3. Ahamoniylar hukmronligi davrida O'rta Osiyo.
Mil. avv. VI asrning o'rtalariga kelib shafqatsiz kurashlar natijasida Midiya
podsholigi o'rnida Ahamoniylar davlati tashkil topadi. Ko'pchilik ilmiy – tarixiy
adabiyotlarda Kir II Ahamoniylar davlatining asoschisi sifatida e'tirof etiladi.
Ahamoniylarning Kir II, Kambiz, Doro I, Kserks kabi hukmdorlari qadimgi
Sharqdagi juda ko'plab mamlakatlar ustidan o'z hokimiyatini o'rnatishni
rejalashtirilganlar va shunday siyosat olib borganlar. Qadimgi dunyo mualliflari
Gerodot, Ksenofont, Ktesiy, Yustin kabilarning ma'lumotlaridan xulosa
chiqaradigan bo'lsak, Kir II mil.avv. 545-539 yillarda Sharqiy Eron va O'rta Osiyo
viloyatlarini bosib oladi. Doro I davrida (mil.avv. 522-486 yy. ) Ahamoniylar
sulolasi Hind vodiysidan O'rta Yer dengiziga qadar bo'lgan keng hududga o'z
hukmronligini o'rnatgan. Juda ko'p sonli davlatlar, viloyatlar, shaharlar va xalqlarni
birlashtirgan Ahamoniylar saltanati tarixda birinchi yirik dunyo davlati hisoblanadi.
Mil. avv. VI asrning o'rtalarida Kir II o'zining sodiq lashkarboshlaridan biri
bo'lgan Garpagga Kichik Osiyodagi shahar-davlatlarni bosib olishni buyuradi. O'zi
esa O'rta Osiyo hududidagi viloyatlarni (Baqtriya, Xorazm, So'g'diyona, Marg'iyona
va boshq.) bosib olishiga tayyorgarlik ko'ra boshlaydi. Gerodot Kir II ning
massagetlarga qarshi yurishi haqida so'zlar ekan, bu yurishlarning ko'pchiligi haqida
to'xtalmasdan, faqat forslarni tashvishga solgan yurishlar haqida eslatib o'tadi.
Tarixchining ma'lumot berishicha, Garpag Kichik Osiyo shaharlarini birin-ketin
bosib olguncha Kir II butun Osiyo xalqlarini bo'ysundiradi va shundan keyingina
Bobilga yurish boshlaydi.Tarixiy manbalarning ma'lumot berishicha, O'rta Osiyo
xalqlari ahmoniylar bosqiniga qarshi qattiq kurash olib borganlar. Xususan,
massaget qabilalari malika To'maris (Tomiris) boshchiligida forslarning turli hiyla-
nayranglar ishlatishiga qaramasdan ularning katta qo'shinini tor-mor etadilar.
Malika To'maris va massagetlarning harbiy mahorati tufayli bu jangda ahmoniylar
hukmdori Kir II ham halok bo'ladi. Gerodot xabar berishicha, “Bu jang varvarlar
(massagetlar) ishtirok etgan janglar orasida eng dahshatlisi edi... Kamon o'qlari
tugagach, qo'l jangi boshlanib nayza va qilich bilan kurashdilar. Qo'shinlar jangi
uzoq vaqt davom etdi. Nihoyat massagetlar g'alaba qozondilar”. Kir II
qo'shinlarining massagetlar tomonidan tor-mor etilishi mil. avv. 530 yilga to'g'ri
keladi. Tarixchi Polien forslarga qarshi kurashgan Shiroq qahramonligi haqidagi
afsona to'g'risida xabar beradi. Uning xabariga ko'ra, sak qabilalarining vakili
bo'lgan Shiroq ismli cho'pon hiyla yo'li bilan forslarning katta qo'shinlarini suvsiz
sahro ichkarisiga adashtirib qo'yadi. Shiroq ham, fors qo'shinlari ham ochlik va
tashnalikdan halok bo'ladilar.Mil. avv. 522 yilda ahamoniylar taxtiga Doro I o'tiradi.
