik ichida o‘tdi. Shu oqshom Azizbey
yana ham qarib ketganday ezgin ko‘rinardi. U Faridani yoniga o‘tqazib olib, tez-tez yelkalari-
ni silaydi, iyagidan ushlab yuzini o‘ziga o‘giradi, ko‘zlariga tikilib:
— Oh, Choliqushi! Qariganimda meni xarob qilding-da, — deyar edi.
Shu kecha hamma o‘z xonasiga barvaqt kirib ketdi.
VIII Vaqt yarim kechadan oshgan. Chorbog‘ dong qotib uxlamoqda. Mujgon xonasidan
chiqdi. Boshiga yupqa ro‘mol tashlab olgan, bir qo‘lida shamdon. Goh oyoqlarining uchini
bosib, goh to‘xtab, Komron yotgan xonaning eshigiga keldi. Ichkarida na sharpa va na
chiroq. Juvon eshikni sekin taqillatdi, keyin juda past tovush bilan shipshidi:
— Komron, uxlayapsanmi?
Eshik darhol ochildi. Komron yechinmagan edi. Sham yorug‘ida yuzi yana ham
so‘lg‘in, yana ham horg‘in ko‘rindi. Bu xira yorug‘ ko‘zlarini qamashtirayotganday, kiprik-
larini pirpirata boshladi.
— Hali ham yotganing yo‘qmi, Komron?
— Ko‘rib turibsan-ku.
— Nega chirog‘ingni o‘chirding?
— Shu kecha chiroq ko‘zlarimni achishtiryapti.
— Qorong‘ida nima qilyapsan?
Komron achchiqqina kuldi.
— Hech, umidsizlik, baxtsizlik zahrini yutib o‘tiribman. Xo‘sh, o‘zing nega bemahal
kelding? Nima ishing bor?
Mujgon hayajonini zo‘rg‘a bosib:
— Bitta g‘alati xabar olib keldim. Hovriqma, Komron, o‘zingni bos, aytib beraman, —
dedi.
Mujgon ichkariga kirdi, shamni stolga qo‘yib, eshikni sekin yopdi, keyin gapini nima-
dan boshlashini bilmayotganday bir oz ikkilanib turgach, yurak dukurini bosishga hara-
kat qilib, vazmin tovush bilan:
— Hovriqma, o‘zingni bos, Komron, — dedi. — Yomon xabar olib kelganim yo‘q, ak-
sincha, yaxshi xabar. Lekin hayajoning shunday balandki...
Juvon uni bosishga harakat qila turib, o‘zi hovriqar, ko‘zlariga yosh chiqib, ovozi titrar
edi.
— Komron, bir oz avval Farida mening hujramga kirdi. Rangida qon qolmapti, ahvoli
allaqanday. “Mujgon, men shu mahalgacha qalbimni faqat sengagina ochib kelganman,
— dedi. — Dunyoda sendan yaqinroq hech kimim yo‘q. Senga aytadigan yana bitta sirim
bor, buni ertaga men ketgunimcha saqlaysan, keyin aytishing mumkin. Bilaman,
qo‘qqisdan kelib qolganimni ko‘rib, hammanglar hayron bo‘ldinglar. Sizlarni shunchalik
sog‘indimki, ortiq chidayolmadim, deb aytdim, to‘g‘ri aytdim. Lekin asosiy sabab bunda
emas. Men bu yerga dunyoda eng yaxshi ko‘rgan kishim uch oy avval o‘lim to‘shagida
yotganda unga bergan va’damni bajarish uchun kelganman. Mujgon, sizlarga yolg‘on ay-