65-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari rasmiy ravishda e’lon qilingan kundan e’tiboran kechi bilan
ikki oy ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisida qasamyod
qilgan paytdan e’tiboran o‘z lavozimiga kirishadi.
Amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z vakolatlarini yangi saylangan O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti lavozimga kirishguniga qadar bajaradi.
66-modda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga muddatidan ilgarigi saylov O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan
holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha Senat Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch
oy muddat ichida, ushbu Kodeksga to‘liq muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o‘tkaziladi.
13-bob. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovining o‘ziga xos xususiyatlari 67-modda. Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi Qonunchilik palatasi besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat bo‘ladi.
Qonunchilik palatasi deputatlari hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha
ko‘ppartiyaviylik asosida saylanadi.
68-modda. Deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish huquqi Siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan va o‘zining saylovda ishtirok
etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini to‘plagan taqdirdagina
deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi mumkin.
Belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari saylov kampaniyasi boshlanganligi
e’lon qilingandan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi.
Bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri)
siyosiy partiya qirq ming saylovchining ko‘pi bilan sakkiz foizi imzosini to‘plashi mumkin.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 11-sentabrdagi 933-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan imzolarni to‘plash va imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish tartibi to‘g‘risida nizom ”.