U taxtga o'tirishi bilanoq Parfiya, Marg'iyona va “saklar o'lkasi”da forslarga qarshi
qo'zg'olonlar ko'tariladi. Behistun yozuvlariga qaraganda, 522 yilning oxirida
Marg'iyonada ko'tarilgan qo'zg'olonga Frada ismli kishi boshchilik qiladi. Doro I
Baqtriya satrapi Dadarshish boshchiligidagi qo'shinlarni qo'zg'olonchilarga qarshi
jo'natadi. Qo'zg'olon shavqatsizlarcha bostirilib 55 ming marg'iyonalik halok bo'ladi.
Frada ham qo'lga olinib qatl ettiriladi. “Saklar o'lkasi”dagi forslarga qarshi kurashga
Skunha boshchilik qiladi. 519-518 yillarda bo'lib o'tgan bu kurashda saklar forslar
tomonidan mag'lubiyatga uchraydi. Saklarning ko'pchiligi o'ldirilib, ko'pchiligi asir
olinadi. Ularning yo'lboshchisi Skunha asir olinib, o'rniga boshqa yo'lboshchi
tayinlanadi. Xullas, forslar O'rta Osiyodagi mahalliy aholining qahramonona
qarshiligini qiyinchilik bilan sindirganidan keyingina bu hududlarni batamom
o'zlariga bo'ysundirdilar.Ahamoniylar davrida davlat boshqaruvi shohlar shohi-
shahanshoh qo'lida bo'lgan. Hokimiyat ierarxiyasida shahanshohdan keyin boy fors
oilalarining boshliqlari turgan. Shahanshoh saroyida Kengash mavjud bo'lib uning
tarkibiga boy oila boshliqlari, saroy ayonlari, yuqori lavozimdagi amaldorlar va
noiblar kirgan. Davlat ahamiyatiga molik muhim bo'lgan barcha masalalar ushbu
kengashda ko'rib chiqilsada, hal qiluvchi qarorni shahanshoh qabul qilgan.Shohlar
shohidan keyingi shaxs xazarpat (mingboshi) deb atalgan. Xazarpat shahanshoh
gvardiyasining boshlig'i va davlat boshqaruvida shahanshohning bosh yordamchisi
hisoblangan. Ahamoniylar davlatining bosh ma'muriy markazi Suza shahri edi. Bu
yerda shahanshoh devonxonasi joylashgan bo'lib, barcha hujjatlar shu yerda
saqlangan. Shahanshoh devonxonasi boshlig'i dapirpat (mirzaboshi) deb atalgan.
Devonxonada bosh xazinachilar, hisobchilar, qozilar, mirzalar va boshqa amaldorlar
ishlaganlar.Mil.avv. VI asrlarning o'rtalarida tashkil topgan ulkan ahamoniylar
davlati tartibiga hozirgi Eron, Afg'oniston, O'rta Osiyoning katta qismi, Shimoliy
Hindiston, Yaqin Sharq, Kichik Osiyo, Misr kabi hududlar kirgan edi. Bu ulkan
davlat ma'muriy- qaram o'lkalar – satrapiyalarga bo'lingan edi. Ayrim
tadqiqotchilarning fikricha, bu an'ana Midiya davlatidan qabul qilingan, Doro I
davrida ma'muriy boshqaruvda islohotlar o'tkazidib, butun davlat 20 ta ma'muriy-
qaram satrapiyalarga bo'linadi. Ularni satraplar (shahanshoh noiblari) boshqargan.
Satrapiyalar ancha yirik bo'lib, ayrim hollada bir necha o'lka va viloyatlarni
birlashtirgan. Masalan, Parfiya, Girkaniya, Areya, Xorasmiya va So'g'diyona bitta
satrap tarkibiga kirgan. Satrapiyalarning chegaralari ayrim hollarda o'zgarib turgan.
