Preparat:Mushukning limfa tuguni. Gematoksilin va eozin bilan bo’yalgan (20rasm). Preparat limfa tugunining bo’yiga kesimidir. Uning qavariq tomoni tugunga limfa tomirlari
kiradigan yuzasiga to’g’ri keladi, botiq tomon darvoza, tugundan limfa tomirlari chiqadigan joy
bo’lib, xuddi shu joyda tugunga arteriyalar kiradi va venalar chiqadi. Tugunning darvozasi faqat
medial kesimlarda ko’rinadi, paramedial o’tgan kesimlarda darvoza ko’rinmaydi. Hatto oddiy
ko’z bilan tugun periferiyasi (po’stloq modda)ning to’qroq va markazining (mag’iz modda)
ochroq bo’yalishi ko’rinib turadi.
Limfa tugunining ayrim detallarini aniqlab olish uchun kuchli ob’yektivni qo’llagan holda
kichik ob’yektiv yordamida o’rganmoq va chizib olmoq lozim. Kesim periferiyasida yog’
to’qima bo’lakchalariga ega biriktiruvchi yumshoq to’qimadan iborat kapsula (1) ko’rinadi.
Kapsulada limfa olib keluvchi tomirlarning ko’ndalang yoki qiyshiq kesimlari (2) uchraydi.
Limfa olib ketuvchi tomirlar tugun darvozasida qiyshiq kesimlarga tushadi. Limfa tomirlari
teshigining nisbatan yirikligi, devorining yupqaligi va ichida eritrotsitlar yo’qligi bilan
xarakterlanadi, ba’zan limfa tomirlari kesimida klapanlar uchraydi. Kapsulaning ichki, biroz
zichroq qavatidan tugun ichiga to’siqlar yoki trabekulalar (3) o’sib kiradi; ba’zi joylarda ularning
kapsuladan ajralayotgani ko’rilsa, boshqa joylarda ularning bo’laklari kesimga tushadi. Po’stloq
moddasi tugunning asosini hosil qiluvchi retikulyar to’qimadagi limfotsitlarning yumaloq
shakldagi to’plamlari bo’lgan ikkilamchi limfa tugunchalaridan (4) iborat. Ko’pincha ikkilamchi
tugunchalar qo’shilib ketib noaniq shakldagi tuzilmalar hosil qiladi.
Ayrim ikkilamchi tugunchalarda reaktiv markazlar (5) (ko’payish markazlari) ko’rinadi.
Bular ikkilamchi tugunchalarning ochroq bo’yaluvchi qismlaridir; ba’zan ular kichik va bu holda
reaktiv markaz atrofida enli qoramtir jiyak ko’rinadi, ba’zan markazlar keng va ensiz qoramtir
tasmacha bilan o’ralgan. Ko’payish markazlarisiz tugunchalar ham uchraydi. Tugunchalarda
ko’payish markazlari bo’lmasligi ham mumkin, ammo ko’pincha bular periferiyasidan kesilgan
va shuning uchun ko’payish markazi tushmagan ikkilamchi tugunchalardir. Katta (kuchli)
ob’yektiv yordamida bunday markazlarda yirik limfotsitlar ko’pligi ko’rinadi va sitoplazmasida
turli zarrachalar bo’lgan fagotsitlar uchraydi. Po’stloq moddadan ajraluvchi mag’iz qism
ipchalari (6), to’rsimon ko’rinishga ega va mag’iz moddani hosil qiladi. Bu tuzilmalar asosan
to’rsimon to’qimada joylashgan kichik limfotsitlarning lentasimon to’plamlaridan iborat.
Limfotsitlarning to’plamlari oraliqlarida kam miqdorda limfotsitlarga ega va limfa sinuslari deb
ataluvchi joylar ko’rinadi. Tugun kapsulasi va ikkilamchi tugunlar orasida chekka sinuslar (7),
mag’iz qism ipchalari orasida oraliq sinuslar (8) ko’rinadi. Kuchli ob’yektivda sinuslarda
retikulyar sinsitiyko’rinadi.
Qon tomirlarining kesimlari (9) ko’proq mag’iz moddaning tugun darvozasiga yaqin joyida
uchraydi. Turli limfa tugunlari har xil funksional holatda ularning reaktiv o’zgarishlarini aks
ettiradigan juda xilma-xil ko’rinish kasb etishini hisobga olmoq lozim.
Mushukning limfa tugini. Kuchsiz ob’yektiv 20-rasm