www.ziyouz.com kutubxonasi
32
USTOZGA HURMAT Ey, farzand!
Ustozga hurmat islom odoblaridandir. Ularga qo‘ldan kelganicha xizmat qilib, duolarini olish lozim.
Ustoz haqqi ota-ona haqqidan ham ko‘proq bo‘ladi. Chunki, ota-ona farzandning dunyoga
kelishiga sababchi bo‘lsa, ustoz esa oxirat binosining tiklanishiga asosiy sababchidir.
Ustozga nisbatan cheksiz hurmat bilan muomalada bo‘lib, amrini so‘rash kerak. Xizmati bo‘lsa
bajarish lozim. Ustozga nisbatan behad tavozuli, kamtarin munosabatda bo‘lish zarur. Ustoz bor
joyda, ustoz izn bermaguncha o‘tirilmaydi, turib ketayotganda ehtirom ila kuzatib qo‘yiladi.
Hech bir dunyo ishi ustozga xizmat qilishning, uning amrini bajarishning, ehtiyojini qondirishning
oldiga tusholmaydi. Ustoz yo‘qsil bo‘lib, faqirlanib qolsa, uning barcha ehtiyojlarini ta’min etish
shogirdlarning zimmasiga tushadi.
Ota-ona kabi ustozning ham xayrli duosini olish, badduosiga munosib bo‘lib qolmaslik kerak.
Ustozning xayrli duosini olgan odam yuksaladi. Duoi badga duchor bo‘lganlar hech qanday ishda
muvaffaqiyat qozonolmaydi, xoru zabun bo‘ladi. Xudo saqlasin!
BIRODARNING BIRODARGA MUNOSABATI Ey, farzand!
Aka ukani to‘g‘ri yo‘lga boshlashi, himoya qilib, qo‘llashi kerak. Unga bilmaganlarini o‘rgatishi,
shirin so‘z bilan nasihat qilishi zarur. Uni yaxshi ko‘rishga harakat qilishi lozim.
Uka ham akaga nisbatan hurmatda kamchilikka yo‘l qo‘ymasligi, akadan hech narsasini
qizg‘anmasligi, hasad qilmasligi kerak.
Din va oxirat yo‘lida aka-uka bo‘lgan birodarlar, qardoshlar bir-biriga nisbatan mehr-muhabbatda,
izzat-hurmatda qusur qilmasliklari lozim. Bir-biri bilan Alloh uchun diniy qarindosh, uxroviy birodar,
qiyomatli aka-uka, opa-singil bo‘lishi kerak. Ishi tushganda tezroq bitirishga harakat qilish lozim. Ota-
ona bir qarindoshdan ko‘ra, diniy qarindosh, uxroviy birodar, qiyomatli og‘a-inilik yaxshiroqdir,
xayrliroqdir, afzalroqdir. Bu haqda Payg‘ambarimizning (s.a.v.) hadisi shariflari bor.
«Bir kishi boshqa bilan oxirat birodari (qiyomatli do‘st, aka-uka) bo‘lib, buni boshqalarga bildirsa,
Alloh har ikki tarafdagi birodarlarga oxiratda shunday bir rutba ehson etadiki, u rutba hech bir ibodat
bilan qo‘lga kirmaydi».
Uzoq joyda yashaydigan diniy birodarini, qiyomatli do‘stini ko‘rmoq uchun ketayotgan kishi bilan
bog‘liq voqeani Payg‘ambarimiz (s.a.v.) marhamat etadilar:
«Bir kishi uzoq joydagi uxroviy qardoshi — qiyomatli do‘stini ziyorat etgani ketayotganida Alloh bir
farishtani unga duch qildi. Farishta unga:
— Yo‘l bo‘lsin! — dedi.
—
Falon qishloqda qiyomatli do‘stim bor. Uning hajga ketayotganini eshitib, ziyoratiga
boryapman, — dedi u kishi.
—
Senga undan bir manfaat bormi, bu qadar uzoq yo‘l azobini tortib ketyapsan? — dedi farishta.
—
Hech bir manfaat yo‘q, faqat Alloh rizosi uchun yaxshi ko‘raman va shu uchungina ketyapman,
— dedi kishi.
—
Ey, odam! Hech shubha qilmagaysan, sen qiyomatli do‘stingni qanchalik sevsang, Alloh ham
seni shunchalik sevadi! — dedi farishta va ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Bir ishni Alloh Rizosi uchun qilganni Alloh javobsiz tashlab qo‘ymaydi va muhaqqah o‘sha qulini
sevadi!