E'tibor berish lozimki, ahamoniylar davlatida satrapiyalar etnik kelib chiqishiga
qarab emas, balki iqtisodiy salohiyatiga qarab tashkil etilgan. Satrapiyalar
shahanshohning noibi sifatida asosan forslardan tayinlangan. Satrapiyaning
ma'muriyati va boshqaruvi shahanshoh ma'muriyati va markaziy boshqaruv
apparatini qisqartirilgan holda takrorlagan. Ya'ni, satrapda ikkita yordamchi,
devonxona va mirzalar bo'lgan. Bir vaqtning o'zida satrap o'zi noiblik qilib turgan
hududda bosh qozi vazifasini ham bajargan. Ayrim hollarni istisno qilganda satrap
harbiy boshliqlik vazifasini bajarmagan. Misol uchun, Doro I barcha satraplarning
harbiy vazifalarini bekor qilgan va ularga faqat o'ziga bo'ysinuvchi harbiy
boshliqlarni jo'natgan. Satraplarning faoliyati markazdan qattiq nazorat ostiga
olingan. Hattoki, shahanshoh huzuridagi amaldorlar tez-tez kelib satraplar
faoliyatini tekshirib turganlar. Ahmoniylar davlatida muntazam qo'shin mavjud
bo'lib, uning asosini tarkibida o'n ming jangchi bo'lgan «abadiy o'lmas» polk tashkil
etgan. Qo'shinlarning bosh qo'mondoni shahanshoh edi. Harbiy tuzilmada keyingi
o'rinda «xazarpat»-mingboshi turgan. Ahamoniylar qo'shinlari quyidagi qismlardan
iborat bo'lgan: 1. – «abadiy o'lmas» polk; 2-piyoda qo'shinlar; 3-otliq qo'shinlar
(suvoriylar); 4-satraplar qo'shinlari; 5-yunon yollanmalari; 6-ko'ngilli qo'shin.
Qo'shinning qismlari 10,100,1000, 10000 kishilik harbiylardan iborat bo'lib, har bir
qismning tayinlab qo'yilgan boshlig'i bo'lgan. Butun davlat hududi 4 ta harbiy
okruga bo'lingan. Har bir okrugning harbiy boshlig'i bo'lib, u bevosita shahanshohga
bo'ysungan. Bo'ysunlirilgan o'lkalar va chegara tumanlarida harbiy garnizonlar
joylashtirilgan. Harbiy boshliqlarning deyarli barchasi forslardan tayilangan.
Gerodot ma'lumotlariga ko'ra, ulkan Ahamoniylar saltanati alohida viloyatlar
(o'lkalar) – satrapiyalarga bo'lingan bo'lib, ularning soni 20 ta edi. Har bir satrapiya
har yili ma'lum miqdorda soliq to'lab turishi shart edi. Soliqlarning miqdori ko'p
hollarda kumush talant (talant-pul birligi, bir talant 30 kg kumushga teng bo'lgan)
bilan belgilangan. Soliqlar kelib tushishini tizimga solish uchun Doro I yagona pul
tartibini joriy etadi. Bu tartibining asosini og'irligi 8,4 g keladigan oltin darik tashkil
etardi. Oltin darikni bir donasini og'irligi 5,6 g bo'lgan 20 ta kumush tangaga
almashtirish mumkin bo'lgan. Oltin darik faqat podsho tomonidan, kumush tangalar
esa ayrim viloyatlar hukmdorlari tomonidan zarb etilgan. Qaram o'lkalar pul
solig'idan tashqari mahsulot bilan ham soliqlar to'laganlar. Ushbu soliqlar hisobidan
Persepolda, Suzada va Ekbatanda fors podsholarining hashamatli saroylari qad
ko'targan. Misol uchun, Suzadagi saroyni qurish haqida Doro I yozuvlarida shunday
xabar beriladi: «Bu yerda ishlatilgan oltin Lidiya va Baqtriyadan keltirilgan. Ko'k
tosh «kapa-utaka» (lojuvard) va «sinkabrush» (yarim qimmatbaho tosh-serdolik)
So'g'ddan keltirilgan. «Axshayna» toshi (feruza) Xorazmdan keltirilgan».
