118-bob. Mayyitning o’limini do’stlari va qarindoshlariga bildirish joizligi va jarchilarni yuborib, o’lim xabarini yetkazish karohiyati 405/1. Huzayfa (r.a.): «Agar vafot etsam, o’limim xabarini jarchilar orqali ayttirib, men
tufayli biror kishiga ozor bermanglar. Chunki men Rasulullohning jarchilar orqali o’lim
xabari berilishidan qaytarganlarini eshitganman», dedilar. Termiziy va Ibn Mojalar
rivoyati.
406/2. Abdulloh ibn Mas’uddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam: «O’lim xabarini jarchilar vositasida aytishdan saqlaninglar. Chunki u johiliyat
amallaridandir», dedilar. Termiziy rivoyatlari
407/3. Imom Buxoriy va Imom Muslimning «Sahih»larida aytiladi: «Rasululloh sollallohu
alayhi vasallam Najoshiy o’limi xabarini sahobalarga xabar qildilar».
Buxoriy va Muslimning boshqa rivoyatlarida: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam
kechasi hech kimga bildirmasdan ko’milgan mayyit haqida eshitib: «Nega menga
aytmadinglar!» dedilar», deyiladi.
Ba’zi ulamolar mana shu ikkita hadisni mayyitning o’limi xabarini do’stlariga, qarindosh-
urug’lariga yetkazish joiz ekaniga dalil qilishgan. Man’ qilingan o’lim xabari esa, johiliyat
davridagidek bir ulug’ kishi vafot etsa, qabilalarga otliqlar yuborib, falonchi o’ldi, uning
o’limi bilan butun arablar o’ldi, deb jar solish kabilardir, deyishgan.
119-bob. Mayyitni yuvayotganda va kafanlayotganda aytiladigan zikrlar Bu amallarni bajarayotganda, Allohni zikr qilib, mayyitni duo qilib turish mustahabdir.
Agar g’assol mayyitni yuvayotganida, uning yuzida nur yoki xush bo’y sezsa, uni
odamlarga aytishi yaxshi amallardandir. Ammo buning aksini ko’rsa, odamlarga aytishi
haromdir.
408/1. Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«O’liklaringizni yaxshiliklarini zikr qilinglar, yomonliklaridan tiyilinglar» deb aytdilar. Abu
Dovud va Termiziylar rivoyati. Termiziy buni zaif dedilar.
409/2. Abu Rofe’dan rivoyat qilinadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim bir mayyitni yuvib, uning ayblarini bekitsa,
Alloh taolo uni qirq marta mag’firat qiladi», dedilar. Bayhaqiy rivoyatlari