10-bob. Ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 23-iyuldagi 924-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risida nizom”ning 10-bobi . 49-modda. Ovoz berish binolari hamda uchastka saylov komissiyalari binolari Ovoz berish binolari maxsus ajratilgan joylar bo‘lib, ularda yashirin ovoz berish uchun yetarli
miqdorda kabinalar yoki xonalar jihozlanishi, saylov byulletenlarini berish uchun joylar ajratilishi
hamda saylov qutilari o‘rnatilishi kerak. Saylov qutilari ovoz beruvchilar ularning yoniga albatta
yashirin ovoz berish kabinalari yoki xonalari orqali o‘tib keladigan qilib o‘rnatiladi. Ovoz berish
binosida boshqa hech qanday siyosiy tadbirlar o‘tkazilishiga ruxsat etilmaydi. Binolarni jihozlash va
ularda zarur tartibni saqlab turish mas’uliyati uchastka saylov komissiyasining zimmasida bo‘ladi.
Davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni
o‘tkazish uchun zarur binolar va jihozlarni saylov komissiyalari ixtiyoriga bepul berib turishi shart.
Lozim bo‘lgan darajada jihozlangan ovoz berish binolari saylov komissiyalariga saylovdan
kamida o‘n bir kun oldin taqdim etilishi kerak.
Tutash hududlarni obodonlashtirish, fuqarolar, ayniqsa jismoniy imkoniyati cheklangan
shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, saylov komissiyalarini texnik vositalar, mebel,
ashyolar, ofis texnika vositalari, transport bilan ta’minlash mahalliy davlat hokimiyati organlarining,
aloqa vositalari bilan ta’minlash esa O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va
kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining zimmasiga yuklatiladi.
Jamoat tartibini saqlash, saylov o‘tkaziladigan binolar va joylarni qo‘riqlash, shuningdek
saylov natijalariga doir hujjatlarni tashish chog‘ida uchastka saylov komissiyalari a’zolarini kuzatib
borish tegishli vakolatli organlarning zimmasiga yuklatiladi.
LexUZ sharhi Qarang: mazkur Kodeksning 50-moddasi .