Shuningdek, Gerodot Ahamoniylar davridagi yana bir soliq turi – sun'iy ko'llardan
dalalar uchun olinadigan suv puli haqida ham ma'lumot beradi. Tarixchining
ta'kidlashicha, ko'llarning to'g'onini ochgani uchun fors podshosi «odatdagi soliqdan
tashqari katta pul oladi». Ahamoniylar davlatida majburiy harbiy xizmat ham muhim
ahamiyatga ega edi. Elefantin orolidagi (Misrning janubiy chegaralari yaqinida)
garnizon arividan ma'lumki, bu yerda mil.avv. V asr oxirida xorazmlik jangchi
Dargamon xizmat qilgan. Sak jangchilari haykalchalarining topilishi Misrdagi yirik
harbiy bazalardan biri bo'lgan forslarning Memfis garnizoni tarkibida sak otliqlari
ham bo'lganligidan guvohlik beradi. Yunonlarga qarshi chiqqan Kserks qo'shinlari
tarkibini sanab o'tar ekan Gerodot, baqtriylar, sak-amorglar, parfiyonlar,
xorazmiylar, so'g'diylar va saklarni ham tilga oladi. O'rta Osiyoning o'troq
vohalaridagi sug'orish tartibida mil.avv. VI-IV asrlarda sezilarli o'zgarishlar bo'lib
o'tgan. Bu davrda ko'p joylardagi to'planib qolgan suvlardan foydalaniladigan
mavsumiy tabiiy sug'orish o'rnini keng hududlarni sug'orish imkoniyatini beruvchi
yirik magistral kanallar tartibi egallaydi. Bunday o'zgarishlar natijasida nisbatan
kengroq hududlarni o'zlashtirish imkoniyatlari paydo bo'ladi. O'rta Osiyoning
deyarli barcha tarixiy-madaniy viloyatlarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar
natijasida o'troq aholi tomonidan yangi yerlarning o'zlashtirilganligi kuzatiladi.
Shimoliy Baqtriya hududlarida bu davrda Surxon va Kobadiyon vohalari keng
miqyosda o'zlashtirilib, o'ng qirg'oq Amudaryo irmoqlaridan magistral kanallar
o'tkaziladi. Vaxsh vohasida Bolday kanali qazilib, uning atroflarida mil.avv. V-IV
asrlarga oid manzilgoh aniqlangan. Xorazm hududlarida, chap qirg'oq
Amudaryodagi Sariqamish havzasida joylashgan Ko'zaliqir yaqinida Ahamoniylar
davriga oid yirik dehqonchilik vohasi aniqlangan. Bu yerdan o'sha davrga oid bir
nechta kanallar aniqlangan. Mil.avv. VI-IV asrlar sug'orish inshootlari
takomillashuvi bilan birga O'rta Osiyo qishloq xo'jaligida dehqonchilik
taraqqiyotiga sezilarli turtki bergan temir buyumlardan foydalanish ham keng
tarqaladi. Shimoliy Baqtriyadagi Qizilcha 6, Xorazmdagi Ding'ilja va Ko'zaliqir,
So'g'diyonadagi Afrosiyob va Daratepa hamda boshqalardan topilgan temir
buyumlar shu jarayondan dalolat beradi. Bu davrda O'rta Osiyo o'troq tarixiy-
madaniy viloyatlari xo'jaligi doirasida chorvachilik ham taraqqiy etadi. Xo'jalikning
bu turi katta va kichik daryolar havzalari hududlarida, tog' va tog' oldilarida, dasht
chegara hududlarida ayniqsa jadallik bilan rivojlanadi. Qadimgi Xorazmdagi
Ko'zaliqirdan mil.avv. VI-IV asrlarga oid hayvonlar suyaklarining topib tadqiq
etilishi bu yerda xo'jalikning asosini chorvachilik, avvalo, yirik tuyoqli hayvonlar
tashkil etganligidan dalolat beradi. Persepol tasvirlarida ham ko'pgina O'rta Osiyo
halqlari
fors
podsholariga
soliq
sifatida
turli
hayvonlarni
yetaklab
kelayotganligining tasvirlanishi ham tasodifiy hol emas. Mil.avv. VI-IV asrlar O'rta
Osiyo
viloyatlarida
hunarmandchilik
ishlab
chiqarish,
xususan,
sopol
hunarmandchiligi yuqori darajada rivojlanadi. Kulolchilik charxida tayyorlanib
maxsus xumdonlarda pishirilgan sopol idishlar ko'pchilik O'rta Osiyo viloyatlariga
xos shakllarga ega edi. Bu o'rinda silindrsimon va silindr konussimon idishlarning
keng tarqalganligini ta'kidlash joizdir. Bunday ko'rinishdagi idishlar Baqtriyadagi
Balx, Kobadiyon, Boldaytepa, Talashkan, Qiziltepa, So'g'diyonadigi Afrosiyob,
Xo'ja Bo'ston, Uzunqir, Sarmish, Xorazmdagi Ko'zaliqir, Qal'aliqir, Ding'ilja,
Marg'iyodagi Yozdepa va Govurqal'alardan topib o'rganilgan. Metallarni badiiy
jihatdan qayta ishlash uslublari yuqori darajada bo'lganligi haqida Amudaryo
xazinasi buyumlari hamda “yovvoyi skif uslubi”ga oid yodgorliklar qimmatli
ma'lumotlar beradi. Kam sonli bo'lsa-da, hunarmandchilikning boshqa turlari –
to'qimachilik, toshga ishlov berish, suyakni qayta ishlashga oid bo'lgan topilmalar
topib o'rganilgan. O'troq dehqonchilik va ko'chmanchi chorvador turmush tarzining
yonma-yon yoki birgalikda kechishi bilan bog'liq mil.avv. I ming yillik O'rta Osiyo
uchun xos bo'lgan mehnat taqsimoti – savdo-sotiqning rivojlanishiga olib kelgan
hamda mahsulot xususiyatiga ega bo'lgan hunarmandchilik ishlab chiqarishning
rivojlanishiga turtki bo'ldi. Ko'pgina davlatlarning ulkan Ahamoniylar saltanati
tarkibiga kirishi, avvalo, tashqi savdoning taraqqiyotiga ta'sir ko'rsatdi. Ammo,
Ahamoniylar davri O'rta Osiyoga keltirilgan yoki bu hududlardan olib chiqilgan
mahsulotlar haqida juda kam ma'lumotlar saqlangan. Shunga qaramasdan, Kichik
Osiyodagi Efes shahridan Baqtriyaga, undan Hindistonga ketuvchi yo'l haqidagi
ma'lumotlar O'rta Osiyoning Ahamoniylar davlatining g'arbiy viloyatlari bilan savdo
aloqalari olib borganligi tasdiqlaydi. So'g'diyonadan va ayniqsa Baqtriyadan
topilgan tangalarga qarab xulosa chiqaradigan bo'lsak, mil.avv. VI-IV asrlar O'rta
Osiyoga nafaqat markaziy ahamoniylar hokimiyati hukmdorlari zarb etgan tangalar
balki, Kichik Osiyo va yunon tangalari ham muomalada bo'lgan. O'tgan asrning 30-
yillarida Ahamoniylar davri madaniy qatlamlari faqat Janubiy Tojikiston
hududlaridagina ma'lum edi. Ikkinchi jahon urushidan so'ng mil.avv. VI-IV asrlarga
oid yodgorliklar ko'pgina hududlarda aniqlanib, tadqiqotlar ko'lami kengaydi.
Hozirgi kunda bu davrga oid manzilgohlar nafaqat Janubiy Turkmaniston, balki
Shimoliy va Janubiy Baqtriyadan, So'g'diyonadan, Parfiya va Marg'iyonadan,
Xorazmdan, Choch va Farg'onadan topib o'rganilgan bo'lsa, Farg'onadan, Oloydan,
Sharqiy Pomirdan hamda Orolbo'yidan ko'mish marosimiga oid yodgorliklar topib
tekshirilgan. Xorazm ekspeditsiyasining say'i-harakatlari tufayli qadimgi Xorazm
hududlarida ham Ahamoniylar davri yodgorliklari aniqlangan. Ulardan biri –
satrapning qurib bitkazilmagan saroyi Qal'aliqir I hisoblanadi. Yana bir bu davrga
oid ko'hna shahar Amudaryoning o'ng qirg'og'ida joylashgan Ko'zaliqir bo'lib, u
tabiiy tepalik ustida joylashgan. Uning maksimal uzunligi 1000 metr, eni esa 500
metrdan ziyodroqdir. Qazishmalar natijalariga ko'ra, ko'hna shahar ikki qator devor
bilan o'rab olinib, tashqi devor minoralar bilan mustahkamlangan. Ichki devor esa
turli qurilishlarga tutashib turgan. So'g'diyonaning yirik madaniy markazi va
poytaxti bo'lgan Afrosiyob ko'hna shahri bu davrda ayniqsa gullab-yashnadi. Bu
davrga kelib umumiy maydoni 219 gektar bo'lgan Afrosiyob markaziy va yirik
shahar sifatida ancha rivojlanib, bu yerda shahar hayotining rivojlanishi So'g'diyona
va butun O'rta Osiyodagi siyosiy va iqtisodiy hayotning yuksalishi hamda inqirozi
bilan muvofiq tarzda kechgan. Ahamoniylar daridagi Samarqand So'g'di xo'jalik
hayoti va madaniy taraqqiyoti haqida Lolazor, Laylaqo'ytepa, Ko'ktepa,
To'rtko'ltepa kabi yodgorliklardan topilgan topilmalar ham qimmatli ma'lumotlar
beradi. Bu topilmalarga qarab (jangovar va mehnat qurollari, uy-ro'zg'or buyumlari,
taqinchoqlar, qurilish uslubi va hokazo) Samarqand va uning atroflaridagi
hududlarda mil.avv. I ming yillikning o'rtalarida yashagan aholi xo'jalikning
dehqonchilik, chorvachilik, uy hunarmandchiligi va ixtisoslashgan hunarmandchilik
turlarini anchagina rivojlantirganlar degan xulosa chiqarish mumkin. Buxoro
vohasidagi Xo'ja Bo'ston, Konimex, Qumrabod, Arabon, Chordara, Quzmontepa
kabi o'nlab ko'hna shahar va manzilgohlar Ahamoniylar davriga oiddir.
Tadqiqotchilarning fikrlariga qaraganda, ular yirik etno-madaniy viloyatning uncha
katta bo'lmagan tumanlari bo'lib, bu hududlarda mil.avv. VI-IV asrlarda umumiy
ko'rinishi bir xil bo'lgan dehqonchilik madaniyati shakllanadi. Topilgan
topilmalarning nihoyatda o'xshashligi shundan dalolat beradi. Keyingi yillarda
Buxoro shahri va uning atroflarida ko'pgina arxeologik tadqiqotlar olib borildi. Bu
tadqiqotlar natijalariga qaraganda, mil.avv. I ming yillikning o'rtalarida
Zarafshonning yirik bir irmog'i Buxoro shahari hududlaridan oqib o'tib, uning o'ng
va chap qirg'oqida shaharga asos solinadi. Yana shu narsa ham aniqlandiki, bu
davrda ark hududi paxsa devor bilan o'rab olinadi. Buxoro atroflaridan esa bu davrga
oid qal'alar va qo'rg'onlar ham ochilganki, ular atrof qishloqlarni tashkil etgan.
Tadqiqotlardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, Buxoro – vohadagi urbanistik
jarayonlarning markazi bo'libgina qolmasdan, geografik nuqtai nazardan ham
vohaning markazida joylashib, viloyat markazi vasifasini bajargan. Qashqadaryo
vohasi mil.avv. VI-IV asrlar yodgorliklari So'g'diyonaning boshqa hududlariga
nisbatan yaxshiroq o'rganilgan. Vohadagi ko'hna shaharlardan biri Yerqo'rg'on
mil.avv. VIII-VII asrlarda shakllanadi va Ahamoniylar davriga kelganda hududlari
ancha kengayib, to'rtburchak shaklda devorlar bilan o'rab olinadi. Undan tashqari bu
davrga kelib ko'hna shahar atrofida alohida qishloq manzilgohlari paydo bo'ladi. Bu
davrda dehqonchilik vohalari atroflarining o'zlashtirilishi shaharlar bilan bog'liq
bo'lib, o'zlashtirilgan hududlar shaharlarga vositachi yoki tayanch vazifani bajargan.
Bunday kichik qishloqlarning bir qismi shahar aholisining shahar tashqarisidagi
yerlari bo'lgan bo'lishi ham mumkin. Mil.avv. VI-V asrlar voha va shahar yagona
jamoadan iborat bo'lib yaxlit So'g'd o'lka – satrapiyasi tashkil etgan bo'lishi mumkin.
Mil.avv. VII-VI asrlarda Baqtriya hududlarida himoya devorlari bilan o'rab olingan
shaharlar shakllana boshlaydi. Oltindiryor (Aorn), Baqtra, Qiziltepa kabilar bu
hududlardagi yirik shaharlar edi. Ahamoniylar davri Shimoliy Baqtriya haqida
to'g'ridan to'g'ri yozma manbalarda ma'lumotlar berilmasa ham arxeologik
tadqiqotlar bu masalaga ko'pgina aniqliklar kiritadi. Tadqiqotchilarning fikricha,
Baqtriya Kir II ning mil.avv. 539-530 yoki 547-539 yillardagi yurishlaridan so'ng
Ahamoniylar davlatiga bo'ysundiriladi. Bu jarayon Ahamoniylarning Baqtriyadan
So'g'diyonaga o'tuvchi barcha yo'llarni qat'iy nazorat ostiga olganlaridan dalolat
beradi. Bu davrga kelib aholi punktlarining turli shakllari: o'troq dehqonchilik
zodagonlarining mustahkamlangan qo'rg'onlari (Qizilcha), yirik manzilgohlar
(Bandixon II), murakkab mudofaa-rejaviy tuzilishga ega qo'rg'onli shaharlar
(Qiziltepa) paydo bo'ladi. Mil.avv. VI-IV asrlarga oid yodgorliklar Farg'ona
vodiysidan nisbatan ko'proq aniqlagan bo'lib, ular manzilgohlar va mozor-
qo'rg'onlardan iborat. Ular orasida nisbatan yaxshi o'rganilganlari Eylaton ko'hna
shahri, Oqtom, Kungay va Niyozbotir hisoblanadi. Eylaton ko'hna shahri xarobalari
Andijon viloyati, Izboskan tumanidagi Iloton qishlog'i yonida joylashgan. Mahalliy
aholi orasida bu ko'hna shahar Shahri Xayber nomi bilan mashhurdir. Mil.avv. VI-
IV asrlarga oid bu ko'hna shahar nisbatan yaxshiroq o'rganilgan bo'lib, Eylaton
madaniyati yodgorliklri vodiyning deyarli barcha hududlaridan aniqlangan. Eylaton
ko'hna shahri ikki qismdan iborat. Ichki qism devorlar bilan o'ralgan, 20 gektardan
iborat, lekin istehkomi yo'q. Tashqi qism, 200 gektardan iborat bo'lib bu hududda
qurilishlar qurilmagan. Bu qism ham uyum-devorlar bilan o'rab olingan.
Qazishmalar natijasida doimiy turar-joylar, xo'jalik xonalari, sopol idishlar, mehnat
va jangovar qurollar, taqinchoqlar topib o'rganilgan. Mil.avv. VI-IV asrlar O'rta
Osiyo san'ati haqida hozirgi kunda «Amudaryo xazinasi» (yoki «Oks xazinasi»)dagi
ayrim buyumlar, Taxtisangin ko'hna shahri (Oks ibodatxonasi) ba'zi topilmalari,
Pomir va Orolbo'yi saklari mozor-qo'rg'onlaridagi bronza buyumlar hamda Farg'ona
sopollaridagi o'ziga xos naqshlarga qarab fikr yuritishimiz mumkin. 1877 yilda
Tojikistonning Qobadiyon bekligidagi aholi kanal qazish paytida tilla va kumush
buyumlardan iborat xazina topib oladi. Ushbu xazina dastlab buxorolik
savdogarlarga, keyin Hindistonga, so'ngra esa Londondagi Britan muzeyiga borib
tushadi. Tadqiqotchilarning fikricha, Angliyadagi ushbu xazinaning asosiy qismini
haqiqatan ham Shimoliy Baqtriyadan topilgan topilmalar tashkil etadi. Undan
tashqari, I. R. Pichikyan tadqiqotlariga ko'ra, «Amudaryo xazinasi» Panj
daryosining Vaxsh daryosiga qo'yilish joyida joylashgan Taxtisangin ko'hna
shahridagi Oks ibodatxonasi (mil.avv. IV asr) xazinasining bir qismidir. «Amudaryo
xazinasi» buyumlari orasida Ahamoniylargacha bo'lgan davr G'arbiy Eron ustalari
mahsuloti bo'lgan buyumlar, Ahamoniylar podsholari va satraplariga tegishli
buyumlar va tangalar, Aleksandr Makedonskiy yurishlariga qadar Kichik Osiyoda
tayyorlangan buyumlar bor. Shu bilan birga tadqiqotchilar aynan mahalliy Baqtriya
va skif-sibir qabilalari ustalarining asarlari ham borligini e'tirof etadilar. Baqtriya
san'atini izohlash uchun oltin plastinkalarga o'yib naqsh solingan tasvirlar ayniqsa
qiziqarlidir. Xuddi shunday plastinkalar «Amudaryo xazinasi»dan 50 dan ziyod,
Taxtisangindan esa 3 ta topilgan. Ularda kohinlar, harbiylar, savat ko'taragn
sovg'achilar, gullar va qurollar shuningdek, ot va tuyalar tasviri tushirilgan.
Plastinkalardagi tasvirlar turlicha. Tajribali ustalar tomonidan yuqori sifatda
tayyorlangan plastinkalar bilan bir qatorda tasvirlar yomon tushirilgan va past sifatli
asarlar ham uchraydi. Xullas, mil.avv. VI-IV asrlar O'rta Osiyo viloyatlarida
ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot rivojlanadi. Bu davrda Baqtriya yirik davlat
bo'lib, fors podsholarining Sharqdagi yirik markazlaridan biri edi. So'nggi yillarda
O'rta Osiyoning janubida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida Qadimgi
Baqtriya hududidan o'ttizdan ziyod Ahamoniylar davriga oid yodgorliklar ochilgan.
Ularning har birida o'zlashtirilgan maydonlar va sug'orish tartibidan tashqari turar
joylar va xo'jalik, mehnat va harbiy qurollar, kulolchilik buyumlarining qoldiqlari
mavjuddir. Bu davr Baqtriya aholisining asosiy mashg'uloti dehqonchilik edi.
Qalaimir, Kuchuktepa, Qizilcha, Bandixon kabi o'nlab yodgorliklardan
dehqonchilik bilan bog'liq mehnat qurollari – o'roqlar, ketmonlar, yorg'uchoq va
dehqonchilik mahsulotlari qoldiqlarining topilishi dehqonchilikdan dalolat berib,
dehqonchilik sun'iy sug'orishga asoslanganligini ko'rsatsa, me'morchilik madaniyati
shaharsozlikning yuqori darajasini ifoda etadi. O'rta Osiyo halqlari Ahamoniylar
madaniyat yodgorliklari bunyod etilishida katta hissa qo'shdilar. Bu davrda O'rta
Osiyo halqlari ilk marta zarb qilingan tanga pullar bilan tanishdilar va muomala
qildilar. O'rta Osiyo hududidan Ahamoniylar pul tartibiga oid oltin dariklar va
boshqa tangalar topilgan. Ahamoniylar davrida ko'pgina sharq halqlarining siyosiy
birligi – butun jahon tarixida, iqtisodiy va madaniy rivojlanishida muhim davr bo'lib
qoldi. Bu o'rinda O'rta Osiyo hududidagi xalqlar va qabilalarning ham hissasi
nihoyatda katta bo'ldi.
Dostları ilə paylaş: |